“Gazeta.uz” 2024-yil 1-martdan kuchga kiradigan qonunchilikdagi o‘zgarishlar ro‘yxatini taqdim etadi. Dayjest Adliya vazirligi ma’lumotlari asosida tayyorlandi. Quyida ularni to‘liqligicha e’tiboringizga havola etamiz.

1. Norma ijodkorligi jarayonida jamoatchilik ishtiroki kengaytiriladi.

1-martdan eng muhim iqtisodiy va ijtimoiy-siyosiy ahamiyatga ega normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini dastlab jamoatchilikning taklif va tavsiyalarini olib, ular asosida tegishli loyihalarni ishlab chiqish tartibi joriy etilmoqda.

Ushbu tartibni amalga oshirish mexanizmi sifatida bunday loyihalar ishlab chiqilishidan oldin ularning tayyorlanishi haqidagi axborot normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portaliga joylashtirilib, aholidan takliflar yig‘ilishi belgilanmoqda.

Shu bilan birga, Adliya vazirligi tomonidan loyihalarni jamoatchilik taklif va tavsiyalari asosida ishlab chiqish bo‘yicha uslubiy tavsiyalar tasdiqlanishi nazarda tutilmoqda.


2. Ayrim hududlarga “ekomahalla”, “ekoqishloq” va “ekoovul” maqomi beriladi.

Prezidentning 2023-yil 31-maydagi qaroriga ko‘ra, ekologik toza hudud rejimi joriy qilingan hududlardagi fuqarolar yig‘inlariga “ekomahalla”, “ekoqishloq” va “ekoovul” maqomi beriladi.


3. Chet eldan turib ayrim notarial bitimlarni rasmiylashtirish tartibi yo‘lga qo‘yiladi.

Prezidentning 2023-yil 11-sentabrdagi qaroriga ko‘ra, notarial idoraga kelmasdan, shu jumladan, chet eldan turib mol-mulkdan foydalanish bilan bog‘liq bitimlarni (mulk huquqini boshqa shaxsga o‘tkazishdan tashqari) elektron raqamli imzodan foydalanib, videokonferensaloqa orqali rasmiylashtirish tartibi yo‘lga qo‘yiladi.


4. Yoshlar rahbarlarga biriktiriladi.

Prezidentning 21-fevraldagi farmoniga ko‘ra, 1-martdan alohida ishlash talab etiladigan, shuningdek, iste’dodli va iqtidorli yoshlar “Yoshlar balansi” asosida vazirlik va idoralar, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari, davlat ishtirokidagi korxona va tashkilotlar hamda oliy ta’lim tashkilotlari rahbarlariga biriktiriladi.

Bunda mazkur rahbarlar har oyda kamida bir marotaba o‘zlariga biriktirilgan yoshlar bilan uchrashib, ularning muammolarini hal qilish va salohiyatini yuzaga chiqarish, ularni talab yuqori bo‘lgan kasb-hunarga o‘qitish orqali bandligini ta’minlash, hayotda o‘z o‘rnini topishi, shuningdek, huquqiy ongi va madaniyatini yuksaltirishga har tomonlama ko‘maklashadi.


5. “Qizlar akademiyasi” platformasi ishga tushiriladi.

Prezidentning 21-fevraldagi farmoniga ko‘ra,

  • “Yoshlar daftari” jamg‘armasi mablag‘lari yoshlarni chet tillari va kasb-hunarga o‘qitish maqsadlariga yo‘naltiriladi;
  • yoshlarni zamonaviy kasblarga o‘qitish bo‘yicha “Ustoz” maxsus platformasi ishga tushiriladi va dastlabki bosqichda mazkur platforma orqali 250 ming nafar yoshlar qamrab olinadi;
  • yosh xotin-qizlarni tadbirkorlik, marketing, grafik-dizayn kabi zamonaviy kasblarga o‘rgatish uchun “Qizlar akademiyasi” platformasi ishga tushiriladi va bu orqali yosh xotin-qizlar uchun turli tanlov, loyihalar, o‘quv oromgohlari, stajirovkalar tashkil etiladi.

6. 22 turdagi litsenziyalanadigan faoliyat va ruxsat etish xususiyatiga ega hujjatlar bekor qilinadi.

Prezidentning 9-yanvardagi farmoniga ko‘ra, litsenziyalanadigan faoliyat va ruxsat etish xususiyatiga ega hujjatlarning 22 turi bekor qilinadi.

