«Mehr-3» operatsiyasi doirasida Suriyadan 98 nafar o‘zbekistonliklar vatanga qaytarildi. Ulardan 25 nafari ayollar va 73 nafari bolalar.
Toshkentning barcha tumanlarida piyodalar va velosipedchilar uchun uzunligi 50 kilometr bo‘lgan «Salomatlik yo‘laklari» tashkil etiladi.
Toshkentda qizil chiroqda qarama-qarshi yo‘nalishda harakatlangan UZB raqamli Toyota Land Cruiser haydovchisi jarimaga tortildi.
Prezident Shavkat Mirziyoyev Konstitutsiyaning 28 yilligi munosabati bilan 104 nafar fuqaroni afv etdi. Afv etilgan shaxslarning 6 nafari asosiy jazodan to‘liq ozod etildi, 50 nafari jazoni o‘tashdan muddatidan ilgari shartli ozod qilindi, 17 nafarining ozodlikdan mahrum etish jazosi yengilroq jazo bilan almashtirildi.
«Gender asosidagi zo‘ravonlikka qarshi 16 kunlik faol harakatlar» kampaniyasi doirasida zo‘ravonlik qurbonlari huquqlarini himoya qilish va ularga o‘z vaqtida yordam berish maqsadida «Najot» mobil ilovasi ishga tushirildi. Ilova yordamida jabrlanganlar psixolog onlayn yordamini olish, qiyin vaziyatda shifokor va advokat bilan maslahatlashish imkoniyatidan foydalanishlari mumkin.
Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi pandemiya davrida MSKT tekshiruvlari narxlarining asossiz oshirilganini o‘rganishda «Biznes-ombudsman» qarshiligiga duch kelganini ma’lum qildi.
Qozog‘iston senatori mamlakat tadbirkorlari O‘zbekistonga eksport qilishda duch kelayotgan asosiy muammolarni sanab o‘tdi. Uning gaplariga ko‘ra, O‘zbekiston Qozog‘istondan kirib kelayotgan 96 turdagi tovarga bojxona qiymatidan 5 foizdan 50 foizgacha aksiz solig‘ini qo‘llaydi. Qozog‘istonda esa o‘zbek mahsulolari uchun o‘xshash aksiz soliqlari mavjud emas.
Prezident tomonidan imzolangan Milliy gvardiya to‘g‘risidagi qonunga ko‘ra, Milliy gvardiya xizmatchisining o‘z vakolatlari doirasida qo‘yilgan qonuniy talablari barcha davlat organlari, boshqa tashkilotlar, mansabdor shaxslar va fuqarolar tomonidan bajarilishi majburiy qilib qo‘yiladi. Shuningdek, Milliy gvardiya xodimlari xizmatni o‘tash vaqtida daxlsizlik huquqiga ega bo‘ladi. Qonun 2021 yil 20 maydan kuchga kiradi.
To‘rtko‘l tumanida o‘g‘rilikka ushgan uyda 79 yoshli ayol va uning nabirasini pichoqlab o‘ldirib, pul va 2 dona uyali telefon apparatini olib ketganlikda gumonlanayotgan shaxs qo‘lga olindi.
Yaqin ikki kun ichida Qoraqalpog‘iston, Xorazm, Buxoro va Navoiy viloyatlaridan tashqari, O‘zbekistonning aksariyat hududlarida biroz qor yog‘ishi mumkin. Tun vaqtlarida havo ayozli bo‘ladi.
O‘simliklar karantini davlat inspeksiyasi rahbariyatining Rossiya veterinariya va fitosanitariya nazorati bo‘yicha federal xizmati bilan olib borgan muzokaralari davomida quritilgan o‘rik mahsuloti uchun taqiq qo‘yilmaslikka kelishilib, faqatgina mahsulot yuklangan eksporter korxonaga nisbatan fitosanitar choralar ko‘riladigan bo‘ldi.
Samarqandda 4 gramm giyohvandlik vositasini 6 mln so‘mga sotgan ikki shaxs qo‘lga olindi. Ularga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, «qamoqqa olish» tarzidagi ehtiyot chorasi qo‘llanilgan.
Toshkentning Sergeli tumanidagi «Sanoat enegriya» qozonxonasida noqonuniy ravishda ohak ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yilgani aniqlandi. Gaz ta’minoti tashkilotlariga yetkazilgan zarar deyarli 572 million so‘mni tashkil etmoqda.
Rossiya to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiya fondi qo‘shma O‘zbekiston-Rossiya investitsiya fondini yaratishni taklif qildi.
4 dekabr kuni Odam savdosiga va majburiy mehnatga qarshi kurashish Milliy komissiyasining yig‘ilishida beshta tuman — Chortoq, Uchqo‘rg‘on, Ohangaron, O‘rta Chirchiq, Urganch tuman hokimlariga majburiy mehnatga yo‘l qo‘yganliklari uchun hayfsan berildi.
Noyabr oyida prezident qarori ijrosini ta’minlash maqsadida Kadastr agentligining jami 346 nafar rahbarlari attestatsiya o‘tkazilgan bo‘lib, rahbarlarning 61 foizi undan o‘ta olmagan.
4 dekabr kuni Adliya vazirligi tomonidan «O‘zbekiston volontyorlari assotsiatsiyasi» davlat ro‘yxatidan o‘tkazildi. Assotsiatsiyaning asosiy maqsadi volontyorlik faoliyatini tashkil etish tashabbuslarini rivojlantirish, qo‘llab-quvvatlash hamda volontyorlarning huquq va manfaatlarini himoya qilishdan iborat.
Oldin Davlat xavfsizlik xizmati raisining o‘rinbosari bo‘lib ishlagan Alisher Usmonov O‘zbekiston prezidenti Davlat xavfsizlik xizmatiga rahbar bo‘ldi.
Sog‘lom turmush tarziga rioya qiluvchilar uchun Zira.uz to‘g‘ri ovqatlanish tartibiga oid retseptlar to‘plamini taqdim etadi.
O‘rmon va daraxtlarga zarar yetkazish va ularni kesish, ekinlarni yo‘q qilish uchun jarimalar miqdori 50−100 BHM dan 100−150 BHM gacha oshirildi. Shuningdek, yuridik shaxslarga qarashli yoki biriktirilgan hududlarda daraxtlarni muhofaza qilish va asrab-avaylash choralari ko‘rilmaganligi uchun javobgarlik joriy etildi.
Qo‘shimcha imkoniyatlardan foydalanish uchun saytda ro‘yxatdan o‘ting