Toshkent Fotosuratlar uyida 17-aprel kuni rassom Umidjon Alimovning “Qishloq anatomiyasi” nomli shaxsiy ko‘rgazmasi ochildi.

Rassom qishloq hayotini xuddi fototasvirdek ifodalashi bilan tanilgan. Uning asarlari ijtimoiy tarmoqlarda katta qiziqish bilan kutib olinadi, chizgan ishlariga “fotoapparatda olingan”, o‘ziga esa “qishlog‘ini Toshkentga ko‘chirib kelgan”, deb ta’riflar ham beriladi.

Toshkent fotosuratlar uyi. Foto: Murod Yusuf / “Gazeta.uz”Toshkent fotosuratlar uyi. Foto: Murod Yusuf / “Gazeta.uz”

Umidjon Alimov — 1981-yil 10-yanvarda Andijon viloyati Izboskan tumani Botirobod qishlog‘ida tug‘ilgan. Kamoliddin Behzod nomidagi Milliy rassomchilik va dizayn institutining mahobatli rangtasvir yo‘nalishida dastlab bakalavr, so‘ng magistratura bosqichlarida o‘qigan va keyinchalik shu universitetda dars bera boshlagan. O‘zbekiston Badiiy akademiyasi, Badiiy ijodkorlar uyushmasi a’zosi. 2024-yildan Badiiy akademiya huzuridagi Rassomlik mahorat ustaxonasi tadqiqotchisi.

ko‘rgazma, rassomchilik, тошкент fotosuratlar uyi, uмиджон алimoв, qishloq anatomiyasi, qishloq hayotи

Namoyishdan rassomning 25 asari o‘rin olgan. Ko‘rgazma kuratori, san’atshunoslik fanlari bo‘yicha falsafa doktori Kamola Nishonova ko‘rgazma haqida Umidjon Alimovga taklif bergan vaqtlarni yodga oldi.

“Salkam bir yil avval Umidjon Alimov bilan shu ko‘rgazmani tashkil etish masalasi bo‘yicha gaplashib o‘tirgandik. Umidjon „Hali ishlarim kam, ko‘rgazmaga tortmasa kerak“, degandi. „Siz boshlayvering, qolgani bo‘lib ketadi“, degandim. Mana, ko‘rgazmani ham ko‘rib turibmiz”, — dedi u.

Kamola Nishonova.Kamola Nishonova.

200 nusxada ko‘rgazma katalogi ham tayyorlangan. Kamola Nishonova rassomlar ko‘rgazmaga juda jiddiy tayyorlanishi, u, albatta, katalog bilan bo‘lishi kerakligini ta’kidladi. Katalogdan Umidjon Alimovning ko‘rgazmaga qo‘yilgan suratlari va ularning yaratilish tarixi haqidagi ma’lumotlar o‘rin olgan bo‘lib, muqova suratining ustiga “Umidjon Alimov ko‘chasi” deb yozilgan. Rassomning aytishicha, bu nom ramziy bo‘lib, ijod ko‘chasi degan ma’noni beradi. Kamola Nishonova hazil aralash aytganidek, niyatlar ijobat bo‘lib, kelgusida rassomning tug‘ilib o‘sgan qishlog‘iga uning nomi berilsa ajab emas.

Ijodkorning eslashicha, ko‘rgazmaga tayyorgarlik boshlanganida Kamola Nishonova katalog qilish taklifini bergan. Lekin bu kattagina pul talab qilishini bilgan rassom o‘sha zahoti “Kamola opa, mening katalog qilishga pulim yo‘q”, deydi. Kurator esa: “Umidjon, biz yaxshi niyat bilan boshlaylik, Xudo beradi”, deydi.

“Gaplarini yerda qoldirishni xohlamadim va yaxshi niyat bilan rozilik bildirdim. Harakatni boshladik. Ular aytganlaridek bo‘ldi — Xudo berdi. Yaqin akalarimdan biriga homiylik taklifini bildirganimda: „O‘ylanma, men homiylik qilaman“, deb xarajatlarini qoplab berdilar”, — deydi rassom.

Qolaversa, namoyishga qo‘yilgan har bir ishning ostiga QR-kod qo‘yilgan bo‘lib, u orqali asarning yaratilish tarixi haqida rassomning o‘zi gapirib bergan videoli monologga o‘tish mumkin.

