Gruziya bosh vaziri 2028-yilgacha Yevropa Ittifoqiga a’zo bo‘lish bo‘yicha muzokaralardan voz kechilganini e’lon qildi. Shundan so‘ng Tbilisida bir necha ming kishi yig‘ildi. Namoyishchilar va politsiya o‘rtasida to‘qnashuv bo‘ldi. Prezident Salome Zurabishvili ham namoyishga qo‘shildi. Jarayon davomida 43 kishi qo‘lga olindi.
Gruziyada parlament saylovi natijalariga qarshi bir necha yuzlab kishilar norozilik namoyishini o‘tkazdi. Unda prezident ham qatnashib, xalqaro yetakchilar bilan gaplashgani va suhbatdoshlari ham natijalarni tan olmaganini aytdi. Aksiyada asosiy talab xalqaro tashkilotlar kuzatuvida yangi saylov o‘tkazish bo‘ldi.
Venesuelaning amaldagi rahbari Nikolas Maduro g‘alaba qozongan prezidentlik saylovlaridan so‘ng Karakas va mamlakatning boshqa shaharlarida minglab odamlar namoyishga chiqdi. U 2013-yildan buyon shu lavozimda qolmoqda.
Qirg‘iziston poytaxti Bishkekda mahalliy aholi va xorijliklar o‘rtasidagi mushtlashuv mehnat migrantlariga qarshi tartibsiz namoyishlar boshlanishiga sabab bo‘ldi. Voqea oqibatida kamida 29 kishi jarohatlandi.
Yerevanda fuqarolik itoatsizligi aksiyalari boshlandi. Namoyishchilar Armaniston bosh vaziri Nikol Pashinyanning iste’fosini talab qilib, Ozarbayjonga hududiy yon berishlariga qarshi chiqmoqda.
2019 yilda ishlab chiqilgan, biroq qabul qilinmagan Mitinglar to‘g‘risidagi qonun loyihasi qaytadan jamoatchilikka taqdim etiladi, deya ma’lum qildi IIV matbuot kotibi Shohrux G‘iyosov. U mitinglar Konstitutsiya, MJtK, JK va VMning 205-conli qaroriga tayanib, tartibga solinayotganini aytdi. Aslidachi?
Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi Rossiyadagi O‘zbekiston fuqarolaridan ruxsat berilmagan ommaviy namoyishlarda ishtirok etmaslikni so‘radi. Avvalroq «Vesna» harakati 21 sentabr kuni e’lon qilingan qisman safarbarlikka qarshi norozilik namoyishi qilishga chaqirgandi.
Bosh prokuratura Qoraqalpog‘istonda sodir bo‘lgan voqealar xronologiyasini ma’lum qildi. Taxminan 300 kishi Nukusga kirishdagi postda 50 nafar gvardiyachidan ratsiya, dubinka, shitlarni tortib olgani va Nukus xalqaro aeroporti, mahbuslar Reabilitatsiya markazi, shahar IIB binolariga hujum uyushtirgani aytilmoqda.
1−2 iyul kunlari Nukus shahridagi bo‘lib o‘tgan namoyishlar oqibatida 18 nafar fuqaro vafot etdi, 243 kishi, shu jumladan, 38 nafar huquq-tartibot organlari xodimi turli jarohatlar bilan shifoxonalarga yotqizildi. Tartibsizliklarda qatnashgan 516 nafar fuqaro hibsga olindi.
Qariyb bir sutka davomida shovqin chiqaruvchi vosita va o‘q ovozlari eshitilib turgan Nukus bugun tinch. Shifoxonalarda yaralanganlar ko‘p. Aholi yaqinlarini halok bo‘lganlar va hibsga olinganlar orasidan qidirmoqda. Ko‘chalarda yongan shina va qon izlarini ko‘rish mumkin. Shuhrat Latipov fotoreportaji.
Qozog‘iston bosh prokuraturasi xabar berishicha, yanvar voqealari bo‘yicha ochilgan ishlarga 11 nafar O‘zbekiston fuqarosi jalb qilingan. Ular tartibsizliklarda ishtirok etish va o‘g‘rilikda gumonlanmoqda.
