Ijtimoiy tarmoqlarda fuqaro yosh bolakayni qiynab, massaj qilgani aks etgan video tarqaldi. Soha mutaxassislari bunday massajdan so‘ng, suyaklar sinishi mumkinligini ta’kidlashdi. SSV shaxs diplom hamda malaka toifasiga ega emasligini aniqladi va uning ustidan huquq-tartibot idoralariga murojaat qildi.
«Zamin» fondi «O‘zsuvta’minot» va XTV bilan hamkorlikda Buxorodagi umumta’lim maktablarida suv ta’minoti, sanitariya va gigiyena loyihasini yakunladi. Unga ko‘ra, G‘ijduvonda beshta maktab ichimlik suvi bilan ta’minladi. Qolaversa, maktabga yaqin bo‘lgan xonadonlar ham ushbu suvdan foydalanishi mumkin.
Namangan viloyati Uychi tumani hokimligi 2019 yilda arxeologik yodgorlikni MCHJga noqonuniy tarzda berib yuborgani aniqlandi. Tadbirkor yodgorlik hududining 21 sotix qismida qurilish qilgan va obyektga 3,9 mlrd so‘mlik zarar yetkazgan. Tuman hokimligi va jamiyat mansabdorlariga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.
Dushanba kuni Samarqanddagi Registon maydonida AQSh fuqarolari Marshall Mayer va Ebru Sanning nikoh marosimi bo‘lib o‘tdi. Ular o‘zbek milliy taomlarini sevib iste’mol qilishi va sayohat vaqtida tarixiy Samarqandni yoqtirib qolgani bois nikohini shu yerda o‘tkazishga qaror qilganini ma’lum qilishdi.
Oliy ta’lim vaziri Abduqodir Toshqulov Yaponiyaning O‘zbekistondagi elchisi bilan 2,76 mln dollarlik bitimni imzoladi. Unga ko‘ra, kelgusi yilda yana 18 nafar davlat xizmatchisi Yaponiyada magistratura va doktoranturada o‘qishga yuboriladi. Hozirda 35 kishi tahsil olmoqda.
3 iyulga kelib o‘zbekcha Wikipedia`ga 150 mingdan ortiq o‘zbek tilida maqolalar joylandi va u reytingda 58 o‘rinda ketmoqda. WikiStipendiya loyihasi boshlangandan keyin 4247 ta maqola qo‘shilgan. Ushbu maqolalarning deyarli barchasi bot yordamida emas, balki foydalanuvchilar tomonidan yaratilgani aytilmoqda.
Nukusdagi namoyishlar tinchiganidan bir kun o‘tib, aholi shifoxonalar, morg va IIBdan o‘z yaqinlarini qidirishda davom etayotgan edilar. «Gazeta.uz» muxbiri Shuhrat Latipov sudmedekspertiza markaziga (morg) kelganlar va izolyator oldida turgan hibsga olinganlarning turmush o‘rtoqlari bilan suhbatlashdi.
Qoraqalpog‘istonda tartibsizlik sabab vafot etgan 18 kishi, Konstitutsiyaning muhokama muddati uzaygani, havo haroratining pastlashi, Qoraqalpog‘iston maqomi o‘zgarmasligi, 2 mln doza Pfizer vaksinasi, Nukusdagi voqealar xronologiyasi va boshqalar — «Gazeta.uz» ning 4 iyuldagi eng muhim xabarlari dayjestida.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi ijtimoiy tarmoqlarda «Qurbon Hayiti namozi o‘qilmaydigan bo‘ldi» mazmunidagi xabarlar «asossiz va haqiqatga mos kelmasligini» ma’lum qildi. Hozir mamlakatda ommaviy tadbirlar cheklanmagan, namoz o‘qish bo‘yicha biror o‘zgarish bo‘lsa, oldindan xabar berilishi qayd etildi.
