Toshkent viloyatida joylashgan fermer xo‘jaligining 16,5 gektar sug‘oriladigan yerini o‘zganing nomiga rasmiylashtirib berish evaziga 600 ming dollar talab qilgan shaxslar ushlandi. Shuningdek, Qashqadaryo viloyatida joylashgan o‘rmon xo‘jaligi hududidan 1000 gektar yer maydoni ajratilishida yordam berish evaziga 300 ming dollar talab qilgan shaxslar ham qo‘lga olindi.
Hukumat qarori bilan paxta-to‘qimachilik klasterlariga paxtani terib olish uchun 1,6 trln so‘mgacha resurslar ajratiladi. Mashinada paxta yig‘ib olish xizmati xarajatlarining 30 foizi davlat tomonidan qoplab beriladi. Shuningdek, ayrim hududlarda paxta teruvchilarga amaldagi stavkaga qo‘shimcha ravishda har bir kg paxta uchun 230 so‘m ustama haq to‘lanadi.
Shavkat Mirziyoyev raisligida o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishi, Abdulaziz Kamilovning rossiyalik jurnalistlarga bergan intervyusi, respublika bo‘ylab 60 dan ortiq bozor va majmualarning xususiylashtirilishi kutilayotgani — “Gazeta.uz"ning 2 noyabrdagi eng muhim xabarlari dayjestida.
Aprel oyida vafot etgan Bosh prokuratura xodimi Samir Rahmonovning otasi qonunda belgilangan tartibda nafaqa pullari to‘lab berilmaganini ma’lum qildi. Shu sabab marhumning otasi Bosh prokuratura ustidan sudga murojaat qildi. Biroq, FIB Mirobod tuman sudi da’vo arizasini rad qildi. Da’vogar esa sudga apellyatsiya shikoyatini kiritgan.
Shavkat Mirziyoyev «Yashil makon» umummilliy loyihasi doirasida yiliga 200 mln tup daraxt va buta ko‘chatlarini ekish, shu orqali shaharlardagi yashil maydonlarni amaldagi 8 foizdan 30 foizga oshirish rejasini ma’lum qildi. 2 noyabrdan 10 dekabrgacha bo‘lgan muddat daraxt ekish bo‘yicha «dolzarb 40 kunlik» deb e’lon qilindi.
Shavkat Mirziyoyev videoselektor yig‘ilishida kelgusi besh yilda yiliga 80 mingtadan xonadon qurish zarurligini ta’kidlandi. Davlat rahbari «Yangi O‘zbekiston» massivlari kompleks rivojlanish tamoyili asosida barpo etilishini qayd etdi. 2022 yilda ehtiyojmand 10 mingta oilaga boshlang‘ich badal va foizlarni subsidiyalash uchun budjetdan 1,5 trln so‘m ajratilishi belgilandi.
Toshkent viloyatidagi chegara postida bojxona xodimlari tomonidan 156 kgga yaqin gashish, geroin va opiy ortilgan «DAF» mashinasi ushlab qolindi. Holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
Qashqadaryo viloyati Qarshi tuman obodonlashtirish boshqarmasi boshlig‘i singlisi rahbarligidagi fermer xo‘jaligiga gul ko‘chati buyurtma qilish bahonasida 149 mln so‘m pul o‘tkazib, o‘zlashtirganlikda gumonlanmoqda. Korrupsiyaga qarshi kurash agentligi prokuratura jinoiy ish ochgani haqida xabar berdi.
«O‘zbekneftgaz» boshqaruv raisi Daryo muxbiri bilan bog‘liq mojaroni «o‘ta og‘riqli qabul qilgani» va jamiyat imidjiga keskin salbiy ta’sir ko‘rsatganini aytdi. «Kompaniyada faoliyat yuritayotgan barcha mas’ul rahbarlar va xodimlar jurnalistning huquqlari, sha’ni va qadr-qimmatini hurmat qilishga majbur», — dedi Mehriddin Abdullayev. U shuningdek, jurnalistlik faoliyatga aralashishni keskin qoralashini, buning uchun lavozimidan qat’iy nazar barchaga chora ko‘rilishini ma’lum qildi.
