Sankt-Peterburgdan Samarqandga qarab uchayotgan «Aeroflot» aviakompaniyasiga tegishli samolyot Qozog‘istonda shoshilinch qo‘nishga majbur bo‘ldi. Bunga reys o‘lovchilaridan biri — O‘zbekiston fuqarosiga shoshilinch tibbiy yordam talab etilgani sabab bo‘lgan.
Haydovchilik guvohnomasi uchun imtihon topshirishga mo‘ljallangan Yagona imtihon markazi o‘z faoliyatini boshladi. Markazga kelgan nomzod nazariy savollarga to‘g‘ri javob berishi va so‘ngra imtihonning amaliy qismidan o‘tishi kerak bo‘ladi. Shundagina u YHXBB yoki davlat xizmatlari markazlaridan haydovchilik guvohnomasi berilishiga asos bo‘ladigan maxsus sertifikatni qo‘lga kiritadi (foto).
1- fevral kuni “Umra — 2022” mavsumining ilk ziyoratchilari Saudiya Arabistonidan O‘zbekistonga qaytib keldi. Ular “Baqi” qabristoni, “Qubo” va “Qiblatayn” masjidlari va Uxud tog‘ida, shuningdek, Madina shahrida Masjidul Nabaviyda, Payg‘ambarning Ravzai mutohharalarida ziyoratda bo‘lgan.
Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vaziri Abduqodir Toshqulov masofaviy ta’lim uchun ko‘plab maxsus platformalar bo‘lishiga qaramasdan, Qashqadaryo OTMlaridagi talabalar Telegram orqali o‘qitilayotganini tanqid qildi. Masofaviy ta’limni tashkil qilishdagi kamchiliklar uchun Qarshi davlat universitetining Pedagogika instituti rahbarlariga hayfsan e’lon qilindi.
IIV Kiberxavfsizlik markazi xodimlari ijtimoiy tarmoqlar va olx.uz saytida kvartirani ijaraga beraman deb, fuqaroning pulini o‘zlashtirganlikda gumonlanayotgan shaxsni qo‘lga oldi. U kvartira uchun avans tariqasida berilgan 500 ming so‘mni o‘zlashtirganligi aytilmoqda.
AKT vaziri Sherzod Shermatov UzIMEI yashirin iqtisodiyotga qarshi kurashish uchun kerakligini ta’kidladi. «IMEI kerak emas, IMEI`ni yo‘q qilinglar, degan gaplar tagida noqonuniy bozordan „dolya“ olib, foyda qilib turganlarning lobbisi turibdi», — dedi vazir Kun.uz nashriga bergan intervyusida. Shermatov UzIMEI pulli ekanligiga to‘xtalib, uning soliq ekanligini qayd etgan.
Prezident 1 martdan «Yashil yillik» umummilliy tadbiri boshlanishini ma’lum qildi. Joriy yil bahor mavsumida «Yashil makon» loyihasi doirasida 125 mln dona daraxt ko‘chatlarini ekish rejalashtirilmoqda. Aholiga kamida 10 mln dona mevali va manzarali daraxt ko‘chatlari bepul tarqatiladi. «Agar O‘zbekistonda ekologiyani yaxshilayman desa, har yili har bir xonadon ikkitadan daraxt eksin. Har bir tashkilot beshtadan daraxt eksin, qaysi tashkilot bo‘lishidan qat’i nazar», — dedi prezident.
Peshko‘lik fuqaro uy olish maqsadida mart oyida qurilish korxonasi quruvchisiga 150 mln so‘m pul bergan. Quruvchi uyni rasmiylashtirib bermagani uchun fuqaro pulini qaytarishni so‘ragan. Pulini ololmagan erkak o‘zini-o‘zi yoqib yuborgan, natijada tanasining yarmi kuygan. Holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
Finlyandiya hukumati O‘zgidromet salohiyatini modernizatsiya qilishga yo‘naltirilgan loyihaga 2 mln yevro grant ajratishni ma’qulladi. 3 yillik loyiha tabiiy ofatlarni prognoz qilish va iqlim o‘zgarishiga moslashishni rag‘batlantirishni nazarda tutadi.
Samarqand tumanida fermer o‘ziga qarashli xo‘jalikning sug‘oriladigan yeridan 1 gektarini fuqaroga issiqxona qurish uchun sotish va hujjatlarni tayyorlab berishni kelishib olgani aytilmoqda. Buning evaziga u 20 ming dollar olgan vaqtida ushlangan. Unga nisbatan jinoyat ishi ochildi.
