Prezident Gulistondagi Yangi hayot mahallasiga borib, u yerdagi yangi turar joylar qurilishi bilan tanishdi. «Kambag‘allikni qisqartirishning eng asosiy omillari boshpana va ish joyi», — dedi u. Shavkat Mirziyoyev xalqning uy-joyga bo‘lgan talabi o‘sib borayotgani va shunga munosib sharoit yaratish lozimligini qayd etdi.
O‘zLiDePdan prezidentlikka nomzod Shavkat Mirziyoyev Guliston shahrining eski dehqon bozori o‘rnidagi 42 gektar maydonda “Guliston siti” barpo etilishini taklif qildi. Avvalroq, “Adolat” partiyasidan prezidentlikka nomzod Bahrom Abduhalimov shaharlarda “siti” qurishga ruju qo‘yilganligini tanqid qilgan edi.
Noyabr oyida O‘zbekiston prezidentining Rossiyaga tashrifi kutilmoqda. Shavkat Mirziyoyev va Vladimir Putin telefon orqali tashrifga tayyorgarlikni muhokama qildilar.
O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev AQSh kongressmenlari Don Beykon, Dug Lamborn, Troy Nels va Avgust Pflyugerni qabul qildi. Uchrashuvda, jumladan, Nebraska, Kolorado va Texas shtatlari bilan hamkorlik bo‘yicha loyiha va dasturlar muhokama qilindi.
Turkmaniston prezidenti Gurbanguli Berdimuhamedovning O‘zbekistonga tashrifi doirasida mamlakatlar avtomobillar va elektrotexnika yig‘ish hamda turizm sohasida klasterlar tuzish bo‘yicha qo‘shma loyihalarni amalga oshirish to‘g‘risida kelishuvga erishishdi. Turkmaniston tomoni 300 mln dollarga o‘zbek tovarlarini xarid qilishni rejalashtirmoqda va «Turkmanboshi» dengiz porti infratuzilmasini taklif qilmoqda.
Turkmaniston davlat rahbari Gurbanguli Berdimuhamedov prezident Shavkat Mirziyoyevning maslahatlari va tavsiyalari mamlakatda paxta yetishtirish hajmlarini sezilarli darajada oshirishga yordam berganligini ta’kidladi. U hamkasbining boshqa xususiyatlarini ham e’tirof etdi.
O‘zbekiston va Turkmaniston prezidentlari Afg‘oniston xalqiga yordam berishda davom ettishlarini ta’kidlashdi. Shavkat Mirziyoyevning so‘zlariga ko‘ra, Afg‘onistondagi vaziyatning rivojlanishi mintaqa xavfsizligi va barqarorligiga ta’sir ko‘rsatadi. Shuningdek, u transmilliy loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha muzokaralarni davom ettirish rejalari haqida ham ma’lum qildi.
O‘zbekiston va Turkmaniston mintaqaviy va xalqaro masalalarda bir-birini qo‘llab-quvvatlaydi, chunki mamlakatlarning maqsadlari hamohang. Bu haqda Shavkat Mirziyoyev va Gurbanguli Berdimuhamedov o‘rtasida bo‘lib o‘tgan tor doiradagi uchrashuvda aytildi.
Turkmaniston prezidenti Gurbanguli Berdimuhamedov rasmiy tashrif bilan Toshkentga yetib keldi. Aeroportda uni prezident Shavkat Mirziyoyev shaxsan kutib oldi. Ertaga ikkala davlat rahbarlari o‘rtasida muzokaralar bo‘lib o‘tishi kutilmoqda.
Dushanba kuni Shavkat Mirziyoyev AQSh Davlat kotibining birinchi o‘rinbosari Uendi Shermanni qabul qildi. Uchrashuvda ustuvor yo‘nalishlarda hamkorlikni kengaytirish masalalari qatorida tomonlar Afg‘onistondagi vaziyat yuzasidan ham fikr almashdi. Qolaversa, O‘zbekiston yetakchisi AQSh tomoniga beg‘araz yetkazilgan 5 mln dozadan ortiq vaksina uchun minnatdorchilik bildirdi.
