27-mart kuni Jahon banki o‘zining yangi — “O‘zbekiston: mamlakatdagi gender holatini baholash” hisobotining asosiy xulosalari va tavsiyalarini taqdim etdi.

Hisobot Oliy Majlis Senati, Oila va xotin-qizlar masalalari qo‘mitasi, “Taraqqiyot strategiyasi” markazi va Buyuk Britaniya Tashqi ishlar, Millatlar hamdo‘stligi masalalari va taraqqiyot bo‘yicha vazirligi bilan hamkorlikda tayyorlangan. Tadqiqot tez orada Jahon banki veb saytida e’lon qilinishi kerak. Hisobotni tayyorlashda Buyuk Britaniya hukumati moliyaviy ko‘mak bergan.

Foto: Jahon bankiFoto: Jahon banki

Bunday tadqiqotlar Jahon banki tomonidan ma’lum bir mamlakatda gender tengligi holatini baholash uchun ishlatiladigan o‘ziga xos diagnostika vositasi bo‘lib xizmat qiladi. Ular ma’lumotlarni tahlil qiladi va gender tengligi muammolari bilan bog‘liq asosiy muammolar va imkoniyatlarni aniqlaydi.

“O‘zbekiston: mamlakatdagi gender holatini baholash” hisobotida gender tengligining asosiy yo‘nalishlari, jumladan, ayollarning iqtisodiy faoliyat va imkoniyatlar, ta’lim tizimi va sog‘liqni saqlash xizmatlaridan foydalanish imkoniyatlariga e’tibor qaratilgan. Shuningdek, unda xotin-qizlarni zo‘ravonlikdan himoya qilish, nikoh va ajrashish, ayollarning ijtimoiy-siyosiy hayotdagi ishtiroki bilan bog‘liq vaziyat o‘rganiladi. Bundan tashqari, hisobotda O‘zbekistonda ayollarning huquqlari va ularning jamiyatdagi o‘rni haqidagi tasavvurga ta’sir ko‘rsatadigan xatti-harakatlariga oid ijtimoiy me’yorlar va kutilmalar tahlil qilinadi.

Hisobotdan o‘rin olgan mamlakatdagi gender holatining bahosida, agar ayollar mamlakat iqtisodiy hayotida erkaklar bilan teng ishtirok eta olsa, O‘zbekiston yalpi milliy daromadi (YMD) taxminan 29 foizga oshishi mumkinligi qayd etilgan. Ushbu foydalanilmagan iqtisodiy salohiyat 700 mingdan ortiq odamni kambag‘allikdan olib chiqishi mumkin.

Jahon banki ekspertlari mamlakatda gender tengligiga erishish uchun muhim islohotlar amalga oshirilayotganini qayd etdi. Biroq tegishli chora-tadbirlarning samarali ijrosi hozircha yetarlicha ta’minlanmagan.

Tadqiqot shuni ko‘rsatadiki, O‘zbekistonda gender tengsizligi turli sohalarda, jumladan, mehnat bozoriga kirish, ayollarning jamiyatdagi o‘rni haqidagi tasavvurlar va ularga nisbatan zo‘ravonlik holatlarida namoyon bo‘lmoqda.

Ushbu muammolarga yechim topish davlat va jamiyat ishtirokida kompleks va muvofiqlashtirilgan yondashuvni, jumladan, qonunchilikni yanada takomillashtirish, tegishli davlat va jamoat institutlarini mustahkamlash, fuqarolarning xabardorligini oshirish va boshqa chora-tadbirlarni amalga oshirishni taqozo etadi.

Hisobotning asosiy xulosalari va tavsiyalari taqdim etilgan tadbirda O‘zbekiston Oliy Majlisi, hukumat, fuqarolik jamiyati va xususiy sektor vakillari ishtirok etib, mamlakatda ayollar huquq va erkinliklarini amalga oshirish yo‘lidagi mavjud muammolar va imkoniyatlarni muhokama qildi.

gender masalalari, jahon bankı, yalpi milliy daromad

Oliy Majlis Senatining Xotin-qizlar va gender tenglik masalalari qo‘mitasi raisi Malika Qodirxonova, Oila va xotin-qizlar masalalari qo‘mitasi raisi Ozoda Parpiboyeva, Jahon bankining O‘zbekistondagi vakolatxonasi yetakchi iqtisodchisi Devid Nayt va Buyuk Britaniya Tashqi ishlar vazirligining Markaziy Osiyo bo‘yicha rivojlanish direktori Sara Kuper tadbir ishtirokchilariga murojaatlar qildi.

Oliy Majlis Senati a’zolari hamda O‘zbekiston Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi vakillari mamlakat hayotining turli sohalarida gender tengligiga erishish va xotin-qizlarning huquq va imkoniyatlarini kengaytirish bo‘yicha hukumat tomonidan amalga oshirilayotgan siyosat, qonunchilik va institutsional chora-tadbirlarni qayd etib o‘tdi.

gender masalalari, jahon bankı, yalpi milliy daromad

Yutuqlar qatorida mamlakat so‘nggi bir necha yil ichida ayollarning mehnat huquqlarini ta’minlash borasida erishgan natijalar ham qayd etilgan. Jumladan, teng qiymatdagi ish uchun ayollarga erkaklar bilan teng haq to‘lashni kafolatlovchi nizomlar qabul qilindi. Ayrim sohalarda ayollar mehnatidan foydalanishga qo‘yilgan cheklovlar ham bekor qilindi. 2022-yil oktabr oyida ushbu nizomlarni o‘z ichiga olgan yangi Mehnat kodeksi qabul qilindi.

Bundan tashqari, ayollarni oiladagi zo‘ravonlikdan himoya qilishga qaratilgan qonunchilikni takomillashtirish borasida ham bir qator ishlar amalga oshirildi. Xususan, ushbu turdagi jinoyatlar uchun jinoiy javobgarlik belgilandi.

Mamlakatning yuqorida ta’kidlangan sohalardagi muvaffaqiyatlari Jahon bankining “Ayollar, biznes va qonun” yillik hisobotida qayd etilgan. Unda 190 mamlakatdagi gender tengligi bilan bog‘liq vaziyat baholanadi. O‘zbekiston boshqa 18 ta davlat qatorida yuqorida qayd etilgan ayollar huquqlarini kengaytiruvchi huquqiy islohotlarni amalga oshirdi. Ushbu chora-tadbirlar natijasida mamlakat 2022-yil oktabr oyidan buyon gender tengligi bo‘yicha qonunchilikni takomillashtirishda eng yuqori natijalarga erishgan beshta iqtisodiyotdan biriga aylandi.