1−2 iyulda Qoraqalpog‘istonda fuqarolar norozilik namoyishlarini o‘tkazdi. Rasmiy va norasmiy xorijiy OAVlar buni turlicha talqin qilib, hattoki feyk xabarlar tarqatgani kuzatildi. Bu vaqtda esa O‘zbekiston markaziy telekanallari Nukus voqealarini qay tarzda yorita ol[ma]gani — «Gazeta.uz» materialida.
Kamola Sobirova AKT vazirining maslahatchisi lavozimiga tayinlandi. U vazirlikda yoshlar va ayollarni IT sohasiga jalb qilish hamda O‘zbekistonni mintaqaviy IT-markaziga aylantirish yuzasidan targ‘ibot ishlarini amalga oshirish bilan shug‘ullanadi.
YUNISEF tomonidan Maktabgacha ta’lim vazirligiga topshirilgan bog‘cha tibbiyot xodimlari uchun yo‘riqnomalarda gigiyena, bolalarning to‘g‘ri ovqatlanishi va profilaktika choralari, jumladan, emlash bo‘yicha ma’lumotlar mavjud.
Toyloq tumanida yashagan 30 yoshli ayol o‘zini mehmonhonadagi kiyim ilgichga ro‘mol bilan osib, joniga qasd qilgani aytilmoqda. Bosh prokuratura sud-tibbiy ekspertiza tekshiruvi o‘tkazilgani va xizmat tekshiruvi tayinlanganini ma’lum qildi. Avval ham Samarqandda ayol kishi o‘z joniga qasd qilgandi.
“Novastroy” kompaniyasi Qurbon hayiti munosabati bilan “Parkwood” turar-joy majmuasida chegirmalarning so‘nggi haftasini e’lon qildi.
Bosh prokuratura Qoraqalpog‘istonda sodir bo‘lgan voqealar xronologiyasini ma’lum qildi. Taxminan 300 kishi Nukusga kirishdagi postda 50 nafar gvardiyachidan ratsiya, dubinka, shitlarni tortib olgani va Nukus xalqaro aeroporti, mahbuslar Reabilitatsiya markazi, shahar IIB binolariga hujum uyushtirgani aytilmoqda.
Nukusdagi namoyishlar fakti bo‘yicha O‘zbekiston Bosh prokuraturasi tomonidan Jinoyat kodeksining 159-moddasi 4-qismi (hokimiyatni bosib olish yoki konstitutsiyaviy tuzumni ag‘darib tashlash maqsadida fitna uyushtirish) va boshqa moddalar bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.
1−2 iyul kunlari Nukus shahridagi bo‘lib o‘tgan namoyishlar oqibatida 18 nafar fuqaro vafot etdi, 243 kishi, shu jumladan, 38 nafar huquq-tartibot organlari xodimi turli jarohatlar bilan shifoxonalarga yotqizildi. Tartibsizliklarda qatnashgan 516 nafar fuqaro hibsga olindi.
O‘zbekistonga Volga bo‘yi hududlaridan salqin va nam havo massasi kirib kelishi hisobiga 5 iyuldan boshlab barcha hududlarda havo harorati +30 darajagacha pasayadi. Ayrim hududlarda yomg‘ir yog‘ishi hamda momaqaldiroq kuzatilishi mumkin.
Chirchiqda Olimpiya zaxiralari kolleji o‘qituvchisi hamda talaba Jismoniy tarbiya va sport universitetiga abituriyentni o‘qishga kiritish evaziga 4500 dollar olganlikda gumonlanmoqda. Shu kabi holat Yuqorichirchiqda ham kuzatildi, gumondor 4500 dollarni olganida huquq-tartibot organlari tomonidan ushlandi.
Qonunchilik palatasi deputatlari Konstitutsiyadagi Qoraqalpog‘istonga oid 70, 71, 72, 74, 75-moddalarni o‘zgarishsiz qoldirish to‘g‘risidagi qarorni qabul qildi. Qolaversa, Konstitutsiyaviy qonun loyihasining umumxalq muhokamasi muddati 15 iyulga qadar uzaytirildi.
Qo‘shimcha imkoniyatlardan foydalanish uchun saytda ro‘yxatdan o‘ting