«Ziyouz.com» portali asoschisi, jurnalist Davronbek Tojialiyevning xabar berishicha, u Istanbulga kiritilmay, O‘zbekistonga deportatsiya qilingan. Jurnalistning yozishicha, bunga qadar u Turkiyaga 5 marotaba borgan va hech birida bu kabi muammo kuzatilmagan.
Sirdaryo viloyatida profilaktika inspektori kafe ish yurituvchisi va uch nafar shaxslarning spirtli ichimliklar iste’mol qilayotganini suratga olgani uchun ular tomonidan kaltaklangan. Ushbu shaxslarga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, ehtiyot chorasi sifatida qamoqqa olingan.
«Gazeta.uz»ning Toshkentdagi DXMlar xodimlari 10 oy yarim stavka oylik bilan ishlagani haqida xabariga munosabat bildirildi. Davlat xizmatlari agentligi xodimlar mehnatiga to‘liq haq olganini qayd etdi. Ularning nima sababdan va aynan qachondan yarim stavkaga o‘tkazilgani haqidagi masala esa ochiq qolmoqda.
Jinoyat kodeksi va Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodekslariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish bo‘yicha qonun loyihasiga ko‘ra, Jinoyat kodeksidan tuhmat va haqorat qilganlik uchun mavjud bo‘lgan ozodlikdan mahrum qilish jazosi bekor qilinib, o‘rniga jarima yoki majburiy jamoat ishi jazosi qo‘shilmoqda.
Koronavirusdan vafot etgan sharqshunos olim Andrey Kubatinning opasi Klara Saxarova talab qilingan 560 million so‘m o‘rniga 462 ming so‘m miqdoridagi moddiy tovon puli to‘g‘risidagi sud qaroridan norozi bo‘lib, shikoyat arizasi yozmoqchi. Kubatin reabilitatsiya qilinmaguniga qadar davlatga xiyonat qilishda ayblanib, 2,5 yil qamoqda o‘tirib chiqqan edi. Uning opasi «Gazeta.uz»ga jinoyat ishi tafsilotlari, qiynoqlar va Zangiota kasalxonasidagi davolanish haqida gapirib berdi.
Birlashgan Millatlar Tashkilotining Taraqqiyot Dasturi (BMTTD) tomonidan e’lon qilingan 2020 yilgi Inson kamoloti indeksi hisobotida O‘zbekiston 106-o‘rinni egalladi.
Namangan viloyatida ZIL-130 va Neksiya-1 rusumli avtomashinalar to‘qnashdi. YTH oqibatida 3 kishi vafot etdi, ikki nafar yo‘lovchilar tan jarohati olib shifoxonaga yotqizilgan.
Hukumatning tegishli qaroriga ko‘ra, 2021 yil 1 martdan Moliya vazirligi sug‘urta tashkilotlari bilan birgalikda Transport vositalari egalarining fuqarolik javobgarligini majburiy sug‘urta qilish bo‘yicha Ye-polisni sotish, rasmiylashtirishni amalga oshiradi.
Toshkentda noqonuniy diniy hujralar faoliyat yuritganligi aniqlandi. Hujralarda o‘qigan 30dan ortiq bolalar kaltaklanib, muntazam ravishda och qoldirish orqali jazolangan.
Bosh prokurorni bir nechta huquqbuzarliklard ayblagan Buxoro shahar prokurori J.Fozilovning vajlarini «har tomonlama va xolisona tekshirish» maqsadida Respublika idoralararo komissiyasi tuzildi.
Osiyo taraqqiyot banki O‘zbekistonda ishsizlikni qisqartirishga, ayniqsa, yoshlar bandligini ta’minlashga qaratilgan loyiha uchun 93 mln dollar ajratadi.
Toshkent shahar Bektemir tumanida IIO xodimlari tomonidan 4 mln so‘mga yaqin pirotexnika vositalari ushlab qolindi.
Qamchiq dovonida muzlagan yo‘llar sababli 13 ta avtotransport vositalari YTHga uchradi. Jabrlanganlar va halok bo‘lganlar yo‘q.
Haftaning o‘rtalaridan boshlab havo harorati asta-sekin ko‘tariladi. Seshanba kuni kechasi Farg‘ona vodiysi hududlari va shanba kuni Qoraqalpog‘iston, Xorazm, Buxoro va Navoiy viloyatlarida qor yog‘ishi mumkin.
Toshkent shahar Yunusobod tumani «Universam» savdo majumuasida ichki ishlar organ xodimlari yer osti yo‘lagida noqonuniy savdo bilan shug‘ullanuvchi fuqarolarga yo‘lakni bo‘shatish to‘g‘risida ogohlantirish berishgan. Ogohlantirishlarga mazkur fuqarolar rad javobini berib, janjal ko‘targan.
Hukumat qarori bilan ixtisoslashgan bolalar ko‘ngilochar-ma’rifiy Aqlvoy telekanali (bolalar telekanali) tashkil etiladi. Telekanal o‘zini-o‘zi moliyalashtirish asosida faoliyat yuritadi.
Hukumat qarori loyihasiga ko‘ra, 2021 yil 1 apreldan Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali avtotransportlarning oynalarini «tonirovka» qilish uchun onlayn tarzda ruxsatnoma berish davlat xizmati yo‘lga qo‘yilishi kutilmoqda.
G‘uzor tumanining sobiq hokimi Sa’dulla Boboqulov dehqon bozori rahbarini noqonuniy ravishda ishdan bo‘shatib, uning o‘rniga o‘z yaqinini ishga tayinlagani ortidan boshlangan sud jarayonlarida sudyaga bosim o‘tkazgani sababli ishdan olingani aniqlandi. Viloyat hokimligi esa u sog‘lig‘i yomonlashgani sababli lavozimini tark etganini ma’lum qilgan edi. “Gazeta.uz” sobiq hokim ishi bo‘yicha o‘tkazilgan xizmat tekshiruvi natijalarini qo‘lga kiritdi. Hodisa tafsilotlari.
Yunusjon Nasimdjanov Davlat soliq qo‘mitasi raisi o‘rinbosari lavozimiga tayinlandi. Ushbu tayinlovdan avval u Jizzax viloyati davlat soliq boshqarmasi boshlig‘i vazifasida faoliyat yuritgan.
Turkiyaning Istanbul shahrida kurer bo‘lib ishlagan 31 yoshli O‘zbekiston fuqarosi tilanchilik bilan shug‘ullanuvchi shaxs tomonidan pichoqlab o‘ldirildi. Mojaroga o‘zbekistonlikning ishlash kerakligi haqidagi tanbehi sabab bo‘lgan.
Qo‘shimcha imkoniyatlardan foydalanish uchun saytda ro‘yxatdan o‘ting