Bloomberg nashri Rossiyaning Ukrainaga bostirib kirishi oqibatida rossiyalik milliarderlar 39 mlrd yo‘qotganligini ma’lum qildi. «Lukoyl» prezidenti Vagit Alekperov 6,2 mlrd dollar yo‘qotgan bo‘lsa, Alisher Usmonovning boyliklari 1,2 mlrd dollarga kamaygan.
Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy Rossiya hujumlari natijasida 137 nafar harbiy halok bo‘lgani, 316 nafari jarohatlanganini ta’kidladi. U Kiyevda «xalqi bilan yakka o‘zi qolganini» ma’lum qilgan. «Biz vatanimiz himoyasi masalasida yolg‘iz qoldik, hech kim biz bilan birgalikda jang qilishni xohlamayapti», degan davlat rahbari.
UEFA Ukrainadagi vaziyat tufayli Chempionlar ligasi finalini Rossiyada o‘tkazmaslikka qaror qildi. Bu 25 fevral kuni o‘tadigan UEFA Ijroiya qo‘mitasining navbatdan tashqari yig‘ilishida tasdiqlanadi.
Tashqi ishlar vazirligi O‘zbekiston fuqarolari, shu jumladan, Rossiyaning Ukrainaga yaqin hududlarida joylashgan OTMlar talabalari uchun xavotirlanishga sabab va asoslar yo‘qligini ma’lum qildi. TIV agar fuqarolarga tahdid bo‘lsa, o‘z vaqtida choralar ko‘rilishi va ular O‘zbekistonning Moskvadagi elchixonasi va Rostov-Dondagi bosh konsulxonasiga qo‘ng‘iroq qilishlari mumkinligini bildirdi.
Rossiya prezidenti matbuot kotibi Dmitriy Peskov RF prezidenti Ukraina rahbari bilan uchrashishi mumkinligini istisno qilmayapti. Peskovga ko‘ra, Ukraina Rossiya tomonidan qo‘yilgan muhim masalalar, ya’ni, o‘zining neytrallik maqomi, qurollarni o‘z hududida joylashtirmaslik singari mavzularda gaplashishga tayyor bo‘lsa, u holda prezidentlar uchrashishi mumkin.
O‘zbekistonning Kiyevdagi elchixonasi Ukrainada ta’lim olayotgan o‘zbekistonlik talabalarga murojaat qilib, o‘qishni O‘zbekistonda turib masofaviy shaklda davom ettirishni tavsiya qildi.
Turli davlatlar rahbarlari Rossiyaning Ukrainaga bosqinidan keyin vaziyatga o‘z munosabatlarini bildirishmoqda. Davlat rahbarlarining aksariyati o‘z chiqishlarida RFning harakatlarini qoralab, Ukrainaga yordam berish zarurligini ta’kidlashgan.
Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy navbatdagi murojaatida Rossiya bilan diplomatik aloqalar uzilganini e’lon qildi. U shuningdek, rossiyaliklarni Ukraina bilan urushga qarshi mitinglarga chiqishga chorladi.
Ukrainada hujumlar natijasida kamida 40 nafar harbiy xizmatchining halok bo‘lgani, 10 dan ziyod kishining jarohatlangani ma’lum qilindi. Jumladan, Kiyev viloyatining Brovari shahridagi harbiy shaharchaga uyushtirilgan aviahujum natijasida bir kishi qurbon bo‘ldi, olti kishi jarohatlandi, Sumi viloyatida esa avtomobil o‘qqa tutilishi natijasida bolali ayol jarohatlandi.
BMT Ukrainadagi vaziyat fonida shoshilinch yig‘ilish chaqirdi. Tashkilotga a’zo mamlakatlarning doimiy vakillari tomonidan «Rossiya tomonidan bo‘layotgan tajovuz to‘xtatilishi kerak» degan bayonotlar yangradi. Rossiyaning BMTdagi doimiy vakili Vasiliy Nebenzya esa o‘z chiqishida G‘arb mamlakatlari tomonidan Rossiya agressiya haqida bildirilgan fikrlarni rad etdi. Nebenzyaning so‘zlariga ko‘ra, Rossiya agressiyasi Ukraina xalqiga emas, Kiyevda hukumatni qo‘lga olgan xuntaga qarshi qaratilgan.
