Rossiyadagi elchixona mamlakatda noqonuniy yurgan o‘zbekistonliklarni huquqiy maqomini zudlik bilan hal qilishga chaqirdi. Nazorat qilinadigan shaxslar reyestriga kirganlar 30-aprelgacha huquqiy holatini hal qilishi yoki chiqib ketishi kerak. Reyestrda bor-yo‘qligini Rossiya IIV sayti orqali tekshirish mumkin.
O‘zbekistondan chiqib 3 oydan ortiq vaqt mobaynida qaytib kelmagan fuqarolarga pensiya to‘lash vaqtincha to‘xtatib turiladi, deya bildirdi Pensiya jamg‘armasi. Fuqaro qaytib kelganida olinmay qolgan oylardagi mablag‘ning 24 oyligini olish huquqiga ega.
Odam savdosida ayblanib qidiruvda bo‘lgan 34 yoshli ayol Turkiyadan O‘zbekistonga deport qilindi. U fuqarolarning hujjatlarini olib qo‘ygan va shahvoniy maqsadlarda sotib yuborgan.
Turkiyada qalbaki alkogoldan zaharlanish oqibatida vafot etgan o‘zbekistonliklar soni oshdi. Istanbuldagi bosh konsulxona 11 kishi halok bo‘lgani haqida xabar berdi, ammo keyinroq so‘nggi qurbon haqidagi xabar o‘chirib tashlandi.
O‘g‘rilikda ayblanib qidiruvda bo‘lgan 26 yoshli ayol Turkiyadan O‘zbekistonga deportatsiya qilindi. Undan jabr ko‘rgan fuqarolardan konsullik yoki IIVga murojaat qilish so‘raldi.
Rossiyaning Ulyanovsk viloyatida Cobalt va yuk mashinasi to‘qnashdi. Oqibatda yengil mashinada bo‘lgan 5 nafar O‘zbekiston fuqarosi halok bo‘ldi. Hozirda ularning jasadlarini vatanga qaytarish choralari ko‘rilmoqda.
Nijniy Novgorod viloyatida sodir bo‘lgan YTHda 7 nafar o‘zbekistonlik — olti erkak va bir ayol halok bo‘ldi, yana 3 kishi shifoxonaga yotqizildi. Vafot etganlarning jasadlarini vatanga qaytarish choralari ko‘rilmoqda.
Fevral oyidan buyon Makka shahridagi shifoxonalardan birida davolanayotgan va viza muddati tugagan fuqaroning O‘zbekistonga qaytishiga yordam ko‘rsatildi. U va uning o‘g‘li shifokor hamrohligida Toshkentga olib kelindi.
Avtomobil oldi-sotdisi sohasida firibgarlikda ayblanib, 10 yildan buyon qidiruvda bo‘lgan 45 yoshli erkak Turkiyadan O‘zbekistonga deportatsiya qilindi. Ushbu shaxsning xatti-harakatlaridan jabr ko‘rgan fuqarolardan konsullik yoki IIVga murojaat qilishlari so‘raldi.
O‘zbekiston fuqarosi Polshada 15 yoshli ukrainalik o‘smirlarga hujum qilgani yo‘q, u o‘zini himoya qilgan, deya xabar qildi O‘zbekistonning Varshavadagi elchixonasi. Yigit firibgarlar unga bosqinchilik uyushtirganini aytdi. Fuqaroga nisbatan qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasi bekor qilindi.
Nyu-Yorkning Bruklin shahrida 24 yoshli o‘zbekistonlik erkak oilasining to‘rt a’zosi — onasi, akasining rafiqasi va ularning ikki kichik farzandini o‘ldirganlikda gumonlanmoqda.
Xo‘janddan Dushanbe shahri tomon harakatlangan Nexia 2 avtomobili yuk mashinasi bilan to‘qnashdi. Oqibatda uch nafar o‘zbekistonlik fuqaro — mashina haydovchisi va ikki nafar yo‘lovchi voqea joyida halok bo‘ldi.
Qozog‘istonning Olmaota shahrida noqonuniy migratsiya bo‘yicha reydlarda 27 nafar o‘zbekistonlik ushlandi. Ulardan 3 nafariga ma’muriy javobgarlik tayinlandi, qolganlari ish joyiga qaytarildi. Mamlakat bo‘ylab migratsiya huquqbuzarliklarini aniqlash maqsadida “Nelegal-2024” reyd tadbirlari o‘tkazilmoqda.
Dubay aeroportida noqulay ob-havo tufayli reys kechikkach, o‘zbekistonlik ayol janjal ko‘tardi. U bortdagi boshqa bir ayol bilan ham janjallashdi. Oqibatda parvoz yana kechikdi, boshqa qatnovlar vaqti ham o‘zgardi va ayollar reysdan qoldirildi. Uzbekistan Airways ko‘rgan 5037 dollar zarar ulardan undirib olindi.
O‘zbekiston elchixonasi Dehli aeroportida 5 kg oltin bilan qo‘lga olingan o‘zbekistonliklar tergovini nazoratga oldi. Diplomatik missiya vaqtincha hibsga olingan fuqarolar bilan uchrashuv o‘tkazish choralarini ko‘rmoqda.
Istanbulda vaqtincha yashab, ishlayotgan samarqandlik 53 yoshli erkak ish joyida zinadan yiqilib tushish oqibatida hushini yo‘qotib, voqea joyida vafot etdi. Uning jasadi morgda saqlanmoqda, bosh konsulxona marhumning qarindoshlaridan murojaat qilishni so‘radi.
Chorshanba kuni Hindistonning Bengaluru shahridagi mehmonxonada 27 yoshli o‘zbekistonlik ayolning jasadi topildi. Elchixona hozirda shahar politsiya vakillari bilan vaziyatni nazoratga oldi. Marhumning oila a’zolari bilan aloqa o‘rnatish choralari ko‘rilmoqda.
Nyu-York shahrida o‘zbekistonlik erkak xotinini pichoqladi. U politsiyaning pichoqni tashlash to‘g‘risidagi talabiga bo‘ysunmagach, otib o‘ldirildi. Ayol hozirda shifoxonada va u erining vafotidan xabardor emas.
Qozog‘istonning Aqmola viloyatida sovuq havoda nosoz avtobusda qolib ketgan 27 nafar o‘zbekistonlik, jumladan, 12 nafar bola evakuatsiya qilindi. Avvalroq Kazinform agentligi ularning soni 64 nafar ekani haqida ma’lumot bergandi.
Qozog‘istonning Qarag‘anda viloyatidagi ikki qavatli turar-joy binosida gaz balloni portlashi oqibatida 2 nafar O‘zbekiston fuqarosi jarohatlandi. Ular og‘ir ahvolda kasalxonaga yotqizildi. Elchixona holat nazoratga olinganini bildirdi.
Qo‘shimcha imkoniyatlardan foydalanish uchun saytda ro‘yxatdan o‘ting