O‘zbekistonda yangi koronavirus holatlari soni keskin kamayib bormoqda. Chorshanba kuni faqat poytaxtda 6 kishida koronavirus aniqlandi. Oxirgi bor bunday past ko‘rsatkich pandemiya boshida — 2020 yil martda qayd etilgan edi.
Iqtisodchilar Sergey Guriyev va Oleg Isxoki Yevropa Rossiya neft va gazi importiga nisbatan ta’qiq kiritishi qanday qilib Ukrainadagi urushni to‘xtatishi mumkinligi haqidagi fikrlari bilan bo‘lishdi. Ularga ko‘ra, ushbu sanksiyalar Kremlni harbiy harakatlarni davom ettirishga ko‘maklashuvchi mablag‘lardan mahrum qilishi mumkin.
Ishtixon tuman Davlat xizmatlari markazi katta mutaxassisi tadbirkorga ajratilgan yer hujjatlarini qayta rasmiylashtirib berish uchun 12 ming dollar so‘ragani ma’lum qilindi. Gumonlanuvchi shundan 6 ming dollarini tanishi orqali olgan vaqtida ushlangan.
AQSh Davlat departamentini boshqargan birinchi ayol Madlen Olbrayt 84 yoshida vafot etdi.
O‘zbekistonda soliq ma’murchiligidagi barcha o‘zgarishlar bir necha oyga yoki keyingi yilga qoldirilishi mumkin, deb xabar berdi moliya vaziri Timur Ishmetov. Moliya vazirligi va Soliq qo‘mitasi tadbirkorlar o‘rtasida so‘rovnoma o‘tkazadi. Uning so‘zlariga ko‘ra, prezident 2022 yilda avval tasdiqlangan budjet taqchilligini saqlab qolish va ortiqcha xarajatlarga yo‘l qo‘ymaslik bo‘yicha topshiriq berdi.
Bosh vazir o‘rinbosari Jamshid Qo‘chqorov banklar va Markaziy bank O‘zbekiston aholisiga rublda pul o‘tkazmalarini uzluksiz ta’minlash choralarini ko‘rayotganini ma’lum qildi. Bundan tashqari, davlat tadbirkorlarga valyuta kreditlarini so‘mlik qarzga aylantirish imkoniyatini beradi, shuningdek, ayrim oziq-ovqat mahsulotlari importi uchun bojxona to‘lovlarini nolga tenglashtiradi.
Markaziy bankning asosiy stavkasi 17 foizga oshirilganidan so‘ng, yangi kreditlar foizi va kredit resurslarining qiymati ham o‘sishi kerak edi. Biroq, prezident yil oxirigacha ipoteka va ta’lim kreditlari bo‘yicha foiz stavkalarini o‘zgartirmaslik to‘g‘risida topshiriq berdi, deb xabar qildi moliya vaziri Timur Ishmetov.
Shavkat Mirziyoyev iqtisodiyot barqarorligini ta’minlash choralari bo‘yicha yig‘ilish o‘tkazdi. Unda prezident ichki bozorda narxlar barqarorligini ta’minlash, bug‘doy, o‘simlik yog‘i, shakar va boshqa oziq-ovqat mahsulotlarini import qiluvchi tadbirkorlarga ko‘maklashish bo‘yicha topshiriq berdi. Markaziy bankka ichki valyuta bozori barqarorligi va almashuv kursi moslashuvchanligini ta’minlashda «ehtiyotkorona yondashuvni» qo‘llash vazifasi qo‘yildi.
Prezident qarori bilan O‘zbekiston banklarini xususiylashtirish va aksiyalarini ommaviy joylashtirish bo‘yicha muddatlar belgilandi. Qarorda «Qishloq qurilish bank», «O‘zsanoatqurilishbank», «Asakabank», «Xalq banki», «Mikrokreditbank» va boshqa banklar keltirilgan.
BMT bosh sekretari Antoniu Guterrish Rossiya Ukrainada olib borayotgan va oqibatlari butun dunyoda sezilayotgan «bema’ni urushni» to‘xtatishga chaqirdi. «Ukraina xalqi hozir haqiqiy do‘zzaxda yashayapti», mahsulotlar, energotashuvchilar va o‘g‘itlarga narxlarning oshishi esa «katta miqyosdagi oziq-ovqat defitsiti va ochlikka olib kelishi mumkin», deya ogohlantirdi u.
O‘zbekiston bosh vaziri Abdulla Aripov va Tatariston prezidenti Rustam Minnixanov «Chirchiq» kimyo-industrial texnoparkining ochilish marosimida qatnashishdi. Texnopark Qozondagi «Ximgrad» texnopolisi bilan hamkorlikda tashkil etilgan.
Taniqli xonanda Sevara Nazarxon 25−28 mart kunlari Xalqaro forumlar saroyida konsert beradi. “Gazeta.uz” bilan intervyuda u yangi dasturi haqida so‘zlab, ota-onasi, televizion tanlovlar, o‘ziga bo‘lgan mustahkam ishonchning ahamiyati haqidagi savollarga javob berdi.
O‘zbekistonda 22 mart kuni 7 nafar fuqaroda koronavirus qayd etildi. Bu 2020 yil aprel oyidan beri eng past ko‘rsatkich. Yangi bemorlar Namangan viloyati va Toshkent shahrida aniqlangan.
O‘zbekiston kompaniyalari Aqtau dengiz porti orqali xalqaro yuklarni yaqin va uzoq xorijiy mamlakatlarga yuborishi mumkin bo‘ladi.
Muqimiy nomidagi davlat musiqali teatri aktrisasi, O‘zbekiston xalq artisti Maryam Ixtiyorova 82 yoshida vafot etdi.
Moskvaning Lefortovo sudi muxolifatchi Aleksey Navalniyni «firibgarlik» va «sudni haqoratlash»da aybdor deb topdi va uni 9 yilga og‘ir rejimdagi koloniyaga hukm qildi. Siyosatchi 1,2 mln rubl miqdorda jarima ham to‘laydi.
Toshkent shahrida nogironligi bo‘lgan shaxslar va tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlash markazi ochildi. Markaz inklyuziv turizmni rivojlantirish va nogironlarning harakatlanigi uchun sharoit yaratishga ko‘maklashish yo‘nalishlarida ish olib boradi.
Navro‘z kuni Qo‘qon shahridagi masjid imom-xatibi va uning to‘rt nafar oila a’zolari noma’lum etiologiyali zaharlanish natijasida vafot etgan. Mutaxassislar buni is gazidan zaharlanish, deya taxmin qilmoqda.
Moskva sudi qarori bilan Meta kompaniyasi ekstremistik tashkilot deb tan olindi, Facebook va Instagram Rossiyada taqiqlandi. Endilikda rossiyaliklar ushbu ijtimoiy tarmoqlarda reklama sotib olishsa, bu ekstremistik tashkilotni moliyalashtirish deb qaralishi mumkin. WhatsApp messenjeriga taqiq qo‘yilmadi.
Qozog‘istonda O‘zbekiston hududi orqali 1,6 mlrd so‘mlik 6 ta «inomarka"larni noqonuniy olib kirmoqchi bo‘lganlar aniqlandi. Mashinalarning tegishli hujjati bo‘lmaganligi aytildi. O‘zbekiston Davlat bojxona qo‘mitasi mashinalar Tojikistondan olib kirilganligi va mamlakat hududidan o‘tayotganda barcha hujjatlarga ega bo‘lganligini ta’kidladi.
Qo‘shimcha imkoniyatlardan foydalanish uchun saytda ro‘yxatdan o‘ting