Ukrainadagi vaziyat keskinlashganini inobatga olib, O‘zbekistonning Kiyevdagi elchixonasi o‘zbekistonliklarni evakuatsiya qilish rejasi va mamlakatni tark etmoqchi bo‘lganlar ro‘yxatini tuzib chiqmoqda.
Rossiya Mudofaa vazirligi Ukraina qurolli kuchlari aviabazalari harbiy infratuzilmalari to‘liq ishdan chiqarilganini, Ukraina chegara qo‘shinlari hech qanday qarshilik ko‘rsatmayotganligi haqida xabar berdi. Ukraina qurolli kuchlari genshtabi esa «agressorning beshta samolyoti va vertolyoti» urib tushirilganligini ma’lum qilmoqda.
Ukraina Oliy Radasi mamlakatda harbiy holat e’lon qilishga ovoz berdi. Ayni paytda Kiyev va boshqa shaharlarda bombapanohlar ochilgan. Ukrainadagi vaziyat.
Ukraina atrofidagi vaziyat keskinlashgani munosabati bilan Rossiya janubidagi 12 ta aeroport faoliyati 2 martga qadar to‘xtatildi. RF Ukraina bilan chegara hududlarining havo kengliklari fuqaro aviatsiyasi uchun yopilganini e’lon qildi.
NATOga a’zo davlatlar vakillar payshanba kuni ertalab Ukraina atrofidagi vaziyatning keskinlashuvi tufayli shoshilinch yig‘ilish chaqirish qarorini qabul qildi. Sal avval NATO rahbari Yens Stoltenberg RFning Ukrainadagi harakatlarini qoralashi haqida bayonot bilan chiqqan edi.
24 fevralga o‘tar kechasi BMT xavfsizlik kengashi Ukraina atrofidagi mojarolarga bag‘ishlangan yig‘ilishni chaqirdi. BMT bosh kotibi o‘z chiqishida Rossiya prezidenti Vladimir Putinni Ukrainaga bostirib kirishni to‘xtatishni, «tinchlikka imkon berishini» so‘ragan va tinchlik o‘rnatishga chaqirgan.
Rossiya prezidenti Vladimir Putin Donbassda «maxsus harbiy operatsiya» boshlanganini e’lon qildi, biroq Ukrainaning Kiyev, Xarkov va boshqa shaharlarida ham portlashlar boshlandi. Bu Rossiya tomoni Ukrainaga bostirib kirishni boshlaganiga ishora qilmoqda. Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy urush boshlanishidan oldin rossiyaliklarga murojaat qilib, yana bir marotaba tinchlikka chorladi.
«Bir davlat qo‘shinlari boshqa davlat hududiga uning roziligisiz kirsa, ularni tinchlikparvarlar deb hisoblab bo‘lmaydi», — dedi BMT bosh kotibi Ukraina sharqidagi voqealar haqida. U Rossiya tomonidan ko‘rilayotgan bir tomonlama choralarni BMT Nizomi tamoyillariga zid deb atadi.
AQSh, Buyuk Britaniya va Yevropa Ittifoqi DXR va LXR mustaqilligini tan olishiga javoban Rossiyaga qarshi yangi sanksiyalarni e’lon qildi. Qanday cheklovlar kiritilishi rejalashtirilgan yoki kiritilgani haqida «Gazeta.uz» ning qisqacha tahlilida.
Rossiya DXR va LXR mustaqilligini tan oldi. Jahon hamjamiyatining bunga munosabati hamda DXR va LXRning tan olinishi ortidan Rossiyaga qarshi qo‘llanilayotgan sanksiyalar — «Gazeta.uz»ning jahon yangiliklari dayjestida.
Qo‘shimcha imkoniyatlardan foydalanish uchun saytda ro‘yxatdan o‘ting