Toshkentda hokim yordamchisi o‘zgalarning nomiga kredit olgani ma’lum bo‘ldi. Hokimlik uni 2024-yil noyabrda ishdan bo‘shaganini ta’kidlab, OAVni ma’suliyatli bo‘lishga chaqirdi. Prokuratura esa u jinoyatni hokim yordamchisi bo‘lganida sodir etganini qayd etib, hokimlikni jamoatchilikni chalg‘itmaslikka chaqirdi.
Bosh prokuratura O‘zbekistonda o‘tgan 10 oy ichida ish haqi va nafaqa pullarining 5,8 mlrd so‘mi talon-toroj qilinganini aniqladi. Bundan tashqari, kredit mablag‘larining 2,5 trln so‘mi talon-toroj qilingani aniqlanib, bank va mijoz korxonalar rahbarlariga nisbatan 906 ta jinoyat ishlari qo‘zg‘atilgan.
Namangan shahridagi ko‘mir ombori mas’ul shaxslari kuz-qish mavsumida aholiga imtiyozli narxda yetkazib berish uchun ajratilgan 4,1 mlrd so‘mlik 13,3 ming tonna ko‘mirni boshqa shaxslarga sotib yuborgani aniqlandi.
O‘zbekiston suzish federatsiyasi mansabdor shaxslari tomonidan 2 mlrd so‘mdan ortiq mablag‘lar talon-toroj qilingani ma’lum bo‘ldi. Bu mablag‘larning 405 mln so‘miga federatsiya bosh kotibi oila a’zolari Turkiyaga dam olish uchun jo‘natilgani aniqlandi.
Shahrisabz shahrida hokim yordamchisi kompaniyalar rahbarlari bilan birga fuqarolar nomiga 1 mlrd 173,6 mln so‘m kredit rasmiylashtirib, ularni talon-toroj qilgani aytilmoqda. Holat bo‘yicha jinoiy ish qo‘zg‘atildi.
Namangan viloyati hokimining qurilish, kommunikatsiyalar va kommunal xo‘jalik masalalari bo‘yicha sobiq o‘rinbosari Saidahmad Sultonov 7 yil 6 oyga qamaldi. U juda ko‘p miqdordagi mablag‘larni o‘zlashtirish, talon-toroj, shuningdek, firibgarlikda aybdor deb topildi.
Sirdaryo viloyatida tabiiy gazni talon-toroj qilgan 2 ta AGTKSH aniqlandi. Ularning biri 20,5 mlrd so‘mlik 8,2 mln kub metr, ikkinchisi esa 7,9 mlrd so‘mlik 3 mln kub metr tabiiy gazni talon-toroj qilgani aytilmoqda.
Toshkent viloyatida ferma mansabdorlari chorva mollari importi uchun bankdan 1 mlrd 680 mln so‘m kredit, davlat jamg‘armasidan esa 116 mln so‘m subsidiya olgan. Ular bankka ko‘rsatilgan biznes rejaga amal qilmay, mollarni sotib yuborgan va kreditni o‘zlashtirgan. Ferma va bank mansabdorlari tergov qilinmoqda.
Nukus shahridagi ko‘zi ojizlar maxsus kutubxonasida binoni qayta qurish va jihozlashga ajratilgan pullarning 530,4 mln so‘mi talon-toroj qilingani aniqlandi. Shuningdek, Brayl printerlari va ovoz yozish studiyasiga ajratilgan 140 mln so‘m o‘zlashtirib yuborildi. Holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.
Buxoroda “Ark” majmuasi, “Xo‘ja kalon” masjidi, “Xusayni” va “Nodir devonbegi” madrasalari restavratsiyasi uchun ajratilgan 3,3 mlrd so‘m talon-toroj qilingani aniqlandi. Holatlar bo‘yicha Buxoro mintaqaviy restavratsiya markazi mansabdorlari va boshqalarga jinoiy ish ochildi.
Toyloq tumanida aholi xonadonlariga yetkazib berilgan suyultirilgan gaz sotuvidan tushgan 346,9 mln so‘mni bank kassasiga kirim qilmasdan o‘zlashtirganlikda gumonlanib 4 nafar shaxs qo‘lga olindi.
Buxoroning Vobkent, Olot, Qorako‘l va Jondor ko‘mir omborlarida aholiga imtiyozli narxda yetkazib berilishi kerak bo‘lgan 806,4 tonna ko‘mir noqonuniy sotib yuborilgani ma’lum bo‘ldi.
Namangan va Farg‘ona viloyatlarida aholiga imtiyozli narxda tarqatishga mo‘ljallangan 1988 tonna ko‘mirni sotib yuborgan ko‘mir ombor mudirlari aniqlandi. Ularga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.
Andijon davlat universitetida talabalarga ortiqcha stipendiya hisoblash, TTJdan tushgan pullarni o‘zlashtirish va talabalarga hisoblangan rag‘batlantirish mablag‘lari tarqatmaslik yo‘li bilan jami 39,3 mlrd so‘m naqd pul talon-toroj qilingani aniqlandi.
Xatirchi tumani xalq ta’limi bo‘limi mansabdorlariga jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. Ular 43,6 mln so‘m miqdoridagi rag‘batlantirish va ish haqlarini noqonuniy hisoblab, budjet mablag‘larini talon-toroj qilganlikda gumonlanmoqda.
Taxiatosh tumanidagi mahallardan birining raisi 31 mln so‘mdan ortiq pulni talon-toroj qilganlikda gumonlanmoqda. Uning bir martalik moddiy yordam pullarini asossiz to‘lagani aniqlangan. Holat yuzasidan tuman prokuraturasi tergovga qadar tekshirish olib bormoqda.
G‘ijduvon tumanida avtomobillarga gaz quyish kompressor shoxobchalarining 3 tasida tabiiy gaz talon-toroj qilingani aytilmoqda. Oqibatda davlat manfaatlariga 11,8 mlrd so‘m zarar yetkazilgan. Mansabdorlarga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.
«Xalq banki»ning Xovos filialida 3,8 mlrd so‘m talon-toroj qilingani aytilmoqda. DXX holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, bankning bir nafar mas’uli qamoqqa olinganini ma’lum qildi.
«O‘zavtoyo‘lbelgi» DUK mansabdorlari 2 mlrd 701 mln so‘m miqdoridagi budjet mablag‘larini talon-toroj qilganlikda gumonlanmoqda. Ular o‘zlariga tanish firmalar bilan 9 mlrd so‘mlik shartnoma tuzib, yo‘l belgilarini yasash va chizishda foydalaniladigan mahsulotlarni qimmat narxlarda xarid qilgan.
«Agrobank» ATB Qamashi tumani filiali mansabdor shaxslari salkam 4 mlrd so‘mni o‘zlashtirish va rastrata qilish yo‘li bilan talon-toroj qilganlikda gumonlanmoqda. Tergov davomida ularning 3 nafariga qamoqqa olish ehtiyot chorasi qo‘llanildi.
Qo‘shimcha imkoniyatlardan foydalanish uchun saytda ro‘yxatdan o‘ting