“Bu tomoshabinga rassom bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri muloqotga kirishish imkonini beradi. Umuman, ijodkor asarining yaratilishi haqida gapirib berishining o‘zi kamyob holat. Odatda rassomlardan ishi haqida so‘ralganda: „Bu mening ichki kechinmam, o‘zimning ichki tasavvurim“, deydiyu uyog‘iga o‘tmay, fikr bildirolmaydi. Lekin Umidjon har bir asari to‘g‘risida ma’lumot bera oladi”, — deydi ko‘rgazma kuratori.

Badiiy akademiya bosh ilmiy kotibi Feruza Obidjonova ijodda atrofdagi voqelikni qamrab olib, real hayotni obraz orqali berish oson emasligi, rassom Umidjon Alimov bu yo‘ldan yaxshi ketayotganini ta’kidlab, uning keyingi ishlarida omad tiladi. Badiiy ijodkorlar uyushmasi raisi Ibrohim Valixo‘jayev Umidjon Alimov yosh rassomlar qatoriga kirmasligi, u allaqachon tanilib, O‘zbekistonda o‘z o‘rnini topib kelayotgan ishonchli ijodkor ekanini bildirdi va undan Ijodkorlar uyushmasining umidi kattaligini aytdi.

Qishloq hayotini tasvirlashni boshlash

Umidjon Alimov qishloq hayotini tasvirlashga 2017-yildan kirishgan. Ishlarining debochasi esa “Otam qurgan tandir” asaridir. U o‘qishni bitirgandan keyin san’at olamida o‘z yo‘nalishini topishi uchun 12 yil vaqt ketganini aytadi.

ko‘rgazma, rassomchilik, тошкент fotosuratlar uyi, uмиджон алimoв, qishloq anatomiyasi, qishloq hayotи

Rassom 2017-yilning yozida Andijondagi o‘zi tug‘ilib o‘sgan xonadonga boradi. Odatda qishloq odamlari vaqtli turadiyu tushlikdan so‘ng biroz mizg‘ib oladi. Umidjonning uyida ham hamma dam olayotgan payt. Faqatgina u tashqaridagi so‘rida uy hayvonlariyu qushlarning ovozini tinglab, tabiatni kuzatib turganida qizi chiqib, dadasi bilan birga o‘tirishini aytadi. Dadasining “Durdonabonu, hamma dam olyapti, siz ham oyingiz, ukalaringizning oldiga kirib uxlab oling, kun issiq”, degan gapiga ham kirmaydi.

“Mol-qo‘ylarimizdan xabar olaylik-chi, issiqda qiynalib qolishmadimikan deb, qizimni yetaklab yura boshladim. Tandirxonadan o‘tayotganimizda tandirga tushib turgan quyosh o‘ziga tortdi, to‘xtadim. Avval bunaqa holatni yo kuzatmaganman, yoki e’tibor bermaganman. Balki ijodga, o‘z yo‘limni topishga bo‘lgan g‘alayon meni to‘xtashga undagandir. Joyni o‘rgana boshladim. U tomonga o‘tib qaradim, bu tomonga o‘tib qaradim, tandirga tushayotgan quyosh ko‘zimga shunaqa chiroyli ko‘rinyaptiki, ichimdan nimanidir topdim, qaysidir ishning bo‘sag‘asida turibman, degan fikr o‘tardi. Qizimni o‘sha yerdagi eshik oldiga o‘tkazib, „Qizim, bundoq turing, bu yoqdan kelgandek bo‘ling“, deb oxiri o‘sha eshikka suyangan holda to‘xtatib, kichkina qoralama qildim”, — deydi rassom.

U Toshkentga qaytib ijodxonasida o‘sha asar ustida ishlay boshlaydi. Aytishicha, shu paytgacha biror ishi uchun o‘sha rasmning ustida ishlaganchalik hayajon, titroqning ostida qolmagan.

“Demak, men mavzu, o‘zimga uslub topyapman, deb o‘ziga xos yo‘nalishni qidirayotgan rassom sifatida xursand bo‘lardim. Tandirni haqiqatan ham otam qurganlar. Asarning nomi har aytilganda dadam eslansinlar, degan niyatda uni „Otam qurgan tandir“ deb nomladim”, — deydi rassom.

