O‘zbekistonda aholini ro‘yxatga olish ishlarini o‘tkazish uchun 800 milliard so‘m kerak bo‘ladi. Bu haqda 27-mart kuni AOKAda bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida Statistika agentligining aholini ro‘yxatga olish jarayonlarini tashkil etish va o‘tkazish boshqarmasi boshlig‘i Qobil Berdiqulov ma’lum qildi.

“2019-yilda aholini ro‘yxatga olish ishlari boshlangandi. 2021-yilda 4 ta hududda sinov tariqasida aholini ro‘yxatga olish tadbirini o‘tkazdik. Bunda aholini ro‘yxatga olishning 3 ta usulini testdan o‘tkazdik. Hozir respublika bo‘yicha aholini ro‘yxatga olish tadbirlarini zamonaviy axborot texnologiyalarini qo‘llagan holda amalga oshirishni rejalashtiryapmiz. 2020-yilda pandemiya tufayli bu tadbir qoldirildi”, — dedi u.

Uning so‘zlariga ko‘ra, tadbirning juda katta mehnat talab qilishi tufayli uning moliyaviy va texnik tomonlari ko‘rib chiqilib, tizim takomillashtirgan holda jarayonni 2025−2026-yillarda o‘tkazish reja qilingan. Butun tadbirni o‘tkazish uchun 800 mlrd so‘m (taxminan 63,4 mln dollar) mablag‘ talab etiladi, dedi Qobil Berdiqulov. Avvalroq agentlik ma’lumotlarni yig‘ishning qog‘oz usulidan voz kechish budjetni 46 mln dollarga yaqin tejash imkonini berishini qayd etgandi.

Taqqoslash uchun (aholisi O‘zbekiston bilan deyarli bir xil bo‘lgan davlatlar): Kanadada aholini ro‘yxatga olish 650 mln dollarga (aholi jon boshiga 47,53 dollar) baholangan, Polshada — 98 mln dollar, Ukrainada 270 mln dollar budjet ko‘zda tutilgan.

Prezidentning yaqinda qabul qilingan farmoniga ko‘ra, 2024-yil davomida agentlik aholini ro‘yxatga olishni o‘tkazishga tayyorgarlik ko‘rish ishlarini davom ettiradi. Jumladan, agentlikka aholini ro‘yxatga olishni aholining keng ommasiga tushuntirish bo‘yicha targ‘ibot-tashviqot ishlarida foydalanish uchun videorolik, banner, flayer va bukletlar tayyorlash, 2021-yilda o‘tkazilgan sinov natijalari va xalqaro ekspertlarning tavsiyalari asosida aholini ro‘yxatga olish savolnomalari shakllarini takomillashtirish vazifalari yuklatildi.

Bundan tashqari, agentlik xalqaro tajriba va ekspertlarning tavsiyalari asosida “Aholini ro‘yxatga olish” axborot tizimini takomillashtirishi va ro‘yxatga olish natijalari chiquvchi jadvallar namunalarini shakllantirishi, shuningdek, aholini ro‘yxatga olishning tashkiliy rejasini ishlab chiqishi kerak.

Aholini ro‘yxatga olish esa 2025−2026-yillarda o‘tkazilishi, natijalari esa 2026−2027-yillarda tayyorlanishi va e’lon qilinishi rejalashtirilmoqda.

O‘zbekistonda 34 yildan buyon aholini ro‘yxatga olish o‘tkazilmagan. Pandemiya sababli u 2022-yildan 2023-yil noyabriga ko‘chirilgandi, biroq tadbir uchun haligacha pul ajratilmagan.

Avvalroq “Gazeta.uz” aholini ro‘yxatga olish nima uchun kerakligi, bu mamlakatlarga qanday foyda keltirishi va uzoq muddat kechiktirish qanday oqibatlarga olib kelishi haqida yozgandi.