O‘zbekiston prezidentining aytishicha, xorijiy investorlar Yunusobod dehqon bozoriga 40 million dollar sarmoya kiritish va uni yer ostida ikki qavat, yer ustida olti qavatli bozorga aylantirishni taklif qilgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, bozor bir qavatli bo‘lgani uchun “dimiqib ketgan”.
“Toshkentning yer o‘ta cheklangan sharoitida bor infratuzilmani vertikal o‘stirish orqali sanoat va savdoni rivojlantirish zarur”, — dedi prezident. U yirik bozorlarni qavat-qavat usulda kengaytirish imkoniyatlari haqida gapirdi.
Prezident tarixiy shaharlardagi bozorlarni sayyohlar uchun jozibador maskanlarga aylantirish hamda Toshkent va boshqa shaharlardagi yangi bozorlar loyihalari bilan tanishdi. 515 ta bozorni “tartibga keltirish” uchun alohida dastur ishlab chiqilmoqda.
Prezident bozorni O‘zbekistonning “tashrif qog‘ozi”ga aylantirish zarurligini ta’kidladi. U milliy madaniyatni aks ettiruvchi yangi zamonaviy bozor komplekslari loyihasini ishlab chiqishni topshirdi. Har bir hududda zargarlik majmualari tashkil etish, mehmonxona va mehmon uylari sonini ko‘paytirish reja qilindi.
Birinchi chorakda respublika dehqon bozorlari 2014 kg iste’molga yaroqsiz go‘sht va 3583 kg ichki organlar topilib, yo‘q qilindi. Toshkent veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish boshqarmasi poytaxtga aylanma yo‘llar bilan kirib kelayotgan iste’molga yaroqsiz go‘shtlar asosan umumiy ovqatlanish shoxobchalariga tarqatilishini ma’lum qildi. Eshak go‘shti masalasiga ham izoh berildi.
Davlat aktivlarini boshqarish agentligi 60 dan ortiq bozor va savdo majmualarida davlat ulushlarini sotish bo‘yicha hukumat qarori loyihasini e’lon qildi. Ular orasida Toshkentdagi Mirobod, Farhod, O‘rikzor va Oloy dehqon bozorlari, «Ippodrom» va «Bek to‘pi» savdo komplekslari mavjud. Qarorga ko‘ra, hokimlar boshchiligida hududiy komissiyalar tashkil etilib, bozorlardagi davlat ulushi hokimliklarga o‘tkazilishi kutilmoqda. Iqtisodchi Otabek Bakirov ushbu qaror loyihasini tanqid qildi.
Qo‘shimcha imkoniyatlardan foydalanish uchun saytda ro‘yxatdan o‘ting