Umidjon Alimov asosan Andijonga borib, asarlari uchun ilhom olib, qoralamalar qilib keladiyu, ularni Toshkentdagi ijodxonasida “dunyoga keltiradi”. 2024-yildan boshlab Rassomlik mahorati ustaxonasi tadqiqotchisi bo‘lgandan beri uning ixtiyoriga to‘la sharoiti bilan kattagina ustaxona topshirilgan. Endi tadqiqoti davridagi ikki yillik vaqtda shu yerda ijod qilib, faoliyat olib boradi. Bungacha uyidagi kichkina xonadan ijodxona sifatida foydalangan.

Rassom odatda suratlarini eng tezi 15−20 kunda bitiradi. “Qishlog‘im ko‘chalarida”, “Dadasining yo‘liga qarab”, “Tushlikka hozirlik” asarlari bitishi eng ko‘p vaqt olgan ishlar bo‘lib, har biriga uch oydan vaqt ketgan. Aytishicha, ishning tez yoki sekin kechishi tasvirdagi detallarning miqdori, rassomning ruhiy holati bilan bevosita bog‘liq bo‘lishi mumkin.

Rassomning oilasi, farzandlari Andijonda, o‘zi esa Toshkentda yashaydi. U poytaxtda uyi bo‘lishiga qaramasdan, oilasini ko‘chirib olib kelmaganini aytadi. Sabab sifatida otasining eshigi ochiq turishi, farzandlarining bolaligi ham o‘sha yerda o‘tishini xohlashini ko‘rsatadi.

“Ertaga bolalarim ham men kabi Toshkentga o‘qigani keladi, balki keyinchalik yashab ham qolar. O‘sha paytda ularning ham menga o‘xshab oyog‘i qishloqqa tortib turishini xohlayman. Olib kelsam, u yerdan uzilib qolishimizni yaxshi bilaman”, — deydi rassom.

Oddiy, samimiy, lekin e’tiborsiz turgan narsalarni xalqqa rassom ko‘zi bilan ko‘rsatishni xohlashini, hozirgi rivojlanayotgan davrda shahar odamlarida halovat yo‘qolgan, to‘s-to‘polon borligini sezilishi, qishloqlarda esa sokinlik, xotirjamlik, odamiylik, baxtiyorlik, oddiy narsadan quvona olish hissi hali ham yo‘qolmaganini aytarkan, “men asarlarimni sotish yoki boshqa maqsadda emas, o‘zimning sog‘inchimni qondirish uchun yarataman”, — deydi.

Ko‘rgazma ochilishida rassomning oila a’zolari, farzandlari, ko‘plab qishloqdoshlari ham kelgan edi. So‘zga chiqqan Umidjon Alimov ijodining ortida turgan va o‘z asarlarida qahramonga aylantirgan oila a’zolariga minnatdorchilik bildirdi.

“Bitta ijodkorning, rassomning asarlaridan o‘zimga ma’naviy ozuqa olaman va uni qo‘llab-quvatlayman, deb kelgan hammangizning qadamlaringizga hasanot. Shu bugungacha nimaga erishayotgan bo‘lsam, barchasining ortida ota-onamning mehnati, oilam, farzandlarimning qo‘llab-quvvatlovi va ilhomlantirishi turadi. Buning uchun ularning bariga minnatdorligimni bildiraman”, — dedi u.

Rassom kelgusi rejalari haqida gapirarkan, hali oqqa ko‘chirmagan eskizlari ko‘pligi, ularni tomoshabinga yetkazishga shoshayotgani, tamomlashi bilan hozirgi uslubidan uzoqqa ketmagan holda boshqacharoq yo‘nalishlarda ham o‘zini sinab ko‘rmoqchiligini aytadi.

Ko‘rgazma 22-aprelgacha davom etadi. Quyida rassom asarlarining yaratilish tarixi haqida hikoya qiladi.

