1 martdan boshlab O‘zbekiston fuqarolari ham turistik yig‘im to‘lashni boshlaydi. Hozirda uni faqat xorijiy fuqarolar to‘laydi.
Mo‘ynoqda alohida ekologik qimmatga ega bo‘lgan tabiiy ob’ektlar va majmualarni, hayvonlarning noyob turlarini saqlab qolish maqsadida «Sudoche-Akpetki» davlat buyurtma qo‘riqxonasi tashkil etildi.
2021-yilgi davlat dasturida O‘zbekistonning 2030-yilgacha bo‘lgan iqlim o‘zgarishi oqibatlariga qarshi kurash strategiyasi tasdiqlash ko‘zda tutilgan. Bu borada prezidentning tegishli qarori loyihasi 1-sentabrga qadar ishlab chiqiladi.
Urganchdan Qarshi va Termizga aviaqatnovlar yo‘lga qo‘yiladi. Oldinroq, Farg‘onaga ham reys ochilgan edi. Qolaversa, endi Termiz-Qarshi-Xiva, Xiva-Urganch-Nukus va Termiz-Qarshi-Samarqand yo‘nalishlari bo‘yicha doimiy temir yo‘l qatnovi ham amalga oshiriladi.
Navro‘z, Mustaqillik kuni, Yangi yil, Ramazon hayiti va Qurbon hayiti diniy bayramlarini nishonlash davrida qo‘shimcha va ko‘chirish hisobiga ishlanmaydigan kunlar kamida 3 kun etib belgilanadi.
Oliy va o‘rta-maxsus ta’lim vaziri Abduqodir Toshqulov xorijlik mehmonlarni kutib olishga jalb qilinayotgan talaba qizlar bo‘yicha munosabat bildirdi. «Nega mening gul qizlarim, gul ko‘tarib chiqishi kerak? U yerga ham o‘zingizni farzandingizni qo‘yib ko‘ring», — dedi vazir. U shuningdek, «bu majburiy mehnatning bir ko‘rinishi» ekanini aytgan.
Moliya vazirligi huzuridagi Davlat-xususiy sheriklikni rivojlantirish agentligi direktori — moliya vazirining o‘rinbosari G‘olib Xoljigitov boshqa ishga o‘tishi munosabati bilan o‘z vazifasidan ozod etildi.
O‘zbekistondagi ta’lim muassasalarida ingliz tilini o‘qitish uchun AQSHdan 27 nafar o‘qituvchi va olimlar tashrif buyurdi. Ular mahalliy o‘qituvchilar davrasiga qo‘shilib, sinfxonalardagi darslarda bevosita ishtirok etadi.
Janubiy Koreya O‘zbekistondagi bolalar bog‘chalariga robototexnika va dasturlash ko‘nikmalarini o‘rgatish uchun 275 dona aqlli robot va 350 ta qo‘llanmani sovg‘a qildi.
Toshkent shahar Faqulodda vaziyatlar boshqarmasi boshlig‘i lavozimiga Ravshan Xaydarov tayinlandi. U bundan avval FVV Akademiyasi huzuridagi Fuqaro muhofazasi instituti boshlig‘i bo‘lgan.
Toshkent viloyati Angren shahrida maktab o‘qituvchisi o‘quvchini kaltaklab, bir necha marotaba musht tushirgani haqidagi videotasvirlar tarqaldi. O‘qituvchi 9 sinf o‘quvchisi uni dars paytida ko‘p marotaba masxara qilgani uchun jahl ustida shunday qilgani aytilmoqda.
Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi to‘rtta xususiy bandlik agentligi litsenziyasini bekor qildi. Yana uchta agentlik litsenziyasi tegishli jamg‘armaga BHMning 8500 baravari miqdorida zaxira mablag‘ kiritgunga qadar to‘xtatildi.
Prezident Konstitutsiyaga saylovlar sanasi bilan bog‘liq o‘zgartirishlar kiritish to‘g‘risidagi qonunni imzoladi. Bu yilgi prezident saylovlari 24 oktyabrga to‘g‘ri kelmoqda.
Shaxrizabzda 21 nafar fuqarolarni texnikumga kiritish uchun har biridan 5 ming AQSH dollari olgan shaxslar aniqlandi. Bundan tashqari, ular Qarshi davlat universitetiga ham o‘qishga kiritish va Toshkent shahridan uy olib berishni va’da qilib yana bir fuqarodan 17 ming 500 AQSH dollarini olgani ma’lum bo‘ldi.
Surxondaryo rahbariyatini tanqid qiluvchi bloger Otabek Sattoriy tovlamachilik yo‘li bilan telefonni qo‘lga kiritganlikda gumonlanib hibsga olindi. Huquqni muhofaza qilish organlari jinoiy ish qo‘zg‘atdi. Blogerning advokati ish uydirilgan deb hisoblamoqda. Vaziyatga deputat Rasul Kusherbayev va Buyuk Britaniyaning O‘zbekistondagi elchisi e’tibor qaratdi.
Zangiota tumanida mashina traktor parki rahbari fuqaroga fermer xo‘jaligiga qarashli 30 sotix yerni 27,7 ming AQSH dollariga sotmoqchi bo‘lgan. Oldindan 10 ming 300 dollarni olgan vaqtida ashyoviy dalil bilan ushlandi. Holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.
Hafta davomida respublikaning ko‘plab hududlarida yomg‘irli ob-havo bo‘lishi kutilmoqda. Juma kuniga kelib esa asosan kam bulutli ob-havo kuzatilib, ko‘proq bahor fasliga xos bo‘ladi.
Poytaxtda «Cobalt» avtomobili harakatlanib kelayotgan teplovoz bilan to‘qnashib, YTH sodir etdi. Hodisa natijasida jarohat olganlar yo‘q.
2020 yilda O‘zbekistonda koronavirus pandemiyasiga qarshi kurashish bo‘yicha tadbirlarga 4 trln so‘mdan ortiq mablag‘ sarflandi. Xarajatlar dori vositalari, tibbiy buyumlar, tibbiyot xodimlarini moddiy rag‘batlantirish va karantin zonalarini qurishga ajratilgani ma’lum qilindi.
1 apreldan avtotransport vositalari oynalarini qoraytirishga ruxsatnoma berish bo‘yicha davlat xizmati internet orqali — YAIDXP portalidan ham amalga oshirilishi imkoniyati yaratilishi mumkin.
Qo‘shimcha imkoniyatlardan foydalanish uchun saytda ro‘yxatdan o‘ting