Qozog‘iston bosh prokurori yanvar voqealari vaqtida jami 230 kishi halok bo‘lgani, shundan 19 nafari harbiylar ekanini ma’lum qildi. Uning so‘zlariga ko‘ra, vafot etganlarning eng ko‘pi Olmaota shahriga (139 kishi) to‘g‘ri kelmoqda. 20 nafar fuqaro esa tasodifan otishmalar oqibatida halok bo‘lgan. Tartibsizliklarga Qozog‘iston MXQning sobiq raisi va sobiq mudofaa vaziri ham aloqadorligi aytilmoqda.
13 fevral kuni Qozog‘istonning Olmaota shahridagi Mustaqillik monumenti oldida 700 ga yaqin odam xotira mitingiga to‘plandi. Ular qo‘llarida «Begunohlarga ozodlik», «Xalq terrorchi emas», «Qonli yanvarni unutmaymiz va kechirmaymiz», «Ogohlantirmasdan o‘t ochish — bu xalqqa qarshi jinoyatdir» kabi bannerlar va plakatlar bilan noroziliklarini bildirmoqda. Prezident xalqqa yana murojaat yo‘lladi.
Qozog‘iston — O‘zbekistonning uchinchi raqamli yirik savdo hamkori hisoblanadi. Qo‘shni mamlakatdan katta hajmda neft mahsulotlari, don, cho‘yan, po‘lat va boshqa tovarlar import qilinadi. Shuningdek, O‘zbekiston uchun Qozog‘iston avtomobil, meva-sabzavot va boshqa mahsulotlar eksporti uchun muhim bozor hisoblanadi. «Gazeta.uz» ikki davlat o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy aloqalar qanday tuzilganini o‘rganib chiqdi.
KXSHT Kollektiv xavfsizlik kengashi Qozog‘iston prezidenti murojaatidan so‘ng, mamlakatdagi vaziyatni barqarorlashtirish maqsadida «Kollektiv tinchlikparvar kuchlarni vaqtinchalik missiya bilan yuborishga» qaror qildi.
Qozog‘iston prezidenti mamlakatdagi tartibsizliklarni xalqaro terroristik agressiv harakat deb atadi va KXSHTga a’zo davlatlar rahbarlaridan yordam so‘radi. U aksilterror operatsiya boshlanganini ma’lum qildi va Olmaotada aeroport qo‘lga olinganini tasdiqladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, shahar yaqinida Mudofaa vazirligining havo-desant bo‘linmalari bilan jang ketmoqda.
Qozog‘iston prezidenti Qasim-Jomart Toqayev mamlakat Xavfsizlik kengashiga raislik qilishni boshladi, Nursulton Nazarboyev ushbu lavozimga bir umrga tayinlangan edi. Toqayev kengash raisi sifatida iloji boricha qattiqqo‘llik bilan harakat qilishini ma’lum qildi. «Bu menga o‘zlari va oilalarining hayotlarini himoya qilishni so‘rab murojaat qilayotgan fuqarolarimizning xavfsizligi masalasi», — dedi u. Prezident poytaxtda qolib, tez orada Qozog‘istonni siyosiy transformatsiya qilish bo‘yicha yangi takliflarni taqdim qilishini ta’kidladi.
Qozog‘iston prezidenti mamlakatda davom etayotgan norozilik namoyishlari ortidan Olmaota shahri va Mangistau viloyatida ikki haftalik favqulodda holat joriy qildi.
Qozog‘iston prezidenti vatandoshlariga yo‘llagan videomurojaatida namoyishlar ishtirokchilarini «aql bilan ish ko‘rishga, ichki va tashqi ig‘volarga berilmaslikka, mitingchilar va o‘zboshimchaliklar eyforiyasiga uchmaslikka» chaqirdi. «Hukumat qulamaydi. Biroq, bizga mojaro emas, o‘zaro ishonch va muloqot kerak», — dedi u.
«Gazeta.uz» manbalari va Qozog‘istondagi OAVlar mamlakatda bir qator ijtimoiy tarmoqlar ochilmayotganini ma’lum qildi. Ayrim hududlarda esa norozilik namoyishlari davom etmoqda. Prezident Qasim-Jomart Toqayev namoyishchilardan «buzg‘unchi shaxslarning chaqiriqlariga ergashmaslikni» so‘radi va ijtimoiy-iqtisodiy xarakterdagi talablarni ko‘rib chiqishga va’da berdi.
Qo‘shimcha imkoniyatlardan foydalanish uchun saytda ro‘yxatdan o‘ting