Prezident raisligidagi yig‘ilishda 500 ming gektarlik tomorqalardan foydalanish uchun 100 mln dollar ajratilishi ma’lum qilindi. Shavkat Mirziyoyev aholi daromadini oshirish uchun har bir xonadonda kamida 100 ta parranda, quyon, qo‘y, echki, asalari uyalari boqishni yo‘lga qo‘yish zarurligini ta’kidladi. Tomorqa xo‘jaligini rivojlantirish uchun subsidiyalar, garovsiz kreditlar ajratiladi, har bir tumanda kooperatsiyalar tashkil etiladi.
Shavkat Mirziyoyev Shayxontohur tumaniga tashrifi chog‘ida jarlar uni ko‘pdan beri qiynab kelayotgan muammo ekanligini ma’lum qildi. Jahongir Ortiqxo‘jayev esa buni hal etish uchun unga 450 mlrd so‘m zarur ekanligini aytgan. «Men bu pulni ertagayoq berishimni bildirdim», — dedi prezident. U shuningdek, jarliklarni yopib, uning o‘rniga daraxt ekish va yo‘l ochish bo‘yicha topshiriq bergan.
O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev Shayxontohur tumani Sarhumdon va Gulobod mahallalarini aylandi. Bunda davlat rahbari ko‘p qavatli uyda yashaydigan fuqarolar bilan suhbatda bo‘ldi, maktabga tashrif buyurib o‘quvchi va maktab xodimlari bilan gaplashdi, keksalar bilan birga ko‘chat o‘tqazdi, aylanishga chiqqan bolakay bilan tanishdi (video).
Shavkat Mirziyoyevning topshirig‘iga ko‘ra, O‘zbekistonda 2026 yilga qadar quyosh va shamol elektr stansiyalari umumiy quvvati 8 ming megavattga yetkaziladi. Shuningdek, “yirik sanoat korxonalari ham o‘z energiya ta’minoti bo‘yicha qayta tiklanuvchi energiya manbalarini tashkil etishi uchun zarur sharoitlar yaratish kerak”.
O‘zbekiston prezidentining Rossiyaga tashrifi chog‘ida 18 ta hujjat, jumladan, hukumatlar o‘rtasida yadroviy, biologik xavfsizlik va xalqaro axborot xavfsizligini ta’minlash sohasida hamkorlikka oid bitimlar, shuningdek, besh yillik iqtisodiy hamkorlik dasturi imzolandi.
O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev Moskvada Rossiya prezidenti Vladimir Putin bilan muzokaralar o‘tkazdi. Muzokaralar yakunida prezidentlar Xalqaro axborot xavfsizligini ta’minlash sohasida hamkorlik to‘g‘risida Qo‘shma bayonot qabul qildilar. Tashrif doirasida jami 18 ta ikki tomonlama hujjat imzolandi. Davlat rahbari Rossiyaga tashrifini yakunlab, Toshkentga jo‘nab ketdi.
Shavkat Mirziyoyevning O‘zbekiston prezidenti etib qayta saylanganidan keyingi ilk ikki tomonlama tashrifi 19-noyabr kuni Rossiyaga bo‘ladi.
Toshkentda Chilonzor metro liniyasini “Buyuk Ipak yo‘li” bekatidan TTZ massivigacha uzaytirish rejalashtirilgan. Yer osti liniyasini yotqizishning ikkita varianti — Mirzo Ulug‘bek ko‘chasi yoki Buyuk ipak yo‘li ko‘chasi orqali olib o‘tish ustida ishlanmoqda.
Shavkat Mirziyoyev kelgusi yildan mahallalar ehtiyojlarini inobatga olgan holda investitsiya dasturlari ishlab chiqilishini, bunga esa hokim yordamchilari mas’ul bo‘lishini ma’lum qildi. «Bundan buyon investitsiya dasturlarini hokimlarning o‘zi mahallabay tamoyili asosida ishlab chiqadi. Ya’ni, dastur vazirlikda emas, balki mahalladan boshlab shakllanadi», — dedi davlat rahbari.
Shavkat Mirziyoyev Tibbiyot xodimlari kuni munosabati bilan soha xodimlariga tabrik maktubini yo‘lladi. Davlat rahbari besh yilda oliy toifali shifokorlar maoshini 1000 dollarga yetkazish, sohaga ikki baravar ko‘proq mablag‘ yo‘naltirish ko‘zda tutilganini qayd etdi. U shuningdek, sana munosabati bilan 82 nafar tibbiyot xodimini davlat mukofoti bilan taqdirlash to‘g‘risidagi farmonga imzo chekkanini ma’lum qildi.
