Prezident maslahatchisi o‘rinbosari Galina Saidova Toshkent xalqaro investitsiya forumidagi nutqi davomida O‘zbekistonning savdoni liberallashtirishdagi yutuqlariga to‘xtalib o‘tdi. Shunga qaramasdan, u ish o‘rinlarini yaratish, tashqi savdodagi defitsit, logistika va integratsiya bilan bog‘liq to‘rtta xavfni aytib o‘tdi. «Agar biz yetarli darajada oddiy bo‘lmagan mazkur to‘rtta muammoni hal qila olsak, tashqi savdo faoliyatini liberallashtirishning keyingi bosqichi haqida gapirishimiz mumkin», — dedi u.
Davlat soliq qo‘mitasi fevral oyida xarid chekini ro‘yxatdan o‘tkazgan 183 mingdan ortiq iste’molchiga 18,4 mlrd so‘m keshbek to‘lab berilganini ma’lum qildi.
O‘zbekiston Mudofaa vazirligi harbiylari Abdurasul Tuyg‘unov va Abdumalik Abdurahmonov AQShning Missisipi shtatida bo‘lib o‘tgan «Eng ilg‘or jangchi-2022» musobaqasida g‘olib bo‘ldi. Ular AQSh Milliy gvardiyasining Maxsus bo‘linmalari harbiy xizmatchilari bilan fitnes test, 15 kg yuk bilan 20 kmga marsh yugurish, artilleriya olovini boshqarish, o‘qotar qurollarni yoyish va yig‘ish, o‘q otish hamda kutilmagan mashqlar doirasida o‘zaro kuch sinashdi.
Hukumat qaroriga ko‘ra, qimmatbaho metallarni qazib olish uchun ruxsatnomalar Davlat geologiya qo‘mitasi tomonidan faqat O‘zbekiston rezidentlariga 3 yilga beriladi. Bunda 5 gektargacha bo‘lgan yer qa’ri uchastkasi har gektariga boshlang‘ich 9,4 mln so‘m narxida auksionga qo‘yiladi. Ruxsatnoma olganlar ish boshlashdan oldin hokimiyat, Ekologiya, hamda Sanoat xavfsizligi qo‘mitalarini xabardor qilishi lozim.
IIV Yo‘l harakati xavfsizligi xizmati Toshkentda kuzatilayotgan kuchli shamol sababli haydovchilardan avtomobillarini daraxtlar tagida qoldirmaslikni so‘ramoqda. O‘zgidromet ma’lumotlariga ko‘ra, shamol tezligi 18−23 m/s gacha kuchayishi mumkin.
Toshkentning ikkita tumanida xarid cheki berilmaganligi uchun do‘konning QR-kodini skaner qilib, «Soliq» mobil ilovasi orqali murojaat yo‘llagan xaridorlar tadbirkorlar tomonidan «samosud» qilindi. Toshkent shahar IIBB huquqbuzarlarga nisbatan ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirilganini ma’lum qildi.
Prezident qarori bilan 2022−2023 yillarda sinov tariqasida tuproq unumdorligi va paxta hosildorligini oshirgan, sug‘orishning yangi texnologiyalarini joriy etgan fermer va klasterlarga har bir gektar yer uchun 1 mln so‘mdan subsidiya ajratiladi. Qolaversa, tuproq unumdorligini oshirganlik va eroziyadan muhofaza qilganlik uchun soliq imtiyozlari ham beriladi.
Farg‘ona viloyatida tumanlar yerlari hisobidan shaharlar hududini kengaytirishga oid qaror loyihasi jamoatchilik muhokamasi uchun e’lon qilindi. Unga ko‘ra, Farg‘ona, Qo‘shtepa, Toshloq, Dang‘ara, O‘zbekiston, Uchko‘prik, Farg‘ona tumanlaridan qishloq xo‘jaligi yer maydonlaridan bir qismini Marg‘ilon, Qo‘qon va Farg‘ona shahri tarkibiga o‘tkazish taklif etilmoqda.
Ohangaronda itlar ommaviy tutilayotgani va o‘ldirilayotgani haqida xabarlar tarqaldi. Tasdiqlanmagan ma’lumotlarga ko‘ra, bu ayol kishi it tishlashi oqibatida vafot etganidan keyin sodir bo‘lmoqda. «Hayot» boshpanasi itlarni o‘ziga olib ketmoqda. IIV vaziyatni o‘rganayotganini ma’lum qildi.
