2018-yildan beri Samarqand viloyati hokimi lavozimida ishlab kelgan Erkinjon Turdimov prezident farmoni bilan lavozimdan olindi. Uning o‘rnini Hisob palatasi raisi lavozimida ishlagan Adiz Boboyev hokim vazifasini bajaruvchi sifatida egalladi.
Shavkat Mirziyoyev Samarqand viloyatini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish bo‘yicha rejalar bilan tanishdi. 2025-yilda 1,8 mlrd dollar investitsiya jalb qilish orqali 20 ming ish o‘rni yaratish, zaxiradagi yerlarda sanoat zonalari tashkil etish, yaylovlarni turistik hududga aylantirish — shular jumlasidan.
Samarqandda Nexia 2022-yilgi SHHT sammiti oldidan kengaytirilgan yo‘ldan o‘tayotgan 7 yoshli bolani urib yubordi. “Peshexod”lar orasidagi masofa 1 km bo‘lgani uchun aholi doimiy ravishda bu yerdan yo‘lni kesib o‘tadi. Viloyat YHXB aholini bolalarga e’tiborli bo‘lishga, yo‘l harakati qoidalariga rioya qilishga chaqirdi.
Kattaqo‘rg‘on shahrida turmush o‘rtog‘i bilan videomuloqot chog‘ida janjallashib, o‘g‘lini bo‘g‘ishga uringan ayolga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. Ayolning aytishicha, eri Rossiyada boshqa ayolga uylangan va qaytishni istamayapti. Bolamni bo‘g‘madim, erimni shunday qilib qo‘rqitmoqchi bo‘ldim, dedi u.
Samarqandda Nexia-2 piyodalar o‘tish joyida SamDU talabasini urib yubordi, oqibatda u shifoxonada vafot etdi. Holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.
Samarqand viloyati hokimi Erkinjon Turdimov ota-onalar bilan yig‘ilishda ko‘pchilik “hamma yaxshi narsalar mehmonga” tamoyili bo‘yicha yashab, “yerda uxlab yotgan” farzandlarini unutib qo‘yishini aytdi. Ota-onalarning dunyoqarashini o‘zgartirib, bola tarbiyasiga e’tibor qaratish lozim, dedi u.
Bosh prokuratura Nurobod tumanidagi korxona elektrga noqonuniy ulanib, kripto-aktiv va mayning faoliyati bilan shug‘ullanganini aniqladi. MCHJ 2,5 mlrd so‘mlik elektrdan o‘g‘rincha foydalangan.
Samarqand xalqaro aeroporti epidemiologik vaziyat tufayli kutib oluvchilar va kuzatib qo‘yuvchilar uchun kirish cheklangani haqida e’lon berib, so‘ng uni o‘chirdi. Sanitariya-epidemiologiya qo‘mitasi vaziyat barqarorligi, aeroportni boshqaruvchi kompaniya esa uning cheklovlarsiz ishlayotganini ma’lum qildi.
Samarqand viloyatida 47 kishi jinoiy guruhga a’zolikda gumonlanib qo‘lga olindi. Ularning 6 nafariga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi, 25 nafari ma’muriy tartibda qamaldi. Ushbu shaxslardan psixotrop vositalar va sovuq qurollar olib qo‘yildi, deya xabar berdi DXX.
Investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri o‘rinbosari sifatida ishlab kelgan Oybek Hamrayev Samarqand viloyati hokimiga o‘rinbosar etib tayinlandi.
Prezident Samarqand viloyatida elektr taqchilligi 2022-yildagidan ko‘proq bo‘lishi mumkinligidan ogohlantirdi. U viloyat hokimi va uning o‘rinbosari, shuningdek, energetika vazirining birinchi o‘rinbosarini tanqid qildi. “Qishda svet o‘chganda hech kim Turdimov demaydi, Mirziyoyev qayoqqa qarayapti, deydi”, — dedi u.
Oqdaryo tumani hududidan o‘tuvchi yo‘lda bir guruh fuqarolar avtobus yo‘lini to‘sib, unga tosh otdi. Samarqand viloyati IIB mojaro haydovchilar yo‘l talashgani ortidan kelib chiqqani va 14 kishiga nisbatan 15 sutkadan ma’muriy qamoq jazosi tayinlanganini bildirdi.
Bulung‘ur tumanida ikkita maktabning 8-sinf o‘quvchi qizlari stadionda mushtlashdi. Videoda ikki guruh qizlarning mushtlashuvi aks etgan, shuningdek yigitlarning kulgani va luqma tashlaganlari eshitilgan. Tuman IIB tomonidan tergovga qadar tekshiruv o‘tkazilmoqda.
Samarqand tumanida 26 yoshli ayol qaynonasiga «achchiq qilib», o‘zi va bolalarini suvga tashladi. Oqibatda bolalarning ikki nafari halok bo‘lgan. Voqeadan so‘ng viloyat IIB boshlig‘i ishtirokida o‘tkazilgan yig‘ilishda «mahalla mutasaddilarining faoliyati qoniqarsiz» deb baholangan.
Samarqand viloyatining Qo‘shrabot hamda Ishtixon tumanlariga yangi hokimlar tayinlandi.
Jomboy tumanida 19 nafar fuqaro to‘yda ovqatdan zaharlanib, tibbiyot birlashmalariga murojaat qilgan. Ulardan 14 nafarining sog‘ligi qoniqarli, 5 nafari tibbiyot birlashmasida davolanmoqda. Samarqand viloyat IIB ijtimoiy tarmoqlarda to‘yda 200 kishi zaharlangani haqida tarqalgan xabarlarni rad etdi.
Samarqand tumanida fuqaro boshqa fuqaroga qarashli issiqxona qurish uchun ajratilgan 50 sotix yer maydonining 5 sotixini 100 ming dollarga sotishga uringanlikda ayblanmoqda. Huquqni muhofaza qiluvchi organlar o‘tkazgan tezkor tadbirda u 70 ming dollarni olgan vaqtida qo‘lga olindi.
Samarqand viloyati IIB xodimlari Paxtachi tumanida 2 guruh o‘rtasidagi ommaviy janjalning oldi olinganini ma’lum qildi. Tezkor tadbirda 16 nafar shaxs qo‘lga olinib, ularga nisbatan ma’muriy qamoq jazosi tayinlandi.
Samarqand viloyatining Nurobod tumanida mamlakatdagi ikkinchi eng yirik (100 MVt) quyosh fotoelektr stansiyasi ishga tushirildi va yagona tarmoqqa quvvat uzatishni boshladi. Bu bilan yiliga 78 mln kub metr tabiiy gaz tejaladi (mamlakat aholi xonadonlarining 10 kunlik iste’moli) va 80 mingdan ortiq xonadon elektr energiyasi bilan ta’minlanadi.
Samarqand IIB xodimlari bir nafar qozog‘istonlik va ikki nafar mahalliy turistga nisbatan elektroshoker qo‘llagan holda majburan bo‘limga olib borishdi. Videolarda xodimlar shaharda «Xavfsiz tun» tadbiri olib borilayotgani va soat 23:00 dan keyin ko‘chada yurish mumkin emasligi hamda ularga «reja» qo‘yilganini ta’kidlashgan. IIV «xodimlar xizmat vazifasi va maxsus-texnik vositalarni qo‘llash vakolatini suiiste’mol qilganini» ma’lum qildi.
Qo‘shimcha imkoniyatlardan foydalanish uchun saytda ro‘yxatdan o‘ting