14 sentabr kuni O‘zbekiston afg‘on xalqiga 25 ta vagonda zarur mahsulotlardan iborat insonparvarlik yordamini yubordi. O‘zbekiston delagatsiyasi «Tolibon» vakillari bilan uchrashib, mamlakatlar o‘rtasidagi hamkorlikni muhokama qildi va esdalik sovg‘alarini topshirdi.
Tojikiston TIVning AQSh elchisiga norozilik notasini topshirgani, Qozog‘istonning Olmaotada Afg‘onistonga gumanitar yordam ko‘rsatadigan markazni yaratishni taklif qilgani, Yangi Zelandiya tub aholisining mamlakat nomini o‘zgartirish tashabbusi va boshqa yangiliklar — «Gazeta.uz»ning jahon yangiliklari dayjestida.
Afg‘oniston muvaqqat hukumati rasmiy vakili Zabihulla Mujohid O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyevga insonparvarlik yuki uchun minnatdorlik bildirdi. Balx viloyati gubernatori Qudratillo Abu Hamzaning so‘zlariga ko‘ra, ushbu yordam mamlakatda yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan gumanitar va oziq-ovqat inqirozining oldini olishga xizmat qiladi.
Seshanba kuni O‘zbekiston Afg‘onistonga 1,3 ming tonnalik insonparvarlik yukini yubordi. O‘z ichiga oziq-ovqat mahsulotlari, dori-darmon va kiyim-kechaklarni olgan ushbu gumanitar yordam muhtoj afg‘on oilalariga tarqatiladi.
Prezident Shavkat Mirziyoyev Rossiya davlat rahbari Vladimir Putin bilan telefonda muloqot qilib, Afg‘onistondagi vaziyatni muhokama qildi. Prezidentlar bo‘lajak uchrashuvlar rejasini ham ko‘rib chiqishdi.
Birlashgan Millatlar Tashkiloti bosh kotibi Antoniu Guterrish xalqaro hamjamiyatni toliblar bilan muloqot qilishga va ularni munozaraga jalb qilishga chaqirdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, bu Afg‘onistonda «ko‘p azob chekayotgan odamlar bilan birdamlikni ko‘rsatish uchun kerak».
Shavkat Mirziyoyev O‘zLiDePning saylovoldi s’ezdida «Afg‘oniston zaminida tinchlik va osoyishtalikni ta’minlashga, qo‘limizdan kelgan barcha yordamni ayamaslik» ni ta’kidladi. Prezident shuningdek, «Jahon savdo tashkilotiga a’zo bo‘lish va YeOII bilan integratsiya jarayonlarini chuqurlashtirish bo‘yicha qadamlar qo‘yilishini» ma’lum qildi.
TIV rahbari Abdulaziz Kamilov O‘zbekiston Afg‘oniston bilan «do‘stlik va yaxshi qo‘shnichilik munosabatlarini saqlab qolish, betaraflik va qo‘shni davlatning ichki ishlariga aralashmaslik tarafdori» ekanligini ta’kidladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Afg‘onistonni mintaqaviy integratsiya jarayonlariga jalb qilish mamlakat iqtisodiyotini tiklashga samarali imkoniyat yaratadi.
Prezidentlik saylovlarida “Adolat” partiyasidan nomzod Bahrom Abduxalimov Afg‘onistonda tuzilgan vaqtinchalik hukumat haqidagi mulohazalari bilan o‘rtoqlashdi. “Afg‘oniston xalqi qaysi hukumatni tavsiya qilsa, qaysi hukumat bilan aloqa qilishni munosib deb topadigan bo‘lsa, O‘zbekiston yaqin qo‘shni sifatida ular bilan muloqotga kirishishi kerak”, — dedi u.
O‘zbekiston Afg‘onistonda muvaqqat hukumat tuzilganini olqishlaydi, deya ma’lum qildi Tashqi ishlar vazirligi. Vazirlik yangi davlat idoralari bilan «konstruktiv muloqot va amaliy o‘zaro hamkorlikni rivojlantirishga tayyorligini» bildirdi.
BMTning rasmiy vakili Ramiz Alakbarov Afg‘onistonning muhtoj aholi qatlamlarisha mo‘ljallangan oziq-ovqat zaxiralari shu oyda tugashi mumkinligini ma’lum qildi. Uning so‘zlariga ko‘ra, mamlakatda besh yoshdan kichik bolalarning yarmidan ko‘pi to‘yib ovqatlanmaslikdan aziyat chekmoqda, aholining uchdan bir qismidan ortig‘i yetarli oziq-ovqat bilan ta’minlanmagan. Ayni paytdagi mavjud talabni qondirish uchun oziq-ovqat sektorining o‘ziga kamida 200 million dollar mablag‘ zarurligi aytilmoqda.
