Davlat soliq qo‘mitasi huzuridagi Malaka oshirish markazi negizida Fiskal institut tashkil etish rejalashtirilmoqda. Institutda darslar 2021/2022 o‘quv yilidan boshlanadi.
O‘zbekistonda zo‘rlik ishlatishdan jabr ko‘rgan shaxslarni reabilitatsiya qilish va moslashtirish markazlariga nafaqat ayollar, balki erkaklar va bolalar ham murojaat qilishadi. Yanvar-sentyabr oylari davomida ushbu markazlar tomonidan jismoniy zo‘ravonlikka uchragan 18 nafar bola va 168 nafar erkaklar murojaati qabul qilingan.
O‘zbekistonda 1 mln so‘mgacha ish haqi oluvchilar soni 42,8 foizni, 5,5 mln so‘m va undan yuqori oluvchilar soni 6 foizni tashkil etadi.
Poytaxtda «Toshkent yoshlarni sevadi!» shiori ostida bir oy davom etadigan yoshlar festivali o‘tkaziladi. Festival doirasida mahorat darslari, badiiy ko‘rgazmalar, ta’lim va sport tadbirlari, konsertlar, muvaffaqiyatli tadbirkorlar bilan uchrashuvlar, ekskursiyalar, viktorinalar, fleshmoblar va boshqa tadbirlar o‘tkaziladi.
Davlat test markazi oliy ta’lim muassasalariga kirish imtihonlari uchun sarflangan mablag‘lar miqdorini oshkor qildi. Avvalroq abituriyentlardan 80 mlrd so‘mdan ziyod mablag‘ kelib tushgani xabar qilingan edi.
Tashkent City hududida qurilayotgan binolarning birida qurilish jihozlari saqlanayotgan maydonda yong‘in sodir bo‘ldi. Hodisadan jarohat olgan yoki vafot etganlar yo‘q.
Olmazor tumanida «Islom sivilizatsiyasi markazi» qurilishi uchun hududdagi 241 ta xonadon buzilishga tushgan. Ularning 237 tasi buzib bo‘lindi, qolgan 5 ta xonadon egalariga uy-joy ajratish ishlari olib borilmoqda.
Olmaliqda bo‘sh ish o‘rinlari yarmarkasi bo‘lib o‘tayotgan madaniyat saroyida fuqarolar sonining ortib ketishi katta tiqilinchga olib keldi. Yarmarka boshqa hududga ko‘chirildi.
Toshkentdagi 11 ta tuman Davlat xizmatlari markazlarida tajriba tariqasida surdo-online planshetlari ishga tushirildi. Endilikda gapirish va eshitish bilan bog‘liq imkoniyati cheklangan shaxslar surdo tarjimonsiz istalgan davlat xizmatlaridan foydalanishlari mumkin.
O‘zbekiston milliy axborot agentligi o‘z veb-sayti va logotipini yangiladi. Xususan, fotobank ishga tushirilib, sayt dizayni matnlarni oson o‘qishga moslashtirildi.
Qashqadaryoda qurilayotgan Uzneftegaz GTL zavodi ishchilari 21 oktyabr kuni norozilik uyushtirib, qurilish kompaniyalari mol-mulkini talon-toroj qilishgandi. Viloyat IIB tomonidan tergov o‘tkazilib, yetkazilgan zarar o‘rganildi va noroziliklar ishtirokchilariga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.
Deputatlar bir qator ishlarni ko‘rib chiqish vakolatini sudlardan profilaktika inspektorlariga o‘tkazish taklif qilingan qonun loyihasini rad etdi.
Gidrometeorologiya xizmati tizimning isloh qilinmayotgani, darhol hal qilinishi lozim bo‘lgan muammolar mavjudligi, xususan, oyliklar pastligi sababli oliy ma’lumotli va ko‘p yillik tajribaga ega xodimlarning boshqa sohalarga o‘tib ketayotganini ma’lum qildi. Shuningdek, O‘zgidrometning vazifasi faqatgina ob-havo ma’lumotlarini berishdan iborat emasligi aytib o‘tildi.
Taniqli olim, tarix fanlari doktori, professor Ubaydulla Uvatov 80 yoshida vafot etdi.
Ijtimoiy tarmoqlarda 1 noyabrdan boshlab Toshkent metropolitenida jetonlarni qabul qilish to‘xtatilgani to‘g‘risida ma’lumotlar tarqaldi. «Toshkent metropoliteni» UK ushbu ma’lumot noto‘g‘ri ekanligini ma’lum qilib, izoh berdi.
Hukumat qarori bilan Fanlar akademiyasi tizimida Davlat va huquq instituti tashkil etildi. Muassasa qonun chiqaruvchi, ijro etuvchi va sud hokimiyati, huquqni muhofaza qiluvchi va boshqa organlarga ijtimoiy munosabatlarni huquqiy tartibga solish bo‘yicha takliflar beradi.
Markaziy bank 2 noyabrdan tijorat banklari orqali 999,9 soflikdagi oltin quymalarni maxsus himoya qadoqlarida sotuvga chiqara boshladi. Ularni xorijga olib chiqish ham mumkin.
2 noyabrdan Farg‘ona viloyatida haydovchilarning qoidabuzarligini onlayn tarzda foto va video kameralar orqali aniqlash boshlandi.
2021 yilda noturar va turar-joy binolari, shuningdek, yengil avtomobil va yuk mashinalari uchun ijaraning eng kam stavkalarini oshirish rejalashtirilmoqda.
Toshkent viloyatida dorixonadan tashqarida remdesivir dorisini 850 ming so‘mdan hisoblab, 200 qutisini 170 mln so‘mga sotayotgan shaxs ushlandi. Oldinroq JSST remdesivir dori vositasini COVID-19 ni davolashda samarasiz deb topgan edi.
Qo‘shimcha imkoniyatlardan foydalanish uchun saytda ro‘yxatdan o‘ting