Shuningdek:

  • litsenziyalash, ruxsat berish va xabardor qilish tartib-taomillari sohasidagi huquqbuzarliklarni sodir etganlik uchun yuridik shaxslarga qo‘llanilgan jarima summasi miqdorining 50 foizi 15 kun ichida, 70 foizi 30 kun ichida ixtiyoriy ravishda to‘langanda, huquqbuzar jarimaning qolgan qismini to‘lashdan ozod etiladi;
  • litsenziya yoki ruxsat etish xususiyatiga ega hujjatni berish jarayonida video aloqa vositalari yordamida talabgorlarning litsenziya va ruxsat etish xususiyatiga ega hujjatlar talab va shartlariga muvofiqligini masofadan turib baholash tartibi joriy etiladi;
  • tadbirkorlik subyektini davlat ro‘yxatidan o‘tkazish yoki qayta ro‘yxatdan o‘tkazishda uning pochta manzili sifatida muassisning turar joyini ko‘rsatishga ruxsat beriladi.

7. Ayrim shaxslarga ijtimoiy xizmat va yordam ko‘rsatish uchun moslashuvchan ish tartibi joriy etiladi.

Prezidentning 2023-yil 27-dekabrdagi qaroriga ko‘ra, individual ijtimoiy xizmatlar rejasiga muvofiq o‘z-o‘ziga xizmat ko‘rsatish, mustaqil ravishda harakatlanish va mo‘ljal olish imkoniyati cheklangan yolg‘iz keksalar va nogironligi bo‘lgan shaxslarga ijtimoiy xodimlar assistentlarining “soatbay” asosda haftaning barcha kunlari xizmat ko‘rsatishi uchun qonunchilikka muvofiq moslashuvchan ish tartibi joriy etiladi.


8. Xorijiy tillar bo‘yicha tanovlar o‘tkaziladi.

“Besh tashabbus olimpiadasi” doirasida mahalla, ta’lim muassasalari, korxona va tashkilotlar tizimida mukofot jamg‘armasi 600 million so‘m miqdorida xorijiy tillar (“Ibrat farzandlari”) bo‘yicha tanlovlar, kibersport musobaqalari va “Zakovat” intellektual o‘yinlari yuqori saviyada tashkil etiladi.

Kasblar tanlovida g‘olib bo‘lgan yoshlarni o‘z hududlarida jihozlangan ustaxonalar bilan ta’minlash amaliyoti yo‘lga qo‘yiladi.


9. Vasiylikdagi shaxsning mol-mulki bilan boglik bitimlar “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazlari bilan kelishiladi.

Prezidentning 2023-yil 27-dekabrdagi qaroriga ko‘ra, vasiylikdagi shaxsning mol-mulkini taqsimlash va uning taqdirini hal etishga qaratilgan boshqa bitimlar notarial tasdiqlashdan avval “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazlari bilan kelishiladi.


10. “Biznesga litsenziyasiz kirish” maxsus rejimi joriy etiladi.

Prezidentning 9-yanvardagi farmoniga ko‘ra, 2025-yil 1-yanvargacha huquqiy eksperiment tariqasida rentgen uskunasidan foydalanish va veterinariya laboratoriya-diagnostika ishlarini amalga oshirish faoliyatlarini boshlash uchun 3 oygacha o‘tish va moslashish davrini belgilaydigan “Biznesga litsenziyasiz kirish” maxsus rejimi joriy etiladi.


11. Nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun Uzbekistan.travel portalidan foydalanish imkoniyati yaratiladi.

Prezidentning 12-yanvardagi qaroriga ko‘ra, nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun Uzbekistan.travel yagona milliy turistik axborot portalidan foydalanish imkoniyati yaratiladi.


12. Aholini havo ifloslanishi haqida xabardor qilish boshlanadi.

O‘zbekistonda aholini chang bo‘roni va havo ifloslanishidan ogohlantirishni boshlash rejalashtirilmoqda. Qurilish obyektlarida chang va qum zarrachalarining havoga ko‘tarilishini bartaraf etish bo‘yicha majburiy talablar joriy etiladi.


13. Toshkentda tig‘iz vaqtlarda yuk mashinalar harakati taqiqlanadi.

1-martdan Toshkent shahrida yuk tashish uchun mo‘ljallangan, ruxsat etilgan to‘la vazni 10 tonnadan yuqori bo‘lgan N2, N3 va O4 toifalariga kiruvchi avtotransport vositalarining harakati tig‘iz vaqt oraliqlarida taqiqlanadi.

Ushbu cheklovlar maxsus xizmat, jumladan, kommunal xo‘jaligi, obodonlashtirish va O‘zbekiston Qurolli kuchlarining yuk transport vositalariga taalluqli emas.