“Kuzgi o‘ylar”

ko‘rgazma, rassomchilik, тошкент fotosuratlar uyi, uмиджон алimoв, qishloq anatomiyasi, qishloq hayotи

“Andijonga har borganimda bolaligim o‘tgan ko‘chalar, mahallalarda yurgim, odamlar bilan gaplashgim keladi. Buni farzandlarim, jiyanlarim ham bilib qolgan. Qachon ko‘chaga chiqamiz, qachon meni aylantirib kelasiz, qachon falon mahallaga boramiz, deb turishadi.

Bu safar ham nonushtadan keyin bolalar bilan mahalla aylanib, asta yangi uyimiz tomon otlandik. Yo‘l bo‘ylab yoshligimda yurgan ko‘chalar, kechib yurgan ariqlar, kunimni o‘tkazgan dalalardan o‘tarkanman, kuzning quyoshi, shoxlari kesib tashlanib, yangi novdalar chiqarayotgan eski tol e’tiborimni tortdi.

O‘g‘illarimga shu yerda ozgina o‘ynaylik, dedim. Ular o‘yin bilan band, men esa xayolan o‘zimning ijodiy rejalarimga sho‘ng‘ib ketgandim. Qoralamalar qilib, materiallar yig‘dim. Ijodxonamga kelganda o‘sha asar ustida ishlay boshladim. Lekin asar to‘liq bo‘lishi uchun nimadir yetishmasdi.

Bir do‘stimning ijodxonasiga borib, “Menga manzara kerak bo‘lib qoldi, manzaralariningizdan bering”, deb so‘radim. Kompyuteridagi albomni taklif qildi. Kuzatib tursam, bir onaxon orqasiga bolani opichlab turgan kadrga ko‘zim tushdi. Do‘stimdan asarim uchun shu ishni menga berishini so‘radim. Ko‘ndi. “Kuzgi o‘ylar” asarini yaratdim, bu do‘stimdan menga esdalik bo‘lib qoldi".

“Don”

ko‘rgazma, rassomchilik, тошкент fotosuratlar uyi, uмиджон алimoв, qishloq anatomiyasi, qishloq hayotи

“Andijon. Nonushtadan so‘ng hovlida kattalar o‘z ishlari, bolalar esa o‘yin bilan band. Ukam eski omborxonamiz oldida tovuqlar uchun makkajo‘xori donini so‘tasidan ajratyapti. Shu payt dadam ikkalamizga ish buyurib qoldilar. Ishni bajarib kelsak, makka ajratish ishini bolalar qo‘liga olibdi. O‘yin sifatida shunaqa maza qilib bajarishyaptiki, bittasi stulda, bittasi cho‘kkalab olgan, kichkinasi makka sudrab kelyapti. Xullas, qiziqarli jarayon. Ularni kuzatib o‘tirdim. Soyalar, quyosh nuri juda ajoyib edi. Bir-ikki qoralama qilib, Toshkentga kelgach shu asar ustida ishladim”.

“Hovli”

ko‘rgazma, rassomchilik, тошкент fotosuratlar uyi, uмиджон алimoв, qishloq anatomiyasi, qishloq hayotи

“Yoshligimda tasviriy san’at sirlarini o‘rgatgan Madamin aka degan ustozim bor. Andijonga har borganimda imkon qadar yo‘qlayman. U kishining hovlisi menga qiziq tuyuladi, juda fayzli. Shu xonadon bilan ham bog‘liq nimadir qilishim kerak, degan o‘y miyamning bir chekkasida turardi. Bir safar ishkomlarining tagida qoralamalar qildim. Madamin akaning o‘zlarini suv ko‘targan, olib ketayotgan yoki boshqa turli holatlarga qo‘yib, material yig‘dim. Ijodxonamga kelganda ko‘plab variantlar orasidan ishkomning tagida ayolimning kir yuvib o‘tirgani, yonida esa katta o‘g‘lim A’lonur oyisini javratib, uning suvidan olib oyog‘iga to‘kib, o‘ynab, to‘polon qilib yurgan holatini tasvirladim. Shunday qilib „Hovli“ asari dunyoga keldi”.

“Baxtiyorlik”

ko‘rgazma, rassomchilik, тошкент fotosuratlar uyi, uмиджон алimoв, qishloq anatomiyasi, qishloq hayotи

“Jiyanlarim va farzandlarim ertalabdan kechgacha birga o‘ynaydi. O‘yinchoqlaridan ortib tuproq o‘ynaydi — hali daraxtga, hali ishkomga osiladi. Ust-boshlarini chang, kir qiladi. Kechga borib, onalari ularni yuvintirib, toza kiyimlar kiydiradi. Bu jarayon har kuni takrorlanadi.

