Futbol bo‘yicha O‘zbekiston milliy terma jamoasi bosh murabbiyi Srechko Katanets mamlakat Osiyoning eng yaxshi jamoalariga qarshi kurasha oladigan, ehtimol, ilk marta Jahon chempionatiga chiqa oladigan darajaga yetganiga ishonmoqda.

Bu haqda u Jahon chempionati-2026 va Osiyo kubogi-2027 qo‘shma saralash bosqichi doirasidagi Gonkong terma jamoasiga qarshi uchrashuvlar oldidan Osiyo futbol konfederatsiyasiga bergan intervyusida aytib o‘tdi.

Ta’kidlash mumkinki, sloveniyalik mutaxassis bu safargi yig‘inga 26 nafar futbolchini jalb etgan bo‘lsa, ularning 20 nafari Qatardagi Osiyo kubogida ishtirok etgan. U Gonkongga qarshi ikkita saralash o‘yinlarini intiqlik bilan kutayotganini ta’kidladi.

Gong Kong terma jamoasiga qarshi 3-tur uchrashuvi 21-mart kuni Toshkent vaqti bilan soat 17:00da “Mong Kok” stadionida o‘tkaziladi.

“Jahon chempionatining saralash uchrashuvlariga yosh, tajribasiz va yangi futbolchilarni jalb etib, ularni o‘yin uslubiga moslashtirish uchun vaqt yo‘q, chunki bu juda murakkab. Bunday muhim bahslar oldidan bizni kelajakda nimalar kutayotganini bilishimiz zarur. Uzoq parvozlar va qisqa vaqt davomida yetarli darajada mashg‘ulot o‘tkazmagan holda mezbon jamoaga qarshi bahs olib borish, so‘ng parvoz va bir necha kundan so‘ng yana o‘yin o‘tkazish oson bo‘lmaydi”, — deydi Katanets.

U terma jamoa sardori va Italiyaning “Kalyari” klubi futbolchisi Eldor Shomurodov Osiyo kubogida ishtirok etishiga to‘sqinlik qilgan jarohatidan forig‘ bo‘lib, yana safga qaytgani jamoadagi eng katta o‘zgarish bo‘lganini ta’kidladi.

Shuningdek, Hojiakbar Alijonov bilan bog‘liq vaziyatni ham eslab o‘tdi: “Alijonov Osiyo kubogigacha bizning eng yaxshi futbolchilarimizdan biri edi, u oxirgi bir qancha uchrashuvlarda ajoyib o‘yin ko‘rsatdi, so‘ng jarohati sababli maydonga tusha olmadi va hozir ham tarkibda emas. Shomurodov safga qaytdi, ammo biz uning jismoniy holatiga e’tibor qaratishimiz kerak”.

O‘zbekiston milliy terma jamoasi JCH-2026 va Osiyo kubogi-2027 saralash bosqichi doirasida Turkmanistonni 3:1 hisobida mag‘lub etib, Eron bilan 2:2 hisobida durang o‘ynadi va to‘rt ochko bilan “E” guruhida 2-o‘rinni egallab turibdi.

Biroq bosh murabbiy futbolchilar “Mong Kok” stadionida o‘tkazilishi kutilayotgan Gonkongga qarshi uchrashuvda raqibni jiddiy qabul qilishlari kerakligi to‘g‘risida fikr bildirib o‘tdi:

“Professional ravishda biz borimizni berishimiz kerak. Gonkong Osiyo kubogida ochko olmagan bo‘lishi mumkin, ammo ulardagi tarkib avvalgidan farq qilishi ehtimoli bor. Demak, bu bahs oson bo‘lmaydi. Futbolchilarni o‘yinga jiddiy yondashishi kerakligiga ishontirish — mening vazifam. Ha, qog‘ozda biz raqibga qaraganda ustundek ko‘rinishimiz mumkin, lekin uchrashuvga tayyor bo‘lmasangiz, futbol sizga kutilmagan syurprizlarni taqdim etishi mumkin. Agar oldindagi ikki o‘yinda g‘alaba qozonsak, katta ehtimol bilan, keyingi bosqich masalasini ijobiy hal etgan bo‘lamiz”, — deya ta’kidladi murabbiy.

Uchinchi yildirki jamoani qurishda davom etyapmiz. Biz Osiyo kubogida eng yaxshi hujumchisi turnirda ishtirok etmagan yagona jamoa edik. Agar Shomurodov safda bo‘lganida, uning eng kamida 4−5 ta gol urishiga ishonchim komil edi, deya qo‘shimcha qildi u.

Srechko Katanets shu vaqtga qadar ham Osiyoda muvaffaqqiyatli faoliyat yuritgan va Birlashgan Arab Amirliklari (2009−2011) hamda Iroq terma jamoalarini (2018−2021) boshqargan.

Uning fikricha, O‘zbekiston Osiyoning eng kuchli jamoalariga munosib raqib bo‘la oladigan va, ehtimol, o‘z tarixida ilk bor Jahon chempionatiga chiqishga qodir bo‘lgan jamoaga aylandi.

“Eng katta o‘zgarish shuki, jamoa avvalgiga qaraganda umuman boshqa uslubda o‘ynamoqda. Men ba’zi futbolchilarni mas’uliyatni o‘z zimmasiga olishlari kerakligiga ishontirdim. Ularda o‘zlariga bo‘lgan ishonch ruhi oshgan. Shu sababli har qanday jamoaga qarshi bahsda yaratilgan imkoniyatlarning aksariyatidan unumli foydalanmoqdamiz. Biroq himoyaviy o‘yin ko‘rsatadigan termalarga qarshi muammolarimiz bor.

Futbolchilar men nimani istayotganimni yaxshi tushunadi, bu juda muhim, chunki ular bilan har kuni ham birga ishlay olmayman va terma jamoaga jalb etilganlarida ulardan nima talab qilinayotganini bilishlari muvaffaqqiyat sari katta qadamdir", — deydi Srechko Katanets.