Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Jizzax, Sirdaryo, Surxondaryo viloyatlari va Qarshi shahrida qattiq maishiy chiqindilarni to‘plash, olib chiqib ketish bo‘yicha ko‘rsatiladigan xizmatlar uchun yagona to‘lov tariflari oshirildi. Bu haqda Sanitar tozalash ishlarini tashkil etish respublika markazi matbuot xizmati xabar berdi.

Quyida hududlar bo‘yicha aholi va yuridik shaxslar uchun eski va yangi tariflar ko‘rsatilgan. Yangi tariflar QQS bilan hisoblangan.

  • Qorqalpog‘iston Respublikasida aholi uchun avvalgi tarif 1 kishiga oylik 2600 so‘m edi, yangi tarif — 4032 so‘m. Yuridik shaxslar uchun avvalgi tarif 1 metr kub uchun 40 ming so‘m edi, yangi tarif — 72 ming 240 so‘m.
  • Jizzax viloyatida aholi uchun avvalgi tarif 1 kishiga oylik 4000 so‘m edi, yangi tarif — 6000 so‘m. Yuridik shaxslar uchun avvalgi tarif 1 metr kub uchun 50 ming so‘m edi, yangi tarif — 67 ming 200 co‘m. Shuningdek, 1 tonna uchun (QQSsiz, tonna bilan suyuq maishiy chiqindilar hisoblanadi) 135 ming 420 so‘m.
  • Sirdaryo viloyatida aholi uchun avvalgi tarif 1 kishiga oylik 2800 so‘m edi, yangi tarif — 4000 so‘m. Yuridik shaxslar uchun avvalgi tarif 1 metr kub uchun 45 ming so‘m edi, yangi tarif — 81 ming so‘m.
  • Surxondaryo viloyatida aholi uchun avvalgi tarif 1 kishiga oylik 3000 so‘m edi, yangi tarif — 4500 so‘m. Yuridik shaxslar uchun avvalgi tarif 1 metr kub uchun 54 ming so‘m edi, yangi tarif — 78 ming 400 so‘m.
  • Qarshi shahrida aholi uchun avvalgi tarif 1 kishiga oylik 4550 so‘m edi, yangi tasdiqlangan tarif — 6160 so‘m. Yuridik shaxslar uchun avvalgi tarif 1 metr kub uchun 50 ming 400 so‘m edi, yangi tarif 89 ming 600 so‘m.

Infografika: Sanitar tozalash ishlarini tashkil etish respublika markazi matbuot xizmatiInfografika: Sanitar tozalash ishlarini tashkil etish respublika markazi matbuot xizmati

Sanitar tozalash ishlarini tashkil etish respublika markazining qayd etishicha, bu chora-tadbirlar davlat rahbarining “Maishiy va qurilish chiqindilari bilan bog‘liq ishlarni boshqarish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi hamda “Sanitar tozalash ishlarini tashkil etish va aholi punktlarida tozalikni ta’minlash bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarorlari va Vazirlar Mahkamasining “Chiqindilar bilan bog‘liq ishlarni amalga oshirish sohasidagi normativ-huquqiy hujjatlarni tasdiqlash to‘g‘risida”gi qarori ijrosini ta’minlash maqsadida amalga oshirilmoqda.

“Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi tashabbusiga ko‘ra Xalq deputatlari hududlar kengashlarining tegishli sessiya qarorlari bilan belgilangan mazkur majburiy yagona tariflar sanitar tozalash korxonalari tomonidan ko‘rsatilayotgan xizmatlar sifatini yaxshilash, yangi ish o‘rinlari yaratilishini ta’minlashga xizmat qiladi”, — deyiladi xabarda.

Bu borada ishchi organ etib belgilangan Sanitar tozalash ishlarini tashkil etish respublika markazi tomonidan o‘tkazilgan tahlillarga ko‘ra, o‘tgan davr mobaynida to‘lov tariflariga bevosita ta’sir ko‘rsatuvchi asosiy omillar, xususan, ish haqi 1,5 baravarga, avtotransport yonilg‘i-moylash mahsulotlari va ehtiyot qismlari qiymati hamda kommunal xizmatlar, jumladan, elektr energiyasi, ichimlik va oqova suvi narxlari 2 baravarga, siqilgan tabiiy gaz narxi 4 baravarga, benzin 1,5 baravarga, dizel yoqilg‘isi esa 2 baravarga oshgan.

Biroq hududlarda qattiq maishiy chiqindilarni to‘plash va olib chiqib ketish bo‘yicha aholiga ko‘rsatilgan xizmatlar uchun tasdiqlangan to‘lov tariflari oxirgi 2−4 yil davomida qayta ko‘rib chiqilmagan, bu esa sanitar tozalash korxonalarining moliyaviy holatiga salbiy ta’sir ko‘rsatib, ularning 2022-yil yakuni bo‘yicha rentabellik darajasi keskin pasayib ketgan.

Hozirda respublikaning qolgan boshqa hududlarida ham qattiq maishiy chiqindilarni to‘plash va olib chiqib ketish bo‘yicha ko‘rsatiladigan xizmatlar uchun yagona to‘lov tariflarini belgilash bo‘yicha ishlar olib borilyapti.

Avvalroq Toshkent shahri, Buxoro hamda Namangan viloyatlarida chiqindi xizmati tariflari oshirilgandi.