Toshkent shahar hokimligi poytaxtda karantin talablariga rioya qilish qat’iy nazoratga olinishini ma’lum qildi. «Toshshahartransxizmat» jamoat transportida yo‘lovchilarga tibbiy niqob taqish talab etilishi haqida xabar berdi.
«ILGA Europe» xalqaro tashkiloti O‘zbekistonda besoqolbozlikni taqiqlovchi qonun normalarini chiqarib tashlash taklifini bildirdi. Bunga Qonunchilik palatasi deputati Rasul Kusherbayev o‘z munosabatini bildirar ekan, «agar bu inson huquqlariga zid, deyishsa tupurdim bunday huquqiga», deya ta’kidladi. Deputat «bu kabi mantiqsiz, aksiltabiiy taklifni berganlar bizga asli kim ekani va maqsadi nima ekanligini tushunib olavering», deya qo‘shimcha qildi.
«Hududgaz Poytaxt» ning xabar berishicha, Sergeli va Olmazor tumanlarining gaz tarmoqlarida ta’mirlash ishlari olib borilayotgani sababli ayrim hududlarda gaz ta’minoti vaqtincha to‘xtatiladi.
Yakshanba, 14 mart kuni Shayhontoxur tumanidagi «EVOS» umumiy ovqatlanish shoxobchasida yong‘in sodir bo‘ldi. Shoxobchaning 10 kv.m maydoni zarar ko‘rgan.
«Navbahor» futbol klubi muxlisini Jizzaxning «So‘g‘diyona» jamoasi bilan o‘yinidan so‘ng mashina urib yubordi. Fuqaro bir necha tan jarohatlari bilan vafot etdi.
Buxoro davlat universitetida talabalarning 8 martga sovg‘asini «arzimas narsa» deb atab, «endi hammasi boshqacha bo‘ladi» deya ogohlantirgan o‘qituvchi ishdan bo‘shatildi.
Kuchli shamol natijasida Xonqa tumani jinoyat ishlari bo‘yicha sudi binosining tomi qulab tushdi.
Xorazm viloyatida kuchli shamol va tinimsiz qor yog‘ishi oqibatida elektr tarmoqlarida avariya holati yuzaga kelib, Xorazm viloyatining bir qator hududlarida elektr energiyasida uzilishlar yuzaga kelgan.
Bahorni ko‘katlarsiz tasavvur etish qiyin, buning uchun Zira.uz ko‘katli pishiriqlar retseptlar to‘plamini taqdim etadi.
Juma kun tushdan keyin Andijon shahridagi ko‘p qavatli uylarning birida gaz portladi. Buning oqibatida uy egasi va uning nabirasi 50 foiz termik kuyish bilan shifoxonaga yotqizilgan. Tahminlarga ko‘ra, gaz va havo chaqnashi gazdan noto‘g‘ri foydalanish oqibatida yuzaga kelgan.
13 mart — shanba kuni umumxalq hashari bo‘lib o‘tishi haqida xabar bergan edik. Bosh vazirning birinchi o‘rinbosari Ochilbay Ramatov fuqarolarni majburiy tartibda hasharga jalb qilish qat’iyan taqiqlanganini ma’lum qildi. Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi esa ishonch telefon raqamlarini e’lon qildi: 71−200−06−00 va 1176.
Hukumat qarori bilan «Yoshlar daftari»ga kiritilgan moddiy ahvoli qiyin yoshlarga BHMning 4 baravarigacha (980 ming so‘m) miqdorda bir martalik moddiy yordam ko‘rsatiladi. Shuningdek, daftarga kiritilganlarning OTM shartnoma pulini 50 foizini to‘lab berish, xorijda davolanish xarajatlarining BHMning 50 baravaridan oshmagan qismi qoplab beriladi.
Toshkent va Yangiyo‘l tumanlarida $20 ming va qariyb 149 mln so‘mga noqonuniy tarzda dori sotayotganlar qo‘lga olindi. Ularga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.
O‘zbekistonda kinemotografiya akademiyasi tashkil etilishi rejalashtirilmoqda. Akademiya qoshida S. Gerasimov nomidagi Butunrossiya davlat kinematografiya instituti filiali hamda Toshkent shahrida kino san’atiga ixtisoslashgan o‘rta ta’lim maktabini ham ochish ko‘zda tutilgan.
YUNISEF Buxoro viloyatiga vaksinalarni saqlash uchun sovutish omborlarini topshirdi. Bir yil ichida O‘zbekistondagi yana to‘rtta omborxona foydalanishga topshirilishi kutilmoqda.
Dam olish kunlari havo harorati keskin pasayishi va ba’zi hududlarda qor yog‘ishi kutilmoqda. Respublika hududlarida shamolning 17−22 m/s gacha kuchayishi kutilmoqda, ba’zida esa 23−28 m/s gacha kuchayishi mumkin.
2021 yil 15 martdan boshlab Turkiyaga kelishdan 72 soat oldin maxsus elektron so‘rovnomani to‘ldirish kerak bo‘ladi. Yo‘lovchilar to‘ldirilgan so‘rovnomani bosib chiqarishi yoki mobil qurilmaga yuklab olib, jo‘nash aeroportida aviakompaniya xodimiga taqdim etadilar.
Mingbuloq tumanida «G» MCHJ rahbari va boshqalar 1 mlrd so‘m imtiyozli kreditni talon-toroj qilgani aniqlangan. Ular soxta hujjatlarni tuzib, mablag‘larni naqdlashtirib olgani ma’lum bo‘lgan. Ularga nisbatan Jinoyat kodeksining talon-toroj qilish va hujjatlarni qalbakilashtirishga oid moddalari bilan ish qo‘zg‘atildi.
Senatning yalpi majlisida ichki ishlar vaziri hisobot berdi. Po‘lat Bobojonovning aytishicha, 2020-yilda ichki ishlar xodimlari 134 ta jinoyat sodir etgan. Shundan 27 tasi o‘lim bilan bog‘liq. Huquqbuzar qonun himoyachilariga ozodlikdan mahrum qilishgacha bo‘lgan jazolar belgilanayotgani aytildi.
YUNESKO tashkiloti tomonidan O‘zbekistondagi o‘qituvchilar malakasini oshirish uchun 435 ming AQSH dollari ajratiladi. 2 yillik loyiha doirasida Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Navoiy va Toshkent viloyatlarida 150 maktab va 600 dan ortiq o‘qituvchilar jalb etiladi.
Qo‘shimcha imkoniyatlardan foydalanish uchun saytda ro‘yxatdan o‘ting