Dushanba kuni 100 kishida koronavirus infeksiyasi aniqlandi, deya xabar qildi SSV. Bu so‘nggi 9 oydagi eng past ko‘rsatkich. Eng ko‘p holat avgust oyida qayd etilgan edi — 974 kishi.
SSV O‘zbekiston prezidentining yaqin kunlarda o‘tkazilishi rejalashtirilgan olimlar, shifokorlar, farmatsevtlar, hamshiralar va tizim xodimlari bilan ochiq muloqoti uchun 4500 dan ziyod murojaat kelib tushganini ma’lum qildi. Savol va takliflarning eng ko‘pi sog‘liqni saqlash tizimining birlamchi bo‘g‘iniga taalluqli.
Chust tuman hokimligining uchta avtomobili OAVdagi maqolalardan so‘ng yo‘l harakati qoidalarini buzganlik uchun jarimalar to‘planib qolgani sababli jarima maydonchasiga qo‘yildi. Jami 42 ta bayonnoma tuzilgan bo‘lib, jarimalarning umumiy qiymati 20,7 mln so‘mni tashkil etadi. Ayrim qoidabuzarliklar 2018 yilda sodir etilgan.
«Yil ayoli» tanlovida qoraqalpog‘istonlik fermer xo‘jaligi rahbari Palzada Saliyeva g‘olib bo‘ldi. Ayollar tengligini ta’minlovchi eng faol davlat organi sifatida Mudofaa vazirligi, gender tengligini ta’minlovchi huquqni muhofaza qiluvchi organ sifatida esa Adliya va Ichki ishlar vazirligi tanlandi.
Viloyatlarga jo‘natilgan 9070 ta prezident sovg‘asi, O‘zbekistonning 38 mlrd dollarga yetgan tashqi qarzi, qorbobo kiyimida sovg‘a tarqatayotgan Sirdaryo viloyati hokimi, moliyaviy mustaqillikka erishayotgan 35 ta OTM, yaratilayotgan «yagona transchegaraviy pul o‘tkazmalari» to‘lov tizimi va boshqa xabarlar — «Gazeta.uz» ning 27 dekabrdagi eng muhim xabarlari dayjestida.
Mehribonlik uylari tarbiyalanuvchilari va ota-ona qarovisiz qolgan 9070 nafar bolaga atalgan prezident sovg‘asi hududlarga yuborildi. Sovg‘a jamlanmasidan shirinliklar, o‘quv qurollari va bolalar ensiklopediyasidan iborat 21 turdagi sovg‘a, qolaversa, bolalar uylarining 980 nafar tarbiyalanuvchisi uchun zamonaviy planshetlar o‘rin olgan.
Intellektual mulk agentligi 200 dan ortiq kontrafakt tovarlar, jumladan dori-darmon, oziq-ovqat va maishiy kimyo mahsulotlari ro‘yxatini e’lon qildi.
2022-yil yakuni qadar barcha davlat OTMlarining o‘quv adabiyotlari, davomat, guruh jurnali, dars va imtihon jadvallari to‘liq elektronlashtiriladi. Qolaversa, kelgusi yildan ta’lim muassasalari chet el fuqarolari o‘qishini xorijdan ko‘chirish, talabalar formasi va imtihon fanlarini o‘zi tasdiqlaydi.
O‘zbekistonda ilk bor notarial harakat to‘liq onlayn ravishda amalga oshirildi. Videokonferensaloqa orqali voyaga yetmagan bolani xorijga olib chiqishga rozilik arizasi rasmiylashtirildi.
1-yanvardan 35 ta davlat oliy ta’lim muassasiga moliyaviy mustaqillik beriladi. Endi ushbu muassasalar to‘lov-kontrakt miqdori va muddatini, mahalliy va xorijiy professor-o‘qituvchilarni jalb qilish hamda o‘z hisobidan talabalarga stipendiya va grantlar ajratishni mustaqil belgilaydi. 2023 yildan esa Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligiga ushbu ro‘yxatni kengaytirish huquqi beriladi.
O‘zgidromet yil oxirigacha yog‘ingarchilik kutilmasligini ma’lum qildi. Ammo harorat me’yordagidan 5−7 daraja pastroq bo‘ladi.
Sirdaryo viloyati hokimi G‘ofur Mirzayev qorbobo kiyimida ehtiyojmand oilalar xonadoniga tashrif buyurib, bir martalik moddiy yordam pullari, prezident tabrigi va bayram sovg‘alarini ulashmoqda. Viloyatda jami 11 816 ta xonadonga moddiy yordam ko‘rsatish belgilangan.
Xo‘jaobod tumanida kredit qarzdorligini o‘z vaqtida to‘lamagan korxonaning garovga qo‘yilgan uchta ko‘chmas mulki va Hyundai porter avtotransport vositasi xatlanib, 10 foiz arzonlashtirilgan narxda bank balansiga o‘tkazildi.
Urganch shahridagi «Perinatal markazini qayta ta’mirlash» obyektini foydalanishga qabul qilish komissiyasi raisi almashtirildi. Bunga sabab qilib viloyat hokim o‘rinbosari, komissiyasi raisi B.Qurbanov va bosh pudratchi tashkilot rahbari o‘zaro affillanganligi aytilmoqda. Ma’lumotlarga ko‘ra, jamiyat rahbari hokim o‘rinbosarining ukasi hisoblanadi.
Buxoroda fuqaro Milliy gvardiya xodimi xizmat vaqtida avtomobil urib ketishi oqibatida vafot etdi. Safdorni urib ketganlikda gumon qilingan shaxsga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, u qamoqqa olindi.
Andijon viloyati hokimining farmoyishi bilan hokim yordamchilarining uniformasi uchun 855 mln so‘m ajratildi.
20 yildan ortiq vaqt davomida aql janglari maydoni bo‘lib kelayotgan «Zakovat» ko‘plab bilimdonlarni xalqqa tanitdi. «Gazeta.uz» «Zakovat» yulduzlari bilan suhbat uyushtirib, ular klubga qanday kirib kelganligi, asosiy raqib sifatida kimni ko‘rishlari, nega o‘yinni tark etmasliklari va yangi avlodni qanday qilib jalb qilish mumkinligi haqidagi fikrlarini o‘rgandi. Materialning uchinchi qismida bilimdonlar Xushnudbek Xudoyberdiyev va Aziza Ibragimova bilan suhbatlarni taqdim etamiz.
26 dekabr kuni soat 11:00 dan Qashqadaryo viloyatining Kitob tumanidan o‘tgan M-39 avtomobil yo‘lining «Taxtaqoracha» dovoni avtomobillar harakati uchun vaqtincha yopildi. Bunga dovonda tinimsiz qor yog‘ishi sabab bo‘lgan.
Oliy o‘quv yurtlari talabalari hamda akademik litsey va kasb-hunar ta’limi muassasalari o‘quvchilarining qishki ta’tillari 25 dekabr kuni belgilanganidan uch kun oldin boshlandi.
O‘zbek futbolining yil yakuniga bag‘ishlangan «Uz Football Awards-2021» marosimida Eldor Shomurodov «Yilning eng yaxshi futbolchisi», Dilshod Rahmatov «Yilning eng yaxshi futzalchisi» va Dildora Nozimova esa «Yilning eng yaxshi ayol futbolchisi» deb e’tirof etildi. Taqdirlash marosimi tafsilotlari va sovrindorlar bilan suhbat — «Gazeta.uz» reportajida.
Qo‘shimcha imkoniyatlardan foydalanish uchun saytda ro‘yxatdan o‘ting