O‘zbekiston va Buyuk Britaniya tashqi ishlar vazirlari Afg‘onistondagi vaziyatni muhokama qilishdi. Britaniya vaziri Dominik Raab o‘tgan hafta evakuatsiya bo‘yicha strategiya yo‘qligi uchun tanqid qilingandi, unga o‘rnak sifatida Germaniya fuqarolarini evakuatsiya qilish vaqtida Toshkentga shaxsan tashrif buyurgan TIV rahbari ko‘rsatilgan edi.
O‘zbekiston Havo hujumidan mudofaa qo‘shinlari Afg‘oniston bilan chegara hududda joylashgan «Termiz» dala o‘quv maydonida o‘quv yig‘inini o‘tkazmoqda.
Nigeriyada qaroqchilar tomonidan 100 dan ortiq o‘quvchining o‘g‘rilab ketilgani, AQShda «Ida» dovuli tufayli sakkiz kishining halok bo‘lgani, Afg‘onistondagi vaziyat bo‘yicha so‘nggi xabarlar va boshqa yangiliklar — «Gazeta.uz»ning jahon yangiliklari dayjestida.
Shavkat Mirziyoyev Islom taraqqiyot banki Boshqaruvchilar kengashi yig‘ilishida Markaziy Osiyo davlatlari o‘rtasida savdo aloqalarini kengaytirish haqida gapirar ekan, Afg‘oniston ham mintaqaning ajralmas qismi ekanligiga urg‘u berdi. «Afg‘onistonda siyosiy barqarorlikni o‘rnatish — mintaqaviy xavfsizlikning ishonchli omilidir», — dedi prezident.
Yevropa Ittifoqi mamlakatlari Afg‘oniston qo‘shnilariga qochqinlarni qabul qilish evaziga 600 mln yevro to‘lab berishni rejalashtirayapti, deb xabar berdi Financial Times. Nashr ma’lumotlariga ko‘ra, moliyaviy ko‘makni O‘zbekiston, Tojikiston, Pokiston va xatto Eron ham olishi mumkin. Bu Afg‘onistondan Yevropaga yo‘l olishi mumkin bo‘lgan qochoqlar oqimining oldini olishga yordam berishi kutilmoqda.
Ijtimoiy tarmoqlarda «Tolibon» harakati Afg‘oniston hududida o‘zbek tilining o‘qitilishini taqiqlagani,bir qator o‘zbek mualliflar asarlari yo‘q qilinayotgani haqida xabarlar tarqaldi. O‘zbekiston TIV «Tolibon» rasmiy rahbariyati bilan bo‘lib o‘tgan suhbati chog‘ida «ushbu axborotning haqiqatga zidligi»ni ta’kidladi. Vazirlik «Tolibon» vakili o‘zbek tili, pushtu va dari tillari bilan bir qatorda, bundan buyon ham Afg‘onistonning rasmiy tillaridan biri bo‘lib qolishini tasdiqlaganini ma’lum qildi.
Dushanba kuni AQShning so‘nggi harbiy samolyoti Afg‘onistonni tark etdi va mamlakatning harbiy missiyasi yakunlandi. Shuningdek, AQShning Afg‘onistondagi diplomatik faoliyati ham to‘xtatildi, diplomatlar mamlakatni tark etdi. Kobuldagi elchixona yopiqligicha qoladi.
O‘zbekiston ko‘plab insonlarning hayotiga zomin bo‘lgan Afg‘oniston poytaxtidagi teraktni qoralaydi, deyiladi TIV bayonotida. Kobul aeroportida sodir bo‘lgan portlashlar oqibatida halok bo‘lganlar soni 170 nafarga yetdi.
Prezident Shavkat Mirziyoyev O‘zbekiston toliblar bilan ikki yil oldin muloqotni yo‘lga qo‘yganini ma’lum qildi. «Dohadagi rahbari Mulla Abdul G‘ani Barodar O‘zbekiston tomoniga birorta o‘q otilmasligi bo‘yicha va’da bergan. Va’dasiga vafodor bo‘lib turgani uchun ham ular bilan muloqot qilishimiz tabiiy», — dedi u. «O‘zbekistonning tinchligiga ta’sir ko‘rsatadigan omil bo‘lsa, kim bo‘lishidan qat’i nazar gaplashaman», — deya ta’kiladi davlat rahbari.
Qo‘shimcha imkoniyatlardan foydalanish uchun saytda ro‘yxatdan o‘ting