Toshkent shahar IIBB fevral oyida Sergeli, Mirobod va Shayxontohur tumanlarida noqonuniy diniy ta’lim berish faoliyati bilan shug‘ullangan 6 kishini aniqladi. Ular 300 ming so‘mdan 3 mln so‘mgacha bo‘lgan miqdorda jarimaga tortildi.
Adliya vazirligi OAV va blogerlarni «jamiyatdagi muammolarni faqat huquqiy vositalar asosida hal qilish»ga chaqirib, OAVdagi tuhmat va haqorat uchun jazolarni eslatdi. Faollar esa bu kabi eslatmalardan «so‘z erkinligi yutqazayotgani», «erkin matbuot hali adliyaning o‘ziga ham kerak bo‘lishi»ni ta’kidladi.
Ellikqal’a tumanida prezident qaroriga asosan ichki xo‘jalik yo‘llarini ta’mirlash, ichimlik suv ta’minoti va oqova suv tarmoqlarini, elektr ta’minotini yaxshilash, transformator punktlarini ta’mirlash, temir beton tutqichlarini almashtirish hamda 4 MFY binosini yangidan qurish amalga oshiriladi.
Sirdaryo viloyatidagi bir oilani 40 ming dollar evaziga AQShga yuborishini va’da qilgan shaxs qo‘lga olindi. O‘tkazilgan tezkor tadbir davomida u fuqarodan 12 ming dollar olayotgan vaqtida ushlandi. Holat bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.
Dushanba kuni erta tongda Sergeli tumanida tez yordam mashinasi haydovchisi kaltaklandi. Aniqlanishicha, bemorning yaqini feldsherga yaxshi qaramagani uchun kuch ishlatmoqchi bo‘lgan, haydovchi esa uni himoya qilmoqchi bo‘lgan. Hozirda holat bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.
Prezident qaroriga ko‘ra, 2023 yil bahoridan tajriba tariqasida Bo‘ka va Ohangaron tumanlaridagi manzil-koloniyalarda pilla yetishtirish amaliyoti yo‘lga qo‘yiladi.
17-mart kuni Toshkentdagi Intercontinental Hotel Tashkent mehmonxonasida britaniyalik olim, Chikago universiteti professori Jeyms Robinson bilan uchrashuv bo‘lib o‘tadi. Tadbirda uning hammuallifligidagi “Mamlakatlar tanazzuli sabablari” (Why Nations Fail) kitobining taqdimoti ham bo‘lib o‘tadi.
Jizzax shahridagi 11-maktabda ota qizining 3 nafar sinfdoshini kaltakladi. Voqeaga bolalarning qizga gap otgani sabab bo‘lgani aytilmoqda. Holat bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.
16−23 fevral kunlari Farg‘ona, Qashqadaryo, Xorazm va Samarqand viloyatlarida o‘lim bilan bog‘liq 4 ta YTH sodir bo‘ldi. Ularda 6 nafar inson vafot etdi.
O‘zbekistonda hafta davomida havo asta-sekin isib, harorat kunduzi +22 darajagacha yetadi. 27−28 fevral kunlari tog‘larda qor ko‘chishi xavfi bor. 3 martda esa Kavkaz hududlaridan biroz nam havo kirib kelishi hisobiga ba’zi joylarda yomg‘ir yog‘adi.
Qoraqalpog‘istonliklar ilk bor milliy taom — juo‘yeri gurtik bayramini o‘tkazdi. Tashabbus jamoatchilik tomonidan ilgari surildi. Taomning eng katta porsiyasi Nukusdagi prezident maktabida tayyorlandi. Bayramni boshqa mamlakatlarda yashovchi qoraqalpog‘istonliklar ham nishonladi.
«O‘zavtoyo‘lbelgi» DUK mansabdorlari 2 mlrd 701 mln so‘m miqdoridagi budjet mablag‘larini talon-toroj qilganlikda gumonlanmoqda. Ular o‘zlariga tanish firmalar bilan 9 mlrd so‘mlik shartnoma tuzib, yo‘l belgilarini yasash va chizishda foydalaniladigan mahsulotlarni qimmat narxlarda xarid qilgan.
Kegeyli tumanidagi qator maktablarda o‘quvchilarga iste’molga yaroqsiz, zararkunandalar bilan zararlangan oziq-ovqat berilgani, ular yo‘lovchi transportida yetkazib berilgani aniqlandi. Aybdorlarga chora ko‘rish bo‘yicha ishlar olib borilmoqda.
To‘rtko‘l tumanida kanal toshishi oqibatida uylar va ekin maydonini suv bosgani aytilgandi. Holat bo‘yicha tuman irrigatsiya bo‘limi va irrigatsiya tarmoqlari boshqarmasi mansabdorlariga jinoyat ishi ochildi. Avvalroq voqeaga kemiruvchilar sababchiligi taxmin qilingandi.
«Ikki barmoq 72-benzinni, olti barmoq esa 66-benzinni anglatarkan… Bu yer har xil markali mashinalar bilan to‘lib ketgan… Benzinfurushlar o‘z «govmushlari»ni sog‘ib sotayotgandek bemalol yurishibdi… Eng yomoni, davlatning ming-ming tonnalab yoqilg‘isi shu xil yo‘llar bilan suv bo‘lib ketyapti».
Xonanda Kaniza Ahmedova «axloqsiz» videolari uchun litsenziyasidan bir oyga mahrum qilindi. Uning aytishicha, tanqidlarga sabab bo‘lgan videoda qo‘shiqchi «ishtonsiz» bo‘lmagan, balki odamning teri rangidagi shim kiygan. U «O‘zbekkonsert»ni tanqid qilib, madaniyat vazirining «saroyiga» tashrif buyurishini aytgan.
Tarmoqlarda 5 yil ish stajiga ega bo‘lgan xotin-qizlar OTMga imtihonlarsiz qabul qilinishi haqida xabarlar tarqaldi. Oliy ta’lim vazirligi bunday tartib yo‘qligini, ish tajribasi bor ayollar ham imtihon topshirishi va ularga 500 ta bazaviy to‘lov-kontrakt asosidagi kvota ajratilishini bildirdi.
24 fevraldan Chirchiq shahri hokimi Davron Hidoyatovning vazifasini bajarish vaqtincha hokim o‘rinbosari Jur’atbek Raxmonov zimmasiga yuklatildi. Bunga hokimning sog‘lig‘i yomonlashgani sabab bo‘lgani aytilmoqda.
18 kun davomida Turkiyadagi zilzilalar oqibatlarini bartaraf etishda ko‘maklashgan, 18 nafar tirik insonni qutqargan va 200 ga yaqin jasadni olib chiqqan FVV qutqaruvchilari Toshkentga qaytdi. «Gazeta.uz» aeroportda ular bilan suhbatlashib, ko‘rgan-kechirganlari va qutqaruv ishlari haqida so‘radi (video).
Namangan shahri Davlatobod tumani hokimining innovatsiyalarni rivojlantirish masalalari bo‘yicha o‘rinbosari Abdurasul Qayumov 28 yoshida vafot etdi. Uning o‘limiga nafas yetishmovchiligi sabab bo‘ldi.
Qo‘shimcha imkoniyatlardan foydalanish uchun saytda ro‘yxatdan o‘ting