Bir kuni jiyanim Jaloliddinni onasi Mahfuzaxon so‘riga o‘tqazib, oyog‘ini yuvayotgandi. Jarayon meni ta’sirlantirmay qo‘ymadi. Ona shu darajada maza qilib, baxtiyorlik bilan bolasining oyog‘ini yuvayotgandi. Farzand uchun esa onasining quchog‘ida katta bo‘lish, uni yuvib-tarashi, mehr berishi juda katta baxt. O‘sha yerda o‘tirib, bir-ikki eskiz qildim-da, ijodxonamda uning ustida ishlab, “Baxtiyorlik” deb nom berdim".

“Kulcha non”

ko‘rgazma, rassomchilik, тошкент fotosuratlar uyi, uмиджон алimoв, qishloq anatomiyasi, qishloq hayotи

“Dasturxonimizga birinchi qo‘yiladigan narsa, shubhasiz, non. Non bilan bog‘liq juda ko‘p afsona, rivoyatlar bor. Ayniqsa, o‘zbek xalqining nonga bo‘lgan muhabbati va hurmati cheksiz. Ko‘p ijodkorlar bu mavzuga murojaat qiladi. U haqda she’rlar yoziladi, kinolar olinadi, suratlar yaratiladi.

Bahorda o‘g‘lim va jiyanim bilan mahalla aylandik. Keng dalalarda o‘ynab qaytayotganimizda men telefonda gaplashib qolib ketdim. Bolalar esa ariqning bo‘yiga o‘tirib, suv o‘ynashardi. Telefondagi muloqotim tugagach, ularni to‘xtatgim kelmadi va kuzata boshladim: maroq bilan suv o‘ynashardi.

Ko‘z oldimda suvga non oqizib yeyayotgan bolalardek ko‘rinishdi — o‘z bolaligim shunday kechgan. Buvimning qo‘lidan issiq kulchani olib, ko‘chaga yugurib chiqib, gohida suvga solib yerdik… Qoralamalar qilib oldim. Ijodxonada jiyanim va farzandim misolida o‘z bolaligimni gavdalantirdim".

“Tandir boshida”

ko‘rgazma, rassomchilik, тошкент fotosuratlar uyi, uмиджон алimoв, qishloq anatomiyasi, qishloq hayotи

“Kuzda katta o‘g‘lim bilan uyda o‘ynab yuribmiz. Ekinlar yig‘ishtirilgan, tovuqlar hovliga chiqarib yuborilgan payt. Bolaligimda tovuqlar qoqolasa, tandir boshiga yugurib borardik-da, tandirning ichiga qarardik. Ba’zida qachon tandirga kiradiyu tuxum qo‘yadi deb, tovuqlarni poylab yurardim. O‘g‘lim bilan tandirxonada o‘ynayotganimizda atrofimizda tovuqlarning ham o‘ynab yurgani o‘sha paytlarni esga soldi va „Tandir boshida“ asarim dunyoga keldi”.

“Dekabr”

ko‘rgazma, rassomchilik, тошкент fotosuratlar uyi, uмиджон алimoв, qishloq anatomiyasi, qishloq hayotи

“Yangi yilni ota-onam, oilam davrasida kutib olish uchun, albatta, Andijonga boraman — hozirgacha Yangi yilni boshqa joyda kutmaganman. Har borganimda dadam va onam o‘tiradigan katta uydagi pechka va u bilan bog‘liq xotiralar chuqur o‘yga soladi. Uning murakkab ranglari, atrofidagi hayot, choynak-piyolalar, ustidagi qumg‘onlar o‘ziga tortmay qo‘ymaydi.

Bir borganimda dadam bolalar yeganda tomog‘i og‘rib qolmasin deb olma, limon, anor kabi mevalarni choynaklarning ustiga terib qo‘ygan ekan. Qarasam, tepadagi kalendarda ham xuddi o‘sha manzara bor ekan. Ko‘plab o‘zbek xonadonlarida Makka shahrining rasmi bo‘ladi. Devorning boshqa burchagida shu rasm osig‘liq turgandi. Toshkentga qaytib, shu detallar bilan ishladim va “Dekabr” dunyoga keldi".

