Toshkent shahrining Yunusobod tumanida besh oy ichida 1000 dan ortiq peshlavha, reklama va e’lonlar davlat tiliga tarjima qilindi. Bu «Reklama to‘g‘risida"gi qonun talablarini buzishi mumkin.
Toshkent shahrida uyida mast holatda janjal qilayotgan fuqaroni IIBga olib bormoqchi bo‘lgan inspektor va aholi o‘rtasida janjal chiqdi. Poytaxt IIBBning ta’kidlashicha, «vaziyatdan to‘liq xabardor bo‘lmagan qo‘shnilar noto‘g‘ri xulosa chiqarib, inpsektorning xizmat faoliyatiga to‘sqinlik qilishgan».
Uch oydan ko‘proq vaqt ichida O‘zbekistonda 850 mingdan ortiq kishi koronavirusga qarshi to‘liq emlanganligi ma’lum qilindi. Bu doimiy aholining (34,8 million) 2,44 foizini yoki 19 yoshdan katta bo‘lganlarning deyarli 4 foizini tashkil etadi. Avvalroq iyunga qadar aholining 60 foizi emlanishi kutilgan edi.
Qonunchilik palatasi deputati Maqsuda Vorisova barcha kommunal xizmatlar uchun aholi va ta’minotchi o‘rtasida tuziladigan shartnomalar qayta ko‘rib chiqilishi kerakligini ta’kidladi. «Elektr ta’minoti uchun to‘lovni 5 kunga kechiktirgan fuqaro jarima to‘laydi yoki ta’minotdan uzib qo‘yiladi. Lekin hech qanday ogohlantirishsiz elektr ta’minoti to‘xtatilsa yoki kuchlanish ortib ketgani sababli xonadonlardagi elektr asboblar ishdan chiqsa, ta’minotchiga chora ko‘rishning imkoni yo‘q», — dedi u.
Samarqand viloyatining Ishtixon tumanida 3 nafar tomonidan 6 tup zarang va 2 tup shumtol daraxtlari o‘zboshimchalik bilan kesib tashlandi. Fuqarolarning har biriga 1 mln 225 ming so‘mdan jarima va 63 mln 700 mln so‘m tabiatga yetkazilgan zararni qoplash uchun kompensatsiya hisoblandi.
Samarqandlik 18 yoshli bola totalizatorda katta miqdorda pul yutqazib, qarz bo‘lib qolganligi uchun o‘z joniga qasd qilganligi aytilmoqda. Ushbu holat Daryo muxbirining Bosh prokuraturaga murojaatidan keyin aniqlanib, tergovga qadar tekshirish ishlari boshlandi.
Yanvar-iyun oylarida respublika bo‘ylab 19 ming 406 ta ajrim holatlari qayd etilgan. Hududlar bo‘yicha eng ko‘p ajrim Toshkent shahri, Farg‘ona hamda Samarqand viloyatlarida qayd etilgan.
Bir qator davlat idoralarining rahbariyatidagi o‘zgarishlar, yangi telekanalning ish boshlashi, metro bekatlarida svet o‘chishi, Komil Allamjonovning Saida Mirziyoyeva va Gulnora Karimovani taqqoslash haqidagi fikri — «Gazeta.uz»ning 7 iyuldagi eng muhim xabarlari dayjestida.
Nodir Muslitdinov maktabgacha ta’lim vazirining yangi o‘rinbosari etib tayinlandi.
Toshkent shahri Mirzo Ulug‘bek tumanida 5 yildan buyon buzilishini kutib yashayotgan mahalla hikoyasi Nodira Sulaymonova fotosuratlarida.
7 iyul kuni Toshkent shahar elektor taminoti tizimida yuzaga kelgan nosozlik sababli metropolitenining “Chilonzor”, “Yunusobod”, “O‘zbekiston” yo‘nalishlaridagi bekatlarida svet o‘chdi. Ma’lum qilinishicha, bu holatda poyezdlar harakati to‘xtamagan.
8−10 iyul kunlari butun O‘zbekiston bo‘ylab shamol 20 m/s gacha kuchayishi kutilmoqda, ba’zi joylarda changli bo‘ron bilan 25−30 m/s gacha kuchayishi mumkin.
MTRK raqamli platformasida internet orqali efirga uzatiladigan «Hidoyat sari» ilmiy-ma’rifiy telekanali ishga tushirildi. Telekanalda «diniy ilmiy ekspertizadan o‘tgan, turli talqinga o‘rin bermaydigan darajada ishonchli ma’lumotlarga asoslangan» ko‘rsatuvlar va suhbatlar namoyish etiladi.
Samarqand viloyatida 5−6 iyul kunlari odam o‘limi bilan sodir bo‘lgan ikkita YTH ro‘y berdi. Toyloq tumanida Spark yuqori tezlikda beton to‘siqqa urilib ketdi va oqibatda haydovchi vafot etdi. Oqdaryo tumanida Lada Largus yuk mashinasi bilan to‘qnashdi. YTH oqibatida ikki kishi halok bo‘ldi. Surxondaryoda sodir bo‘lgan baxtsiz hodisa natijasida Cobalt qarama-qarshi yo‘lga chiqib ketib, yuk mashinasiga urilib ketdi va haydovchi halok bo‘ldi.
Qashqadaryo viloyatining Qamashi tumanida 17 yoshli futbolchi cho‘kib ketdi. Asadbek To‘rayev «Qamashi» futbol klubi bilan birgalikda DXX raisi kubogida chempion bo‘lgan edi.
Toshkentda dori-darmonlarni yetkazib berish uchun Pharm Express xizmatlari yo‘lga qo‘yildi.
Koronavirus pandemiyasi boshlangandan buyon ushbu kasallik to‘g‘risida ham, unga qarshi ishlab chiqarilgan vaksina haqida ham turli xil uydirma va ilmiy asosga ega bo‘lmagan yolg‘on xabar va ma’lumotlar tarqalib kelmoqda. «Vaksina bilan birgalikda odamlarga kuzatuv mikrochiplari joylashtirilishi», «kasallikdan tuzalgandan so‘ng emlanish shart emasligi», shular jumlasidan. Vaksina haqidagi eng mashhur feyklar va noto‘g‘ri farazlar haqida «Gazeta.uz» maqolasida.
Seshanba kuni O‘zbekistonda 471 nafar fuqaroda koronavirus, 195 nafar kishida pnevmoniya aniqlandi. Shuningdek, so‘nggi kun ichida 4 nafar koronavirus bemori vafot etdi.
2021−2022 o‘quv yilidan OTMga kirish imtihonida eng yuqori ball to‘plagan 200 nafar abiuturiyent uchun prezident granti joriy etildi. Grant sohiblari davlat granti asosida o‘qishga qabul qilinadi. O‘qish davomida grantni olish uchun barcha fanlardan «a’lo» baho olish kerak bo‘ladi. O‘qish yakuniga qadar Prezident grantini olganlar magistraturaga imtihonlarsiz davlat granti asosida qabul qilinadi.
«O‘zbekiston temir yo‘llari» yer usti metrosi qurilishida byudjet mablag‘lari talon-toroj qilingani haqidagi xabarlarni rad etdi. Kompaniyaning aniqlik kiritishicha, noma’lum shaxslar 899 mln so‘mlik kabel mahsulotlarini o‘g‘rilagan. Avvalroq transport prokurori Ma’rufjon Xodjayev transport prokurori Ma’rufjon Xo‘jayev xuddi shuncha miqdordagi talon-torojliklar haqida ma’lum qilgan edi.
Qo‘shimcha imkoniyatlardan foydalanish uchun saytda ro‘yxatdan o‘ting