23 noyabrgacha har bir hududda (Toshkentdan tashqari) faqat bir kun tungi vaqtda davlat va nodavlat telekanallarni efirga uzatilishi vaqtincha to‘xtatilishi mumkin. Bu teleuzatkichlarda profilaktika ishlari o‘tkazilishi bilan bog‘liq.
DXX va Davlat bojxona qo‘mitasi tomonidan Toshkent shahrida 25 mingdan ortiq «Regapen», «Tropikamid», «Selofen» singari psixotrop dorilar savdosiga chek qo‘yildi.
Interpol tomonidan xalqaro qidiruvda bo‘lgan O‘zbekiston fuqarosi BAAda qo‘lga olindi. Mazkur shaxs JKning terrorizm, qo‘poruvchilik, jinoiy uyushma tashkil etish va ommaviy tartibsizliklar moddalaridagi og‘ir va o‘ta og‘ir jinoyatlarni sodir etilganligi uchun 2006 yildan beri qidiruvda bo‘lgan.
Shavkat Mirziyoyev o‘qituvchi va shifokorlarning oylik ish haqini oshirish uchun 2022 yilda davlat budjetidan 350 mlrd so‘m ajratilishini ma’lum qildi. Shuningdek, bepul davolanish orderi uchun 600 mlrd so‘m berilishi ta’kidlandi.
Samarqand viloyatining Urgut tumanida bir ayol va uning ikki voyaga yetmagan farzandi is gazidan zaharlanib vafot etdi. Ma’lum qilinishicha, u uyni isitish uchun tezak ishlatgan. Holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.
Vazir o‘rinbosari va viloyat hokimi o‘rinbosarlarining intizomiy jazoga tortilishi, oktabr oyida inflyatsiya 1,3 foizni tashkil qilishi, «O‘zbekneftgaz» raisi o‘rinbosarining jurnalistlarga bo‘lgan bosimi — «Gazeta.uz»ning 1 noyabrdagi eng muhim xabarlari dayjestida.
Guliston tumanida Milliy gvardiya xodimlari xonadonlardan birida is gazidan zaxarlanish oqibatida karaxt xolda bo‘lgan 3 nafar bolani qutqarib qoldi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi DXX tomonidan Qashqadaryo viloyatida «Jihodchilar» a’zosi sifatida gumon qilinib, ushlangan masjid imom-noibi aslida boshqa kasb egasi ekanligini ma’lum qildi. «Yolg‘on yoki tasdiqlanmagan axborotni tarqatish tegishli javobgarlikka sabab bo‘lishini alohida ta’kidlaymiz», — deyiladi munosabatda.
Farg‘ona xalqaro aeroportidan So‘x tumanidagi yangi aeroportga dastlabki sinov parvozi amalga oshirildi. Humo Air aviakompaniyasiga qarashli layner parvozi 40 daqiqani tashkil qildi.
Dunyo armiyalari bo‘yicha Global Firepower Index — 2021 reytingida O‘zbekiston Qurolli kuchlari 140 davlat ichidan 51 o‘rinni egalladi. Mamlakat armiyasi Markaziy Osiyo bo‘yicha birinchi o‘rinda.
Namangan viloyatida Damas mashinasi ishtirokidagi yo‘l transport hodisasida 8 kishi og‘ir tan jarohati oldi, ikki yo‘lovchi vafot etdi. Yana bir holatda esa Damas haydovchisi 71 yoshli fuqaroni yo‘ldan o‘tayotganida urib yubordi.
Qo‘shimcha imkoniyatlardan foydalanish uchun saytda ro‘yxatdan o‘ting