Koronavirus yuqtirib olganlarning kunlik soni 22 yanvar maksimal (1478 ta) darajaga yetgandan beri ilk bor — 1000 tadan kamayib, 926 tani tashkil qildi. Eng yuqori ko‘rsatkich qayd etilgan hudud Toshkentligicha qolmoqda — 431 ta. Kovid asoratlari oqibatida 4 nafar bemor vafot etdi. Qolaversa, 188 kishida pnevmoniya aniqlandi.
Shaxrillo Maxmudov va Abdullo Aslonov turizm va sport vazirining o‘rinbosarlari etib tayinlandi. Hozirga qadar vazir o‘rinbosarlari bo‘lgan O‘tkir Saidov va Avazjon Karimov esa lavozimdan ozod etildi.
UzAuto Motors kompaniyasi blekaut oqibatida komponentlarni ishlab chiqaruvchi korxonalar ishida yuz bergan uzilishlar, shuningdek, olib sotarlar sonining ko‘payib ketgani bois Nexia, Spark, Cobalt va Lacetti avtomobillari uchun arizalar qabul qilishni qayta tiklay olmadi. Dekabrda to‘xtatilgan shartnomalarni qabul qilish jarayoni 1 fevraldan qayta tiklanishi rejalashtirilgan edi.
O‘zbekistonga Yevropaning 8 ta davlatidan, qolaversa, Avstraliya, Isroil va Misrdan kirib keluvchi yo‘lovchilar uchun 10 kunlik majburiy karantin tartibi bekor qilindi. Bundan tashqari, Afrika davlatlari va Gonkong bilan xalqaro aviaqatnovlar tiklanadi.
Ohangaronda 30 gektarda quriladigan chiqindi poligoni,ekologiya muammolari bo‘yicha yig‘ilish o‘tkazgan Shavkat Mirziyoyev, prezidentga maslahatchi bo‘lgan Muzaffar Komilov, arxeologiya yodgorligini tadbirkorga sotib yuborgan Parkent tumani hokimligi, $1,6 mlnni noqonuniy olib chiqishga uringan qizg‘izistonliklar, bekor qilingan 11 mlrd so‘mlik keshbek va boshqalar — «Gazeta.uz» ning 2 fevraldagi eng muhim xabarlari dayjestida.
Respublika maxsus komissiyasi xorij tajribasidan kelib chiqib, koronavirus yuqtirib olgan bemorlar bilan muloqotda bo‘lgan shaxslarning karantin o‘tash muddatini 14 kundan 7 kungacha qisqartirdi.
Toshkentdagi «Turkiston» metro bekati ustidagi ko‘chaning bir qismi foydalanishga topshirilganidan olti oy o‘tib cho‘kdi. Ko‘cha prezident tomonidan 2020 yil Mustaqillik bayrami arafasida ochilgan edi. Pudratchi Transyo`lqurilish-Jizzax (tendersiz tanlangan) ko‘cha «O‘zbekiston temir yo‘llari»ga qarashli «Ko‘prikqurilish» tresti korxonasi aybi bilan cho‘kkanini ma’lum qildi. Loyihada Toshkent hokimi bilan bog‘liq loyiha tashkiloti ham ishtirok etgan. «Gazeta.uz» vaziyatni o‘rgandi.
Transport vazirligi, Oliy ta’lim vazirligi, Qoraqalpog‘iston Vazirlar Kengashi hamda hokimliklar avia va poyezd chiptalari xaridini tartibli ravishda tashkil etadi va doimiy ishlaydigan Shtablar faoliyatini yo‘lga qo‘yadi. 50 foizlik chegirmalar esa saqlab qolinadi. «Hech bir o‘quvchi va talaba chiptasiz qolmaydi», — deyiladi SSV xabarida.
7 fevraldan boshlab umumta’lim maktablari, professional, kasb-hunar ta’lim va oliy ta’lim muassasalari, akademik litseylar hamda nodavlat ta’lim tashkilotlarida o‘quv jarayoni an’anaviy shaklga o‘tkaziladi.
Prezident videoselektorda Ohangaron tumanining 30 gektar maydonida 17 mln dollarlik maishiy chiqindi poligoni qurilishini ma’lum qildi. Qolaversa, u resursini o‘tab bo‘lgan 24 ta chiqindi poligonini ko‘mishni buyurdi. Bundan tashqari, poligonlar tashkil etish va ularni yopishni tartibga soluvchi qonun loyihasini ishlab chiqish zarurligi aytildi.
Qo‘shimcha imkoniyatlardan foydalanish uchun saytda ro‘yxatdan o‘ting