Yevropa Ittifoqining barcha 27 davlati Ukrainaga 50 mlrd yevro miqdoridagi yordam paketini berishga rozi bo‘ldi. “Biz nima xavf ostida turganini bilamiz”, — dedi Yevrokengash rahbari Sharl Mishel. Avvalroq Vengriya bosh vaziri Viktor Orban paketga qarshi chiqqan edi, biroq YeI u bilan murosaga erisha oldi.
Belgorod viloyatida Rossiyaning Il-76 harbiy samolyoti qulab tushdi. Uning bortidagi 74 kishi, xususan, almashish uchun olib ketilayotgan 65 nafar ukrainalik harbiy halok bo‘lgani aytilmoqda. Rossiya holatni terakt deb atadi va bunda Ukrainani ayblamoqda. Zelenskiy esa xalqaro tergov o‘tkazishni talab qildi.
Yevropa Ittifoqi Ukrainaga harbiy yordam bo‘yicha yangi rejani ko‘rib chiqadi. Buning uchun maxsus fond tashkil etilishi, unga Yevropa tinchlik fondidan 6,5 mlrd yevro ajratilishi, 2024−2027-yillarda esa yiliga 5 mlrd yevrodan o‘tkazib borilishi rejalashtirilmoqda.
Buyuk Britaniya G7 davlatlaridan birinchi bo‘lib Ukraina bilan xavfsizlik bo‘yicha bitim tuzdi. Britaniyaning ushbu hujjatda keltirilgan majburiyatlari Ukraina NATOga qo‘shilguncha o‘z kuchida qoladi, dedi Ukraina prezidenti.
Rossiyaning Belgorod shahri markazi Ukraina tomonidan o‘qqa tutildi, 20 dan ortiq odam halok bo‘ldi, 100 dan ortiq kishi jarohatlandi. Ukraina OAV buni bir kun avval Rossiyaning Ukraina shaharlariga bergan yirik raketa zarbasiga javob deya izohladi. BMT har ikki tomonga qilingan hujumlarni qoraladi.
Yevropa yetakchilari Ukraina va Moldova bilan Yevropa Ittifoqiga a’zolik bo‘yicha muzokaralarni boshlashga qaror qildi. Gruziya Yevropa Ittifoqiga kirish uchun nomzod davlat maqomini oldi. Ittifoqqa Ukraina qo‘shilishiga avval qarshi chiqqan Vengriya bu qarorga to‘sqinlik qilmadi.
Ukraina hukumati O‘zbekistonning “Foton” elektronika zavodi va uning direktoriga qarshi sanksiyalar joriy etdi. Oldinroq korxonaning davlat ulushi sotuvga qo‘yilgandi.
Yevropa Ittifoqining sanksiyalar bo‘yicha maxsus vakili Devid O’Sallivan 29−30-noyabr kunlari O‘zbekistonga tashrif buyuradi. Bu uning so‘nggi yetti oy ichida Toshkentga qilgan ikkinchi tashrifi sanaladi.
Ukraina O‘zbekistonning “Ohangaronsement” zavodi va uning egasi Akkermann Cement CA kompaniyasini, shuningdek, Alisher Usmonovning jiyani Nasiba Narziyeva va uning turmush o‘rtog‘i Shohrux Nosirxo‘jayevlarni sanksiyalar ro‘yxatiga kiritdi.
Yevropa Ittifoqi Ukraina uchun harbiy yordam, dezinformatsiyaga qarshi kurashni kuchaytirish, yadro xavfsizligini ta’minlash, ittifoqqa qo‘shilish uchun zarur islohotlarni amalga oshirishda yordam va boshqalarni nazarda tutuvchi xavfsizlik kafolatlari konsepsiyasini tayyorladi.
AQSh hisob-kitoblariga ko‘ra, Rossiya bilan urushda 70 ming Ukraina askari halok bo‘lgan, yana 120 ming nafari yaralangan. The Economist maqolasida Ukrainada ishsizlik urushdan oldingi darajadan yuqoriligicha qolayotgani, qurilish, tog‘-kon sanoatida ko‘proq xotin-qizlarning mehnatga kirib kelayotgani qayd etilgan.
Yevropa Komissiyasi Yevropa Ittifoqi kengashiga Gruziyaga YeI a’zoligiga nomzod maqomini berishni, shuningdek, Ukraina va Moldova bilan ittifoqqa kirish bo‘yicha muzokaralarni boshlashni tavsiya qildi.
Yuqori Chirchiq sudi Toshkent viloyatida yashovchi fuqaroni yollanma faoliyati uchun besh yilga ozodlikdan mahrum qildi. OAV, tergovga ko‘ra, mahkum 2014−2015-yillarda Ukrainada o‘zini o‘zi mustaqil deb e’lon qilgan DXR tomonida jang qilgani haqida xabar berdi.
AQSh “Ikki xalq uchun ikki davlat” rejasiga muvofiq Yaqin Sharqda tinchlikka erishish tarafdori, dedi Samarqandga kelgan USAID rahbari Samanta Pauer. U, shuningdek, AQShning Ukraina suvereniteti va hududiy yaxlitligi poymol etilishini qoralash bo‘yicha chaqiriqlaridan ajablanmaslik kerakligini ta’kidladi.
Ukraina harbiylari ilk bor AQSh tomonidan taqdim etilgan ATACMS raketalarini Rossiya qo‘shinlari pozitsiyalariga qarshi qo‘lladi, deb yozmoqda Wall Street Journal. Raketalarning kichik partiyasi yaqinda yashirincha Ukrainaga yetkazilgan edi.
Yevroparlament O‘zbekiston Rossiyaning Ukrainaga nisbatan harbiy harakatini qoralamaganidan afsusda ekanini bildirdi va rasmiylarni shunga chaqirdi. Yevropa Ittifoqi organi, shuningdek, “Rossiya davlat kompaniyalari va O‘zbekiston gaz sektoridan foyda ko‘ruvchi insayderlarga berilgan imtiyozlardan” afsusda.
Ukrainaning Xarkov viloyati Kupyanskiy tumanidagi do‘kon va kafega raketa zarbasi berilishi natijasida 50 ga yaqin odam, jumladan, bir bola halok bo‘ldi, yana yetti kishi jarohatlangan.
Rossiya Qora dengiz flotining bosib olingan Sevastopoldagi shtab-kvartirasi raketa hujumiga uchradi. Binoning tomi va yuqori qavati vayron bo‘lgan. Rossiya Mudofaa vazirligi hujumda Ukrainani aybladi. Ukraina harbiylari esa ushbu ma’lumotni tasdiqladi.
AQSh prezidenti Jo Bayden Oq uyda Ukraina rahbari Vladimir Zelenskiy bilan uchrashdi. Shundan keyin Qo‘shma Shtatlar yetakchisi Ukrainaga 325 mln dollarlik yangi harbiy yordam paketi ajratilishini e’lon qildi. Bayden buni “butun dunyodagi mustaqillik va hududiy yaxlitlik uchun kiritilgan sarmoya” deb atadi.
Ukrainaning Donetsk viloyati Konstantinovka shahridagi bozor artilleriya yordamida o‘qqa tutilishi oqibatida 16 kishi, jumladan bir bola halok bo‘ldi.
Qo‘shimcha imkoniyatlardan foydalanish uchun saytda ro‘yxatdan o‘ting