“Oq yo‘l”

ko‘rgazma, rassomchilik, тошкент fotosuratlar uyi, uмиджон алimoв, qishloq anatomiyasi, qishloq hayotи

“Bu yerda ham qizim, jiyanim, mahallamiz tasvirlangan. Bolajonlar bilan o‘ynagani chiqdik. Katta o‘g‘lim A’lonur o‘zining velosipedida, jiyanim ham o‘z velosipedida, men bilan qizim esa yayov borardik. Bir payt qizim: „Dada, menga ham velosiped haydashni o‘rgating“, deb qoldi. U ham bolalar bilan qo‘shilib o‘ynashni xohlayotgandi. Jiyanim Jaloliddin: „Opa, keling o‘tiring, men haydayman sizni“, deb qizimni velosipedga o‘tqazib, haydashni o‘rgata ketdi. Ularning harakatidan tashqari nur va soyalar ham o‘ziga xos jilo taratib turardi. Shu bilan „Oq yo‘l“ asarini yaratdim”.

“Do‘stini chaqirib”

ko‘rgazma, rassomchilik, тошкент fotosuratlar uyi, uмиджон алimoв, qishloq anatomiyasi, qishloq hayotи

“Bu surat ham bolalik xotiralarim bilan bog‘liq. Unda tasvirlangan joy, afsuski, bir yil oldin buzilib ketdi. O‘g‘lim bilan mahalla aylanarkanman, guvaladan qilingan devor va uy e’tiborimni tortdi. Bunaqa uylar, devorlar qishloqlarda ham juda kamayib ketyapti. Qiziq tarafi, bu hovliga bolaligimda kirib-chiqib yurganman. U yerda, adashmasam, To‘laboy qori degan kishi yashagan. Injiqlansam yo og‘rib, isitmam ko‘tarilib qolsa, onam qoribuvaga yoki shu xonadondagi onaxonga dam soldirgani olib chiqardilar.

O‘g‘limga “A’lonur, eshikning tirqishidan qara-chi, kim bor ekan?”, dedim. U ham tirqishdan qarab, hovlining ichini ta’riflay ketdi. Qoralamalar qilib, o‘zimga kerak bo‘lgan materiallarni yig‘dim. Ijodxonamga kelib, “Do‘stini chaqirib” degan asarga qo‘l urdim".

“Tushlikka hozirlik”

ko‘rgazma, rassomchilik, тошкент fotosuratlar uyi, uмиджон алimoв, qishloq anatomiyasi, qishloq hayotи

“Bu o‘zimning xonadonim. Asardagi qahramonlar — oila a’zolarim, onam, ikki o‘g‘lim va kelinimiz. Unda haqiqatan ham tushlikka hozirlik tasvirlangan. Soat 10 lar atrofi. Qishloqda nonushta ham, tushlik ham biroz ertaroq bo‘ladi. Bizning xonadonda soat 11−12 larda tushlik qilinsa, tayyorgarlik soat 10 lardan boshlanadi. Kelinimiz va onam ovqat uchun masalliqlarni to‘g‘rayapti, bu yoqda kichkina o‘g‘lim o‘ynayapti. Kattam to‘polonchiroq, qand so‘rab xarxasha qilayapti. Manzara juda chiroyli edi. Qoralamalar qildim, ijodxonamda ular ustida ishladim. Chap tomon bo‘sh qolayotgandek edi — u yerga tovuqlarni jo‘jalari bilan tasvirladim. Qolgan detallarning hammasi boricha kiritilgan”.

“Dadasining yo‘liga qarab”

ko‘rgazma, rassomchilik, тошкент fotosuratlar uyi, uмиджон алimoв, qishloq anatomiyasi, qishloq hayotи

“Tirikchiligim poytaxtda, o‘zim Toshkentda ishlab, yashayman. Ota-onam, oilam esa Andijonda, shuning uchun bir oyog‘im Andijonda. Qancha ko‘p bormay, ularni sog‘inaveraman. Ijodkor ta’sirchan ijod qilishi uchun yetarlicha baxtsiz bo‘lishi kerak, degan fikrni eshitganman. Meni baxtga yetaklayotgan baxtsizlikni ham shu sog‘inchda, deb bilaman.

