Bo‘stonliq tumani «Amirsoy» dam olish maskaniga olib boruvchi yo‘lning 19−20 piketida yo‘l cho‘kish holati kuzatildi. Transport harakati to‘xtatilib, dam olishga bormoqchi bo‘lganlardan sihatgoh tomon harakatlanmaslik so‘ralmoqda.
Samarqandda deyarli 1700 o‘rinli yangi maktab foydalanishga topshirildi. Bu viloyatdagi eng yirik maktab hisoblanadi. Maktabda 60 ta o‘quv xonasi, ikkita sport zali, shuningdek, futbol, voleybol maydonlari va tennis korti mavjud.
Buxoro va Jizzax neft bazalarida moliyaviy intizom buzilganligi — kamomad va xodimlarga asossiz to‘lovlar, shuningdek, debitorlik qarzlari (33 mlrd va 35 mlrd so‘mdan ortiq) aniqlandi.
Dollarning rasmi kursi 11,48 so‘mga ko‘tarildi va jami 10 507,68 so‘m etib belgilandi. Shuningdek, yevro va rubl kurslari esa biroz pasaydi.
Yangihayot tumanida 8 oylik chaqalog‘ini 10 ming AQSH dollariga sotmoqchi bo‘lgan ayol ushlandi.
Chirchiq shahrida yashovchi fuqaro Facebook saytida O‘zbekiston prezidentining soxta akkauntini ro‘yxatdan o‘tkazib, o‘zini prezident Administratsiyasi rahbari deb tanishtirgan. Shu bilan birga, odamlarga muammolarini ma’lum miqdordagi pul evaziga hal qilishda yordamni taklif qilgan.
Navro‘z kuni yarim-yalang‘och holda sumalak pishirgan olti ayol ma’muriy javobgarlikka tortildi. Ulardan uch nafari 15 sutkaga qamaldi.
UzAuto Motors yangilangan Chevrolet Equinox va Chevrolet Tracker modellarini sotuvga chiqarishni boshladi.
Navoiy viloyatida ayol 3 nafar qiz farzandini temir yo‘l iziga olib chiqqan. Poyezd urilishi natijasida ayol olgan tan jarohatidan vafot etdi, 2016 yilda tug‘ilgan farzandi shifoxonada davolanmoqda.
O‘zbekistonda aholini koronavirusga qarshi ommaviy emlash tadbirlari 1 apreldan boshlanadi. Olib kelingan vaksina (AstraZeneca) bilan 330 ming aholini ikki marotaba emlash ko‘zda tutilgan.
Zo‘rlik hamda o‘z joniga qasd qilishning oldini olish markazi tashkil etilishi mumkin. Bu borada prezidentning qarori loyihasi jamoatchilik muhokamasiga qo‘yildi. Hujjat bilan tazyiq va zo‘ravonlikdan jabr ko‘rgan, o‘z joniga suiqasd qilgan va shunga moyilligi bor shaxslarga ko‘maklashish tizimini qayta tashkil etish maqsad qilingan.
1 iyundan 18 turdagi ma’lumot va hujjatning aholi hamda tadbirkorlardan talab qilinishi bekor qilindi. Shuningdek, 7 ta turdagi fuqarolik holati dalolatnomalarini qayd etish, nikohlanuvchilarning tibbiy ko‘rikdan o‘tishi va xorijga chiqish pasportini rasmiylashtirishni yashash joyidan boshqa hududlarda ham amalga oshirish mumkin bo‘ladi.
Qarshidagi 1-maktabning yuqori sinf o‘quvchilaridan biri sinfda peshob qildi, sinfdoshi esa uni videoga olib, ijtimoiy tarmoqlarda e’lon qildi. O‘quvchining ota-onasi ma’muriy javobgarlikka tortildi. Ulardan biri Qashqadaryo prokuraturasida ishlashi ma’lum bo‘ldi.
Xorazm viloyatidagi maktabgacha ta’lim tashkilotining ochilish marosimida bolalar yupun kiyimlarda ishtirok etgan. Ushbu holat ijtimoiy tarmoqlarda muhokamalarga sabab bo‘lgach, xodimlarga intizomiy chora ko‘rilishi ma’lum qilindi. Mas’ul tashkilot tadbir kuni ob-havo issiq bo‘lganini ta’kidlamoqda. Biroq suratda mutasaddilar bolalarga qaraganda issiqroq kiyimda ekanligini ko‘rish mumkin.
Andijon shahrida 3 ta Lacetti va Labo ishtirokida YTH sodir bo‘ldi. Hodisa oqibatida Labo haydovchisiga tez tibbiy yordam ko‘rsatilgan.
Endilikda Toshkent hududida Yandex Go xizmati uchun to‘lovlarni UzCard va Humo, xalqaro Visa hamda Mastercard kartalari yordamida amalga oshirish mumkin.
Sinoptiklarning xabar berishicha, 23 mart kuni bir qator viloyatlarda yomg‘ir yog‘adi. Mamlakatda haftaning o‘rtalarida iliq ob-havo hukmronlik qiladi, ammo juma kunidan yana yog‘ingarchiliklar kutilmoqda.
Prezident fizika ta’limi sifatini oshirish bo‘yicha chora-tadbirlar dasturini tasdiqladi. 175 ta maktabda fizika fani chuqurlashtirib o‘qitiladigan sinflar ochiladi. «Barkamol avlod» maktablarida «STEM-klublar» tashkil etiladi.
«Termiz» poligonida O‘zbekiston va Turkiya Respublikalari Qurolli Kuchlarining maxsus bo‘linmalari maxsus-taktik o‘quv mashg‘ulotlarini boshladi.
Toshkent shahridagi bolalar orasida COVID-19 ga chalinish holatlari ko‘payib borayotgani sababli, maktab ta’tili uzaytirilishi mumkin. Hozirda koronavirus bilan bolalarda kasallanishlar ko‘rsatkichi 25 foizdan oshgan. O‘tgan yili mazkur ko‘rsatkich 5−7 foiz bo‘lgan.
Qo‘shimcha imkoniyatlardan foydalanish uchun saytda ro‘yxatdan o‘ting