Shavkat Mirziyoyev 27-mart kuni AQSh senatori Stiven Deyns va Vakillar palatasi qo‘mitasi raisi, kongressmen Mayk Rojers boshchiligidagi delegatsiyani qabul qildi, deb xabar qildi davlat rahbari matbuot xizmati.

O‘zbekiston-AQSh strategik sheriklik munosabatlarini mustahkamlash, ko‘p qirrali hamkorlikni rivojlantirish masalalari muhokama qilindi.

Davlat rahbari parlamentlararo aloqalarni, xususan, AQSh Kongressida faoliyat yuritayotgan O‘zbekiston bilan hamkorlik bo‘yicha kokus ishini yuqori baholadi.

O‘zbekiston va AQSh o‘rtasidagi o‘zaro tovar ayirboshlash hajmi 2023-yil yakuniga ko‘ra 30 foizga oshdi. Tomonlar O‘zbekiston bozorida faoliyat yuritayotgan AQSh kompaniyalari soni ortib borayotganini qayd etdi, jumladan, Air Products kompaniyasi mamlakatda umumiy qiymati 10 milliard dollardan ortiq investitsiya loyihalarini amalga oshirmoqda.

Amerikalik qonun chiqaruvchilar vakillik qilayotgan Montana, Alabama, Vashington, Kaliforniya va Texas shtatlari bilan faol amaliy hamkorlikni davom ettirishga alohida e’tibor qaratildi. Ta’lim, qishloq xo‘jaligi, raqamli texnologiyalar, tog‘-kon sanoati, “yashil” energetika, farmatsevtika, oziq-ovqat tarmog‘i va boshqa sohalar kooperatsiya uchun istiqbolli yo‘nalishlar sifatida qayd etildi.

AQSh hududlari biznesining O‘zbekistonga safarlarini tashkil etishga kelishib olindi.

Xalqaro va mintaqaviy ahamiyatga molik dolzarb masalalar, shu jumladan, Afg‘onistondagi vaziyat yuzasidan ham fikr almashildi.