Shavkat Mirziyoyev Andijon saylovchilari bilan uchrashuvda besh yil ichida nimalarga erishdi, degan savolga: «Erkin, qo‘rquvsiz yashash», deb javob berdi. «Men ham insonman, prezidentlik bir lavozim, maqsadim xalqimga, O‘zbekiston, Andijon xalqiga xizmat qilish», — deya qo‘shimcha qildi u.
O‘zLiDePdan prezidentlikka nomzod Shavkat Mirziyoyev Farg‘ona shahrida 300 gektar maydonda 40 ming aholiga mo‘ljallangan zamonaviy “Eko shahar” barpo etishni taklif qildi. Shaharchada 25 qavatgacha bo‘lgan uylar, ijtimoiy infratuzilma obyektlari, 70 gektar maydonda “Yangi O‘zbekiston” bog‘i bunyod qilinadi.
«Milliy tiklanish» partiyasidan prezidentlikka nomzod Alisher Qodirov so‘nggi paytlarda mahallalarga juda ko‘p vazifalar yuklab yuborilayotganini tanqid qildi. Uning ta’kidlashicha, mahalla aslida «odamlarni birlashtiradigan, maslahat, muloqot qiladigan maskan bo‘lishi kerak».
Shavkat Mirziyoyev Farg‘ona viloyati saylovchilari bilan uchrashuvda, agar prezidentlikka saylansa, alohida ta’lim dasturi qabul qilinishini va’da qildi. “Men muallimning maoshini 1000 dollarga yetkazmaguncha to‘xtamayman”, — dedi u. Prezidentlikka nomzod tibbiyotda yangi tartibni joriy etish rejalari haqida ham gapirdi. Unga ko‘ra pul kasalxonalarga emas, balki bemorlarning o‘ziga ajratiladi.
O‘zLiDePdan prezidentlikka nomzod Shavkat Mirziyoyev ajratilayotgan pullarni adolatli ishlatilishi uchun jamoatchilik nazorati kerakligini ta’kidladi. «Chunki korrupsiya yo‘q desak yolg‘on bo‘ladi, korrupsiya ichimizda yuribdi. Korrupsiyaga qarshi butun jamoatchilik bilan kurashishimiz zarur», — dedi u.
O‘zLiDePdan prezidentlikka nomzod Shavkat Mirziyoyev namanganlik saylovchilar bilan uchrashuv chog‘ida har kuni raqiblardan ham ko‘p narsa o‘rganishi kerakligini aytib o‘tdi. U boshqa nomzodlarning hayotni bilmasligini, bu bilan ularni yomonlash niyati yo‘qligini ta’kidladi.
O‘zLiDeP partiyasidan prezidentlikka nomzod Shavkat Mirziyoyev saylovoldi dasturida 2027 yilgacha mamlakatda kambag‘allikni kamida 2 baravarga kamaytirish, raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish, sud-huquq tizimidagi islohotlarni yanada chuqurlashtirish, davlat boshqaruvini takomillashtirishni nazarda tutuvchi besh yillik Yangi O‘zbekiston strategiyasini e’lon qildi.
“Demokratiyani har bir davlat o‘zicha tushunadi. Mana, Afg‘onistondagi holat hammamizga saboq bo‘lishi kerak”, — dedi Shavkat Mirziyoyev namanganlik saylovchilar bilan uchrashuv chog‘ida.
Shavkat Mirziyoyev namanganlik saylovchilar bilan uchrashuv chog‘ida kecha davlat chegarasini buzib o‘tishga urinish bo‘lganligini ma’lum qildi. “Kechagi vaziyatda ham o‘z vazifasini sharaf bilan bajargan bir askarimiz qahramonlarcha halok bo‘ldi. U shu yurt farzandi — namanganlik edi”, — dedi prezident.
Prezident Shavkat Mirziyoyev Samarqandda bo‘lib o‘tgan saylovoldi yig‘ilishida O‘zbekistonning boshqa hududlaridagi maktab o‘quvchilari uchun ham bepul ovqatlanish tizimini joriy etishga va’da berdi. “Biz buni autsorsing tizimida, korrupsiyadan xoli tashkil etishni ishlab chiqamiz”, — dedi u.
Qo‘shimcha imkoniyatlardan foydalanish uchun saytda ro‘yxatdan o‘ting