Shokoladli keks, keks-chizkeyk, smetanadan tayyorlangan «Zebra» keksi, turshak va apelsinli keks — Zira.uz kekslar retseptlari ro‘yxatini taqdim etadi.
Xorazm viloyati Hazorasp tumani hokimining o‘rinbosari fuqaroga yer ajratib berish hamda noqonuniy qurilgan binoni buzdirmaslik evaziga 12 ming dollar pora olayotganda qo‘lga tushgani aytilmoqda. Unga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.
O‘zbekistonga ko‘chib o‘tmoqchi bo‘lgan IT-kompaniyalar uchun yaratilgan sharoitlar, sotuvga qo‘yilgan MOBIUZ va Tashkent City, 1 apreldan to‘liq ishga tushadigan Samarqand aeroporti, tugayotgan yomg‘ir mavsumi, Toshkent va Olmaota o‘rtasida yo‘lga qo‘yilgan poyezd qatnovi, 2030 yilgacha vazirlik va idoralar xizmat mashinalarini elektromobilga almashtirish taklifi va boshqalar — «Gazeta.uz» ning 24 martdagi eng muhim xabarlari dayjestida.
Futbol bo‘yicha O‘zbekiston terma jamoasi «Navruz Cup-2022» xalqaro o‘rtoqlik turniri yarim final bahsida Qirg‘iziston jamoasini 3:1 hisobida mag‘lub etdi. Gollarga Eldor Shomurodov va dubl bilan Igor Sergeyev mualliflik qildi. Final o‘yini Ugandaga qarshi bo‘lib o‘tadi.
Rossiya Mudofaa vazirligi Ukrainadagi «maxsus operatsiya» davomida 1351 nafar harbiy xizmatchisi halok bo‘lganligini, 3825 nafari esa yaralanganini ma’lum qildi. Vazirlik harbiy operatsiyaning birinchi bosqichi asosiy vazifalari amalga oshirilganini aytdi. Ukraina va NATO Rossiya qo‘shinlarining yo‘qotishlari bundan bir necha barobar ko‘p bo‘lganligini aytmoqda.
Prezident qaroriga muvofiq, Mahalla va nuroniylarni qo‘llab-quvvatlash vazirligi keksalar bilan yanada faol hamkorlik qiladi. Bunda «tarbiyasi og‘ir» yoshlar bilan muloqotda bo‘lganlarga «Bir nuroniy o‘n yoshga mas’ul» tamoyiliga muvofiq moddiy yordam ko‘rsatiladi.
Prezident qarori bilan banklarning Uzcard va Toshkent fond birjasidagi ulushlari Davlat aktivlarini boshqarish agentligiga o‘tkazilmoqda.
Jamoatchilik muhokamasiga qo‘yilgan prezident qarori loyihasiga ko‘ra, elektromobilda taksichilik faoliyati bilan shug‘ullanganlarni 2040 yilgacha litsenziya to‘lovlari va yig‘imlaridan ozod qilish taklif etilmoqda. Bundan tashqari, elektromobil haydovchilari munitsipal avtoturargohlardan bepul foydalanishi mumkin. Avtoturargohlarga elektomobillarni tezkor quvvatlantiruvchi stansiyalar o‘rnatish taklifi ham bildirilmoqda.
Uzbekistan Airports rahbari Ra’no Jo‘rayevaning xabar berishicha, Samarqandning yangi aeroporti 1-apreldan to‘liq quvvat bilan ishlay boshlaydi va xalqaro reyslarga xizmat ko‘rsatadi. Hozirda aeroport majmuasini foydalanishga topshirish ishlari yakunlanmoqda.
Energetika vazirligi huzurida «Milliy dispetcherlik markazi» davlat unitar korxonasi tashkil etiladi. Markazga yagona elektr energetika tizimini boshqarish, ushbu tizimning qo‘shni davlatlar energetika tizimlari bilan parallel ishlashini ta’minlash, avariya holatlari yuzaga kelishining oldini olish va ularni bartaraf etish kabi vazifalar topshiriladi.
Senatorlar organik mahsulotlar to‘g‘risidagi qonunni ma’qulladi, hujjat bilan ishlab chiqarish jarayoniga ma’lum bir talablar, xususan qayta tiklanadigan tabiiy resurslar va ichimlik suvidan foydalanish bo‘yicha vazifalar qo‘yilmoqda. Organik mahsulotlarni ishlab chiqarishda pestitsid, gormon, antibiotik va kimyoviy qo‘shimchalarni qo‘llash taqiqlanmoqda.
Qo‘shimcha imkoniyatlardan foydalanish uchun saytda ro‘yxatdan o‘ting