Toshkent shahar 1-son bolalar klinik shifoxonasida chaqaloqqa “chap tomonlama yelka arteriyasi tromboemboliyasi, chap qo‘l va panjasida qon aylanishining 3-a darajali o‘tkir buzilishi, poliorgan yetishmovchiligi” tashxisi qo‘yilib, uning qo‘li kesildi. SSV xizmat tekshiruvi o‘tkazilayotganini ma’lum qildi.
Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazida 2 yoshli qizchaning qornidan 135 dona magnit sharcha chiqarib olindi. Bungacha qayt qildirish yo‘li bilan 14 ta sharcha olingan. Qizchaning ahvoli qoniqarli.
Tarmoqlarda Respublika pediatriya markazi metapnevmovirusga chalingan bolalar bilan to‘lgani haqidagi xabarlar tarqaldi. Sog‘liqni saqlash vazirligi xabarlar asossiz ekanini qayd etib, holatga izoh berdi.
SSV OAVda e’lon qilinayotgan metapnevmovirus 2001-yildan beri dunyoda qayd etilgan mavsumiy kasallik ekanini ma’lum qildi. O‘RVI bilan kasallanganlarning 1,2 foizida infeksiya aniqlangan. U O‘RVI belgilari bilan o‘tadi, ba’zan bronxiolit va pnevmoniya chaqiradi, ko‘p hollarda asoratsiz o‘tib ketadi.
Senatning Sud-huquq masalalari va korrupsiyaga qarshi kurashish qo‘mitasi og‘ir surunkali kasallikka chalingan shaxslar subsidiya olishda muammolarga duch kelayotganini ma’lum qildi. Bu yuzasidan Sog‘liqni saqlash vazirligiga senator so‘rovi yuborildi.
Toshkent shahar sog‘liqni saqlash bosh boshqarmasi boshlig‘i bo‘lgan Anvar Alimov Respublika endokrinologiya markazi direktori vazifasini bajaruvchi etib tayinlandi. Bosh boshqarmaga esa Botirbek Isabekov rahbar v.b. bo‘ldi.
SSV O‘zbekiston sog‘liqni saqlash tizimini tibbiy sug‘urta, farmatsevtika va tez tibbiy yordam kabi yettita asosiy yo‘nalishda o‘zgartirishga yordam berishi kerak bo‘lgan yetti nafar turkiyalik mutaxassisni jalb qildi. Hozir ular barcha darajadagi tibbiyot muassasalarini o‘rganmoqda va hududlarga safar uyushtirmoqda.
Tarmoqlarda Toshkentda xavfli virus tarqalayotgani haqida xabarlar paydo bo‘ldi. Sog‘liqni saqlash vazirligi xabarlarni rad etib, o‘tkir respirator virusli infeksiyalar avj olish jarayonini tabiiy holat, deya qabul qilish kerakligini ma’lum qildi.
SSV huzurida dorilarini ishlab chiqaruvchilardan to‘g‘ridan-to‘g‘ri xarid qilish hamda ularni hududlarga yetkazib berish imkoniyatini beruvchi Xaridlar markazi tashkil etilmoqda. Shifoxonalar uchun dorilar 15 oylik talabdan kelib chiqib sotib olinadi, yaroqlilik muddati yaqin qolgan dorilarni xarid qilish taqiqlanadi.
Sog‘liqni saqlash vaziri v.b. Asilbek Xudayarov “Dok-1 Maks” ishi sabab nogiron bo‘lib qolgan bolalarga “kafolatlangan tibbiy yordam” ko‘rsatilayotganini aytgandi. Farzandi “Dok-1 Maks”dan zaharlangan fuqaroning aytishicha, vazir jamoatchilikka yolg‘on ma’lumot bergan.
Sog‘liqni saqlash vaziri buyrug‘i bilan Jizzax viloyati SSBga yangi boshliq tayinlandi. Maxmarasul Umarov bungacha SES viloyat boshqarmasi rahbari bo‘lib ishlagan.
Respublika tez tibbiy yordam markazi yanvar-sentabr oylarida 9,9 millionta chaqiriq qabul qildi. Ularning eng ko‘pi Farg‘ona vodiysi va Toshkentda, eng kami esa Jizzax, Buxoro hamda Xorazm viloyatida qayd etildi. Chaqiruvlarning 2,5 milliontasida bemorlar surunkali kasalliklardan shikoyat qilgan.
“Har bir tizim boshida turganlarning o‘zi va jamoasida korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha xohish bo‘lishi kerak”, — dedi SSV rahbari Asilbek Xudayarov. Aksariyat holatlarda porani bergan odam jazolanmay qolayotganini aytgan vazir v.b. uning jamoasi korrupsiyaga qarshi kurashishga tayyor ekanini ta’kidladi.
Shohruxmirzo Mamajonov Andijon viloyati sog‘liqni saqlash boshqarmasi boshlig‘i etib tayinlandi. Tayinlovga qadar u SSV Fan-ta’lim va innovatsiyalar boshqarmasi Malaka oshirish va qayta tayyorlash bo‘limi boshlig‘i sifatida faoliyat ko‘rsatib kelayotgan edi.
SSV yoz faslida oftob urishi, xalq tilidagi dam o‘tishi holati ko‘p uchrashini inobatga olib, undan saqlanish bo‘yicha bir necha tavsiyalar berdi. Ko‘proq suyuqlik ichish, yopiq joylarda bo‘lish, ochiq rangli liboslar va bosh kiyim kiyish shular jumlasidandir.
SSV yozda aholi, ayniqsa, bolalar o‘rtasida avj oladigan o‘tkir diareya belgilarini sanab, qanday qilib kasallikning oldini olish mumkinligi bo‘yicha tavsiyalar berdi. Gigiyenaga rioya qilish, qaynatilgan suv ichish, shifokor maslahatisiz antibiotiklarni qo‘llamaslik shular jumlasidan. Batafsil.
2024-yilning dastlabki 3 oyi davomida “Tez yordam” xizmatiga 3,1 millionta murojaat kelib tushgan. Ularning 812 247 tasi surunkali kasalliklar, 19 114 tasi esa tug‘ruqlar uchun chaqirilgan.
Farg‘ona viloyati Quva tumani tibbiyot birlashmasida bir kunlik chaqaloq polisintetik xaltada yerga tashlab qo‘yilgani ma’lum bo‘ldi. SSVning qayd etishicha, chaqaloq muddatidan avval tug‘ilgani sabab vafot etgan. Uning onasi dispanser nazoratida turmagan va homilani yashirib yurgan. Holat nazoratga olindi.
Qashqadaryo, Samarqand va Xorazm viloyatlaridagi tez tibbiy yordam xizmatlariga 30 ta Volkswagen Caddy avtomobili topshirildi. 2023-yilda Respublika tez tibbiy yordam markaziga 685 ta shunday avtomobil yetkazib berilgan, 2024-yil martiga qadar markaz avtoparki yana 170 ta mashina bilan to‘ldiriladi.
Prezident mutasaddilarga 300 ta klinik protokol va standartlarni xalqaro mezonlarga moslashtirish bo‘yicha topshiriq berdi. Shuningdek, “Elektron poliklinika”, “Elektron shifoxona” va “Elektron tibbiy karta” tizimini ishga tushirish, dorilarni elektron retsept asosida berishni yo‘lga qo‘yish vazifasini topshirdi.
Qo‘shimcha imkoniyatlardan foydalanish uchun saytda ro‘yxatdan o‘ting