24 yanvar kuni O‘zbekiston Energetika vazirligi va Rossiyaning «Gazprom» kompaniyasi gaz sanoati sohasida hamkorlik bo‘yicha «yo‘l xaritasi»ni imzolagandi. Biroq hujjat tafsilotlari keltirilmagan. Ushbu yangilik tarmoqlarda muhokamalarga sabab bo‘lganidan so‘ng vazirlik tushuntirish bilan chiqdi.

Qayd etilishicha, unda Rossiyadan O‘zbekistonga tabiiy gaz yetkazib berishning texnik imkoniyatlari muhokama qilingan. Imzolangan «Yo‘l xarita»ga muvofiq, tomonlar o‘rtasida tuzilgan ishchi guruh Qozog‘iston va O‘zbekiston hududidan o‘tuvchi «O‘rta Osiyo — Markaz» gaz quvuri orqali gaz tranzitini amalga oshirish uchun zarur bo‘ladigan texnik chora-tadbirlarni kelishib olgan.

Ishchi guruh texnik jihatdan barcha ishlarni yakunlagandan so‘ng, tabiiy gazni yetkazib berish bo‘yicha asosiy shartlarni muhokama qilinadi.

«Shuni alohida ta’kidash lozimki, olib borilgan muzokaralar hamda «Yo‘l xaritasi»da O‘zbekistonning mavjud gaz transporti tizimiga egalik huquqini to‘liq saqlagan holda (boshqaruv huquqini to‘liq saqlagan holda) ichki bozorga tabiiy gaz zarur miqdorlarda yetkazib berish maqsad qilingan. Bunda gaz transport tizimi kimgadir berilishi yoki suverenitetimizga qandaydir tahdid umuman yo‘q», — deyiladi xabarda.

Kelgusida ushbu yo‘nalishdagi barcha ishlar O‘zbekistonning milliy manfaatlarini to‘liq himoya qilgan holda amalga oshirilib, natijalari yuzasidan doimiy ravishda jamoatchilikka ma’lum qilib boriladi.