Farg‘ona viloyatining O‘zbekiston tumanida Nexia qarshidan kelayotgan SHACMAN yuk mashinasiga urildi. Yengil avtomobil haydovchisi voqea joyida halok bo‘ldi.
Qashqadaryo viloyatida Orlando yengil avtomobili “Yo‘l bering” yo‘l belgisiga va svetoforning taqiqlovchi chirog‘iga amal qilmagani sababli DAF yuk avtomashinasi bilan to‘qnashdi. YTH oqibatida ikki kishi voqea joyida vafot etdi va olti nafari esa olgan tan jarohatlari sababli kasalxonaga yotqizildi.
O‘zbekistonda yanvar-iyun oylari davomida 2388 ta yo‘l transport hodisalari sodir etilgan. 2019 yil ushbu davrga nisbatan YTHlarning soni 7 foizga kamaygan. Aksariyat YTHlar piyodalar belgilanmagan joydan kesib o‘tishi va haydovchilar tomonidan belgilangan tezlikka rioya qilmaslik sababli yuzaga kelgan. Respublika bo‘ylab eng ko‘p YTH poytaxtda, Farg‘ona va Toshkent viloyatlarida qayd etilgan.
Namangan viloyatining Pop tumanida Isuzu yuk mashinasi yo‘l chetidagi jarga ag‘darilib ketdi. Haydovchi va yo‘lovchi halok bo‘ldi.
Buxoro viloyatida tez tibbiy yordam avtomashinasi haydovchisining ehtiyotsizligi oqibatida yo‘l chetida to‘xtab turgan Isuzu yuk avtomobilining orqa qismiga borib urilgan. YTH natijasida tez tibbiy yordam avtomashinasining haydovchisi va yo‘lovchisi voqea joyida vafot etishgan.
Jizzax shahar markazida avtobus va Nexia avtomashinasi ishtirokida to‘qnashuv sodir bo‘lgan. 3 nafar yo‘lovchisi bor avtobus to‘qnashuv natijasida ag‘darilgan. To‘qnashuvda tan jarohati olganlar yo‘qligi aytilmoqda.
Toshkentning Uchtepa tumanida Spark haydovchisi mahalla ichida yo‘lga yugurib chiqqan ikki yashar qizchani urib yubordi. Bola tana jarohatlari olib, shifoxonada hayotdan ko‘z yumdi.
Surxondaryo viloyati Qumqo‘rg‘on tumanida Matiz va VAZ-2101 rusumli avtomobillar to‘qnashishi oqibatida ikki kishi, shu qatorida voyaga yetmagan shaxs vafot etdi. Holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
Qo‘shimcha imkoniyatlardan foydalanish uchun saytda ro‘yxatdan o‘ting