“Baxti Tashkentskiy” va 36 nafar ayblanuvchi bo‘yicha boshlangan sud majlisini yoritayotgan “Daryo” jurnalisti Otabek Qo‘ldoshev IIBga chaqirildi. Jurnalist shikoyat arizasi bilan tanishtirilmay, tushuntirish xati yozdirib olingan. Uning ustidan sudga raislik qilayotgan sudya shikoyat qilgani aytilmoqda.
Navoiy viloyati IIB jinoyat sodir etganlarning suratlari tushirilgan “sharmanda doskasi” mahallalarda joriy etilishiga yo‘l qo‘yilmasligini bildirdi. Avvalroq ombudsman bu amaliyot inson huquqlariga zid ekanini bayon qilgandi. Bunday suratlarni joylashtirish 2021-yilda hukumat tomonidan tasdiqlangan.
Marg‘ilon shahrida qora rangdagi o‘nlab Gentra mashinalari haydovchilari bilan profilaktik suhbat o‘tkazildi. Bu aynan shu rangdagi Gentra avtomobillarining davlat raqami belgisini yechib harakatlanish ko‘paygani bilan izohlandi. Farg‘ona viloyati IIB jarayon profilaktik ishlarning bir qismi ekanini ta’kidladi.
Samarqand shahrida janjal bo‘layotgani yuzasidan kelib tushgan chaqiriqqa ko‘ra xonadonga borgan profilaktika inspektori uy egalari tomonidan kaltaklandi. Shuningdek, unga tegishli mashina oynalari sindirildi. Holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, 2 fuqaro qamoqqa olindi.
Ijtimoiy tarmoqlarda Toshkent shahridagi ichki ishlar bo‘limida qo‘lga olingan shaxs vafot etgani haqida xabarlar tarqaldi. IIBB ma’lumotiga ko‘ra, o‘ta og‘ir jinoyatlarda gumon qilingan erkak bayonnoma rasmiylashtirish chog‘ida hushini yo‘qotgan va vafot etgan.
Navoiyda fuqaroga $30 ming evaziga oltin qazib olish uchun sharoit yaratib bergan IIB inspektori, Namanganda $3 ming evaziga firmaning 383 mln so‘mlik solig‘ini bartaraf etmoqchi bo‘lgan soliq inspektori, Andijonda $5 ming evaziga fuqaroni ishga kiritib qo‘yishni va’da qilgan Milliy gvardiya xodimi ushlandi.
Prezident 15 ta tuman (3 tasi poytaxtda) IIB boshliqlari va 5 ta tuman prokurorlarini lavozimidan ozod qildi. Bosh prokuror birinchi o‘rinbosari va IIV rahbarining ikki o‘rinbosariga hayfsan berildi, raqamlashtirish uchun mas’ul o‘rinbosar Najmiddin To‘raxojayev egallab turgan lavozimidan ozod qilindi.
Toyloq tumanida hokimiyat zaxirasidagi 18 sotix yerni 75 ming dollarga sotmoqchi bo‘lgan shaxs qo‘lga olindi. Hozirda holat bo‘yicha tergovga qadar tekshiruv harakatlari o‘tkazilmoqda.
Andijondagi tergov hibsxonasida mahkumning kaltaklanib, o‘ldirib qo‘yilgani bo‘yicha 12 nafar IIO xodimiga sud hukmi o‘qildi. Ulardan 6 nafari qamaldi, qolgani uy qamog‘iga hukm qilindi. Marhumni kamerada kaltaklagan bir nafar mahbusning jazo muddati uzaydi.
Qashqadaryo viloyatida 3 nafar blogerga mayda bezorilik, ichki ishlar xodimlarining qonuniy talablarini bajarmaslik va boshqa moddalar bo‘yicha 5 sutkadan ma’muriy qamoq jazosi tayinlandi. Jamoatchilik buni “mantiqsiz va noqonuniy” deya atab, Oliy suddan asoslantirilgan izoh berishni so‘radi.
Chilonzor tumani IIB binosida 21 yoshli yigit tergovdan qochish maqsadida 4-qavatdagi hojatxonadan sakragani aytilmoqda. U shifoxonada vafot etgan. Yigit mashinasidan giyohvand modda topilgani uchun qo‘lga olingandi. Marhumning yaqinlari uning o‘limi sababiga shubha bildirmoqda.
Qashqadaryoda bayroq rangidagi tasma taqqan yigit ishi bo‘yicha IIB xodimlariga xizmat tekshiruvi tayinlandi. Avvalroq “Yuksalish” xodimlar va noqonuniy qaror qabul qilgan sud harakatlariga qanday baho berilganiga qiziqib, ish tafsilotlarini ochiqlashga chaqirgandi.
Tarmoqlarda 15−18 yoshlardagi qiz va ikki o‘g‘il yigitning psixotrop modda bilan ushlab turgani aks etgan video tarqaldi. Farg‘ona viloyati IIBga ko‘ra, ularda psixotrop modda yoki sovuq qurol aniqlanmagan. Ammo ulardan ikkisi va videoni tarqatgan shaxs jarimaga tortilgan.
DXX va IIB Samarqandda fuqarolarni $24 ming evaziga Kanadaga jo‘natishda gumonlangan ayolni ushladi. U kelishilgan puldan 4 ming dollar olgan vaqtda qo‘lga tushgani aytilmoqda.
G‘uzor tumanida fuqaro akasi tergovga jalb qilinganiga norozilik sifatida chorva mollarini tuman hokimligi binosi oldiga haydab bordi. Sud qarori bilan u 7 sutkaga qamaldi.
Shuxrat Aliyev Namangan viloyati IIB boshlig‘i lavozimiga tayinlandi. U bungacha Buxoro viloyati IIB boshlig‘i bo‘lib ishlagan.
DXX tezkor tadbir o‘tkazib, Qashqadaryoda jami 99 gektar yerni noqonuniy sotmoqchi bo‘lgan fermer xo‘jaligi rahbarlari va xodimini qo‘lga oldi. Sirdaryoda ham muqaddam sudlangan shaxs bog‘ yaratish uchun berilgan yerni 30 ming dollarga sotmoqchiligi ma’lum bo‘ldi. Hozir ushbu shaxslarga jinoyat ishi ochildi.
Payariq tumanidagi Chelak shifoxonasi xodimlari o‘rtasida janjal sodir bo‘ldi. Tarmoqlarda shifoxona bosh shifokorining o‘g‘li va kelini ikki hamshirani urib, jarohat yetkazgani aytilmoqda. Janjalda tan jarohati yetkazishda gumonlanayotgan fuqaroga jinoyat ishi ochildi.
Asakada ichki ishlar xodimlari jamoat tartibini buzganlikda ayblab, fuqarolarga kuch ishlatdi. Tuman IIBga olib ketilgan fuqarolar uzr so‘rab, xodimlarga sovuqda tartibni saqlayotgani uchun minnatdorlik bildirdi. Ularning kaltaklangani aks etgan videoni tarqatish esa yaxshi ish bo‘lmaganini aytdi.
Tarmoqlarda Farg‘onada ayol kishi IIB binosi oldida o‘zini yoqib yubormoqchi bo‘lgani haqidagi xabar tarqaldi. Viloyat IIB ayolning qizi 4 nafar shaxsga jinsiy aloqa qilishga sharoit yaratib bergani va 2 nafar voyaga yetmagan qizni tutqunlikda saqlab, fohishalikka majburlab kelgani uchun ushlanganini ma’lum qildi.
Qo‘shimcha imkoniyatlardan foydalanish uchun saytda ro‘yxatdan o‘ting