Turkiy tilli davlatlar hamkorlik kengashi nomi «Turkiy davlatlar tashkiloti» deb o‘zgartiriladi. O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev Turkiy davlatlar tashkilotining birinchi sammitini O‘zbekistonda o‘tkazishni taklif qildi.
Shavkat Mirziyoyev Turkiy kengash sammitida Afg‘oniston masalasiga to‘xtalib o‘tdi. U “Afg‘onistonning gumanitar inqirozga tushib, xalqaro maydonda yakkalanib qolishiga, terrorchilar makoniga aylanishiga yo‘l qo‘ymaslik nihoyatda dolzarbligini” aytib o‘tdi.
Sadir Japarov va Shavkat Mirziyoyev Istanbulda uchrashdi. Qirg‘iz prezidenti matbuot xizmati yozishicha, O‘zbekiston yetakchisi «ikki mamlakat o‘rtasidagi tovar aylanmasini 1 mlrd dollarga oshirish uchun real imkoniyat mavjud», deya ta’kidlagan. Sadir Japarov hamkasbini yana bir bor Qirg‘izistonga taklif qildi.
Shavkat Mirziyoyev Turkiy tilli davlatlar hamkorlik kengashining sakkizinchi sammitida ishtirok etish uchun Turkiyaning Istanbul shahriga jo‘nab ketdi. Davlat rahbari tashrif doirasida qator ikki tomonlama uchrashuvlar ham o‘tkazadi.
Respublika bo‘ylab barcha mahallalarda «hokim yordamchisi» lavozimiga moliya-iqtisodiyot sektori xodimlari majburlab o‘tkazilayotgani aytilmoqda. Murojaatchilarning so‘zlariga qaraganda, ular ushbu lavozimga o‘tishni rad etsa, «prezidentga xiyonat» qilayotganlikda ayblanib, ishdan bo‘shatilishi bilan qo‘rqitilmoqda. Suhbatga kelmaganlar esa ichki ishlar organlari tomonidan majburan olib ketilayotgani ma’lum qilindi. Avvalroq, saylovoldi tashviqoti davrida Shavkat Mirziyoyev «hokim yordamchisi» lavozimiga yoshlar orasidan nomzodlar tanlab olinishini aytgandi.
Shavkat Mirziyoyev Moliya vazirligiga 2022 yilda “Sog‘lom turmush tarzi” platformasini (1hls.uz) yanada ommalashtirish uchun qo‘shimcha 60 mlrd so‘m ajratish bo‘yicha topshiriq berdi. Ma’lumotlarga ko‘ra, mazkur platformadan foydalanuvchilar bugungi kunda 600 ming nafarga yetdi, ularga piyoda yurgani uchun 18 mlrd so‘m to‘lab berildi.
“Gazeta.uz” muxbiri Toshkent hokimiga chang-qumli tuman va ekologik muammolar haqida savol berdi. Jahongir Ortiqxo‘jayev esa changning Qozog‘istondan kirib kelganini aytib, provokatsiya qilmaslikni so‘radi. U “Gazeta.uz"ga ekologiya mavzusida tadbir tashkil etishni taklif qildi va buni hokimlik qo‘llab-quvvatlashga tayyorligini bildirdi. Avvalroq prezident Shavkat Mirziyoyev ham chang tashqaridan kelganini aytgan edi.
Prezident Shavkat Mirziyoyev Turkiy tilli davlatlar hamkorlik kengashi sammitida ishtirok etish uchun 11−12 noyabr kunlari Turkiyaga tashrif buyuradi.
Prezident Shavkat Mirziyoyev Qozog‘iston rahbari Qasim-Jomart Toqayevga Qarag‘anda viloyatidagi konda yuz bergan portlash oqibatida olti kishi halok bo‘lgani munosabati bilan hamdardlik bildirdi.
Shavkat Mirziyoyev raisligida o‘tkazilgan yig‘ilishda Aydar-Arnasoy hududida ekoturizmni rivojlantirish uchun, avvalo, suv hajmi barqarorligini ta’minlash, bioxilma-xillikni asrash kerakligi ta’kidlandi. Ko‘llar atrofida qo‘shimcha sayyohlik zonalari va dam olish maskanlari barpo etish, baliq ovlash hajmini 4 ming tonnadan 20 ming tonnaga yetkazish va qirg‘oqlar bo‘yidagi 800 gektar yerda daraxt va butalar ekish topshirildi.
Qo‘shimcha imkoniyatlardan foydalanish uchun saytda ro‘yxatdan o‘ting