O‘zLiDePdan prezidentlikka nomzod Shavkat Mirziyoyev Qashqadaryodagi saylovchilar bilan uchrashuvda xorijda mehnat qilayotgan o‘zbekistonliklarni “qahramon” deb atadi. Saylovoldi dasturidan og‘ir ahvoldagi migrantlarning xarajati qoplab berilishi, huquqiy va Call-markazlar tashkil etilishi va boshqalar o‘rin olgan.
O‘zbekiston prezidenti saylovida muddatidan oldin ovoz berish 28-iyundan boshlanib 5-iyulda yakunlanadi. Muddatidan oldin ovoz berish vaqti ish kunlari soat 9:00 dan soat 18:00 ga qadar, dam olish va bayram kunlari soat 11:00 dan soat 17:00 ga qadar davom etadi.
O‘zLiDeP partiyasidan prezidentlikka nomzod Shavkat Mirziyoyevning saylovoldi dasturida ta’lim va sog‘liqni saqlash sohasidagi islohotlar davom ettirilishi, sud mustaqilligini oshirish va milliy manfaatlaridan kelib chiqqan holda tashqi siyosat olib borish qayd etilgan.
Ekologik partiyadan prezidentlikka nomzod Abdushukur Xamzayev 2030-yildan boshlab 2009-yildan keyin tug‘ilganlarga yoshidan qat’i nazar sigaret sotishni taqiqlashni taklif qildi. Shuningdek, u 2030-yildan ichki yonuv dvigatelli avtomobillarni sotish va import qilishni taqiqlash tarafdoriligini ta’kidladi.
Markaziy saylov komissiyasi O‘zbekiston prezidenti sayloviga doir saylov byulletenini to‘ldirish uchun Brayl alifbosi asosida tayyorlanadigan trafaret namunasi tasdiqlandi hamda ushbu trafaretlar bilan har bir saylov uchastkasini ta’minlash choralari belgilandi.
Boshlang‘ich sinf o‘quvchilariga bepul ovqat berish Qoraqalpog‘istondan boshlangan edi. Olis ovullardagi bolalar uchun maktab avtobuslari qatnovini yo‘lga qo‘yish ham shu zamindan boshlanadi, deya ma’lum qildi Shavkat Mirziyoyev. Shuningdek, u respublika maktablarida to‘lib-toshgan sinflar bo‘lmasligiga va’da berdi.
Shavkat Mirziyoyev prezidentlikka nomzod sifatida saylovchilar bilan ilk uchrashuvini Nukusda o‘tkazdi. U har kunini xalqqa xizmat qilishga bag‘ishlashga va’da berdi. Nafaqat O‘zbekiston, balki Qoraqalpog‘istonning farzandi ekanini yana bir bor ta’kidladi. “Shunga munosib bo‘lish uchun harakat qilaman”, — dedi u.
Ekologik partiyasidan prezidentlikka nomzod Abdushukur Xamzayev saylovoldi dasturida 2030-yildan boshlab, 2009-yildan keyin tug‘ilganlarga sigaret sotishni ta’qiqlash, chiqindilardan energiya manbai sifatida foydalanish, 100 yoshdan oshgan daraxtlarga tabiiy yodgorlik maqomini berish kabi masalalar o‘rin olgan.
“Adolat” partiyasidan prezidentlikka nomzod Robaxon Mahmudova sud qarorlarini ijro qilish vakolatini prokuratura va ichki ishlar organlaridan adliya idoralariga berish, yagona Tergov qo‘mitasini tuzish, bolalarga bepul stamotologiya xizmati ko‘rsatilish kabi masalalarni o‘z saylovoldi dasturiga kiritdi.
XDPdan prezidentlikka nomzod Ulug‘bek Inoyatov eng kam iste’mol xarajatlarini qonun darajasida belgilash, kommunal xizmatlar tariflari ustidan jamoatchilik nazoratini kuchaytirish, tibbiy xizmatlarni raqamlashtirish, “maktab solig‘i”ni joriy etish kabi masalalarini o‘z saylovoldi dasturida ilgari surdi.
Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkilotining Demokratik institutlar va inson huquqlari bo‘yicha byurosi O‘zbekistonda bo‘lib o‘tadigan prezident saylovini kuzatish uchun missiyasini ochdi. Ekspertlar saylovning xalqaro standartlar va milliy qonunchilikka muvofiqligini baholaydi.
Markaziy saylov komissiyasi saylov byulletenining shakli, matni va tavsifi tasdiqladi. Shuningdek, Toshkent shahrining tumanlari hududida joylashgan ayrim saylov uchastkalarida saylov kuni saylovchilarni biometrik identifikatsiya qilish tizimi tajriba-sinov tariqasida joriy etiladi.
Markaziy saylov komissiyasi YeXHT DIIHBning 12 nafar saylovni kuzatuvchi missiyasi vakillarini ro‘yxatga oldi, shuningdek, prezidentlikka nomzodlarning ishonchli vakillarini ro‘yxatdan o‘tkazdi.
Markaziy saylov komissiyasi siyosiy partiyalar tomonidan tasdiqlangan to‘rt nafar nomzodni O‘zbekiston prezidentligiga nomzod sifatida ro‘yxatga oldi. Saylovoldi tashviqotlari esa 7-iyundan boshlanishi belgilandi.
“Milliy tiklanish” partiyasi muddatidan oldingi prezidentlik saylovida O‘zLiDeP tomonidan ko‘rsatilgan amaldagi davlat rahbari Shavkat Mirziyoyev nomzodini ma’qulladi. “Buni davlat, xalq va partiyaning manfaatlari nuqtai nazaridan eng to‘g‘ri qaror deb hisoblayman”, — dedi partiya yetakchisi Alisher Qodirov.
Ekologik partiyadan prezident saylovi uchun Abdushukur Xamzayev nomzod etib tasdiqlandi. Uning dasturida bir martalik plastik va polietilen idishlardan voz kechish, elektron sigaretlarni mamlakatga olib kirishni, 2030-yildan benzinli avtomobillarni sotish va sotib olishni taqiqlash va boshqalar taklif qilingan.
“Adolat” SDPdan prezidentlik saylovi uchun Robaxon Mahmudova nomzod sifatida tasdiqlandi. Uning saylovoldi dasturida “Ijtimoiy davlat-2030” dasturini ishlab chiqish, qishloq xo‘jaligi tavakkalchiliklarini sug‘urtalash, yo‘l infratuzilmasini yaxshilash va boshqalar ko‘zda tutilgan.
Ulug‘bek Inoyatov prezidentlik saylovlarida XDPdan nomzod sifatida tasdiqlandi. Partiya qurultoyida nomzodning qimmat mol-mulk uchun soliq joriy etish, sudlov hay’ati institutini tashkil qilish va boshqalarni nazarda tutuvchi dasturi ham tasdiqlandi.
Markaziy saylov komissiyasi prezident saylovi uchun 56 ta saylov uchastkasi tuzish to‘g‘risida qaror qabul qildi. Xususan, AQSh, BAA, Germaniya, Qirg‘iziston, Turkiyada — 2 tadan; Qozog‘iston va Xitoyda — 3 tadan; Rossiyada — 7 ta saylov uchastkalari tuziladi. Ular Toshkentdagi 14-okrugga biriktiriladi.
Markaziy saylov komissiyasi O‘zbekiston prezidenti sayloviga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish bilan bog‘liq xarajatlar smetasini 174 mlrd 130 mln so‘m etib tasdiqladi. Siyosiy partiyalarga jami 19 mlrd 655 mln so‘m, har bir nomzodga esa 4 mlrd 914 mln so‘mdan ajratiladi.
Qo‘shimcha imkoniyatlardan foydalanish uchun saytda ro‘yxatdan o‘ting