Bir kuni telefonda ayolim bilan gaplasharkanman, kechki payt bolalarning qo‘l-betini yuvayotganida A’lonuringiz: “To‘xtang, men dadamning yo‘liga borib kelay”, deb yugurib ko‘chaga chiqib keladi, siz keladigan tomonga qarab turaveradi, deb qoldi. Ichimdan o‘g‘lim meni sog‘inibdi, degan his o‘tdi. Buning alamini ijoddan olgim keldi. Bu suratda o‘g‘lim A’lonur tasvirlangan. Joy esa mahallamizdagi Yaxshiboy buvaning xonadoni, qurilishdan oldingi holati. Hozir bu joyning o‘rniga darvozaxonalar tushib, o‘zgarib ketgan. Kolorit jihatdan juda ma’qul kelgani uchun ham shu yerni tanlagandim".

“Qishlog‘im ko‘chalarida”

ko‘rgazma, rassomchilik, тошкент fotosuratlar uyi, uмиджон алimoв, qishloq anatomiyasi, qishloq hayotи

“Suratda o‘zim o‘qigan 13-maktabning orqa tomoni tasvirlangan. Pandemiya payti Toshkentda uzoqroq qolib ketdim. Qishlog‘imni juda sog‘indim. Vaziyat biroz yumshagach, Andijonga yo‘l oldim. Bir hamqishlog‘imiz qazo qildi. Fotihaga o‘tib kelish kerak edi. Ukam mashinada boramizmi, deb taklif qildi. Ko‘chalarning ichini yayov tomosha qilib ketaylik, dedim. Ijodkorning ukasi bo‘lgani uchun, istagimni yaxshi tushunib, rozilik bildirdi.

Shu bilan uydan chiqdik. Yoshligim o‘tgan ko‘chalarda maza qilib ketyapman. Maktabimiz oldidagi shu joydan o‘tib, to‘xtab qoldim. Ariqdan oqayotgan suv, tollarning soyalari, tut daraxtlari, mayin shabada — shunaqangi dam oladigan joyki, ketgim kelmay qoldi. Ariqdagi suvning oqishi juda ajoyib edi. Hozir bunday to‘lib oqadigan ariqlarni qishloqlarda uchratish ham amri mahol. Ukamga: “To‘xta, shu joyda ozgina o‘tiraylik”, dedim. Uyoqqa yurdim, buyoqqa yurdim, joyni kuzatdik, so‘ng yo‘limizda davom etdik.

Borishimiz kerak bo‘lgan xonadonga kirib, hamdardlik bildirib, ortga qaytdik. Ukamga: “Boyagi yo‘ldan yuraylik, o‘sha joyda to‘xtaylik”, dedim. Manzilga yetkanda, kerakli materiallarni yig‘a boshladim. Ijodxonamga borgach, nevarasini opichlagan onamni qahramon sifatida kiritib, shu asarni chizdim".

“Mehnatning tagi rohat”

ko‘rgazma, rassomchilik, тошкент fotosuratlar uyi, uмиджон алimoв, qishloq anatomiyasi, qishloq hayotи

“Kunduzgi soat 10−11 lar atrofi. Ukam qishda uyni isitish uchun pechkabop o‘tin maydalayapti. Uning oldiga kelinimiz Mahfuzaxon kelib o‘tirdi va yordam bera boshladi. Sal o‘tmay onam kichkina o‘g‘limni ko‘tarib kelib, ulardan hol-ahvol so‘rab, jarayonga qo‘shildi. Kelinimiz onamning qo‘lidagi o‘g‘limga qarab, uni imo-ishoralar bilan o‘ynatar, o‘g‘lim ham unga talpinaverardi. Xalqimizda ona uchun farzandning begonasi bo‘lmaydi, degan gap shu kabi mehrli holatlardan kelib chiqqan bo‘lsa kerak. Jarayonni kuzatib, o‘zim uchun qoralamalar qildim, oxiri „Mehnatning tagi rohat“ asari paydo bo‘ldi”.