2 maydan boshlab Toshkent va Olmaota o‘rtasida yo‘lovchi poyezd harakati yo‘lga qo‘yiladi. Reyslar haftasiga uch martadan amalga oshiriladi.
Antikorrupsiya agentligi rahbari Akmal Burxonov davlat organlari ochiqligining monitoringi yuzasidan ma’lumot berdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, 135 ta davlat organidan 80 tasi (60 foizi) 2021 yilning IV choragidagi davlat xaridlariga oid ma’lumotlarni e’lon qilmagan. 204 ta tuman va shahar hokimliklarining 43 tasida esa veb-saytning o‘zi umuman ishlamaydi.
Farg‘ona viloyati O‘zbekiston tumani hududidagi atmosfera havosida ammiak moddasi 4 ta nuqtada — 1,5 dan 23,6 martagacha, vodorod sulfidi moddasi 2 ta nuqtada — 3,2 dan 4,6 martagacha belgilangan me’yorlardan ortiqligi aniqlandi. O‘rganish yakunida sement va gips ishlab chiqaruvchi 2 ta korxona faoliyati vaqtincha to‘xtatildi.
2023 yilda Buxoroda O‘zbekistondagi ikkinchi Hyatt mehmonxonasi ish boshlaydi. Ushbu tarmoqning birinchi mehmonxonasi 2016 yilda Toshkentda ochilgan edi, joriy yilning mart oyida Davlat aktivlarini boshqarish agentligi uni sotish jarayoni boshlanganini xabar qildi.
«O‘zto‘qimachiliksanoat» uyushmasi raisining birinchi o‘rinbosari lavozimida faoliyat yuritib kelgan Davron Vahobov Savdo-sanoat palatasiga rahbar etib tayinlandi.
O‘zbekistonda Skype shaxsga doir ma’lumotlar to‘g‘risidagi qonunni buzuvchilar reyestridan chiqarildi. AKT vazirligi ushbu reyestrga kiritilgan boshqa xizmatlarga taqiqni bosqichma-bosqich olib tashlash bo‘yicha ishlar olib borilayotganini qayd etdi.
Prezident qarori loyihasiga ko‘ra, 2023 yildan yangi barpo etiladigan turar va noturar tijorat ko‘chmas mulklarida elektromobil quvvatlash stansiyalarini o‘rnatishni majburiy etib belgilash taklif etilmoqda. Qolaversa, Toshkent shahri va viloyatidagi barcha AGTKSH va AYOQSHlari elektromobilni quvvatlash stansiyalari bilan ta’minlanadi.
Jamoatchilik muhokamasiga qo‘yilgan prezident qarori loyihasiga ko‘ra, vazirlik, idora va barcha budjet tashkilotlari xizmat mashinalarining 2025-yilgacha kamida 10 foizi, 2030-yilgacha 100 foizi elektromobillarga almashtiriladi. Qolaversa, “tez yordam” mashinalari ham 2023−2026-yillarda elektrda harakatlanuvchi transportga o‘zgartiriladi.
O‘zgidromet shanba kuni O‘zbekistonga yana nam va salqin havoning bir qismi kirib kelishini ma’lum qildi. Shu kuni respublikaning shimolidan boshqa barcha hududlarda yomg‘ir yog‘adi. Yakshanba kuni yomg‘ir to‘xtaydi. Dam olish kunlaridagi harorat +15 darajagacha isishi kutilmoqda.
MOBIUZ, Tashkent City, «O‘zdonmahsulot» korxonalari va qator tijorat banklarining davlat ulushlari sotiladi. Shuningdek, vazirlik va idoralar, hokimliklarning 3 oydan ko‘p foydalanilmasdan bo‘sh turgan obyektlari ularning roziligisiz ijaraga berish yoki sotish uchun savdoga chiqariladi.
Toshkent xalqaro investitsiya forumi doirasida AKT vaziri Sherzod Shermatov O‘zbekistonda IT-kompaniyalar uchun yaratilayotgan sharoitlar haqida ma’lumot berdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, IT-park rezidentlari 2028 yilgacha barcha korporativ soliqlardan ozod qilingan, qolaversa, bir qator soliq va bojxona imtiyozlari ham beriladi. Ishlash uchun ruxsatnoma olish tartibi esa bekor qilingan hamda 3 kun ichida «IT-visa» taqdim etiladi. O‘zbekistonga ko‘chib o‘tmoqchi bo‘lgan IT-kompaniyalar esa zarur infratuzilma bilan ta’minlanadi.
BMT Bosh Assambleyasi «Ukrainaga qarshi tajovuzning gumanitar oqibatlari» rezolyutsiyasini qabul qildi. Uni 140 davlat qo‘llab-quvvatladi, Rossiya va 4 davlat qarshi chiqdi. 38 davlat, jumladan O‘zbekiston betaraf qoldi. Rezolyutsiyada Rossiyadan harbiy harakatlarni zudlik bilan to‘xtatish, fuqaro obyektlari va aholiga hujum qilmaslik, shaharlar blokadasini to‘xtatish talab qilinadi.
Namanganda muqaddam sudlangan shaxs Qirg‘izistondan kontrabanda yo‘li bilan olib kelgan AKS-74 jangovor o‘qotar qurolini sotmoqchi bo‘lganida ushlandi.
Vokzal — sayyohlar shaharga kelishi bilan ko‘radigan va ularda taassurot uyg‘otadigan birinchi bino. 2000-yillar o‘rtasida Toshkent Shimoliy vokzali rekonstruksiya qilindi, natijada vokzal arxitekturasi oq alyukobond va ko‘k oynalar bilan «bezatildi» va bino to‘siqlar bilan o‘rab olindi. Poytaxt vokzalining yangi ko‘rinishi mamlakatdagi boshqa bekatlarga ham o‘rnak bo‘ldi. Bugungi kunda bizning vokzallarimiz bir-biriga juda ham o‘xshash. Siz ularni ajrata olasizmi?
Prezident qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yerlarni ijaraga berishda hokim qarori talab qilinmasligini ko‘zda tutgan farmonni imzoladi. Shuningdek, 1 martdan keyin xorijdan qaytib kelgan migrantlarga ochiq elektron tanlov orqali ijaraga berishda alohida ustuvorlik beriladi.
Investorlar muvaffaqiyatini kafolatlashini aytgan prezident, yil oxirigacha o‘zgarmaydigan ipoteka va ta’lim kreditlarining foiz stavkalari, Autodriver Study atrofidagi voqealar, shakar narxi oshishiga “vahimachi tadbirkorlar” sababchi ekanligi, YPX xodimi suratini uning ruxsatisiz tarqatishni taqiqlash taklifi va boshqalar — “Gazeta.uz” ning 24-martdagi eng muhim xabarlari dayjestida.
Chorshanba kuni Ukrainadan yana 146 nafar o‘zbekistonlik, shu jumladan, 42 nafar ayol, 12 nafar voyaga yetgaman bola va 2 nafar chaqaloq Polsha orqali olib kelindi. Evakuatsiya boshlangan kundan to hozirga qadar 27 ta aviareys yordamida jami 6030 nafar fuqaro vatanga qaytarildi.
Prezident Shavkat Mirziyoyev Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki rahbari Odil Reno-Basso xonim hamda Osiyo taraqqiyot banki prezidenti Masatsuga Asakavani qabul qildi. Uchrashuvlarda sheriklik munosabatlarini kengaytirish bo‘yicha «yo‘l xaritalari»ni tayyorlashga kelishib olindi.
Afg‘onistondagi maktablar 23 mart kuni barcha o‘quvchilar — ham o‘g‘il, ham qiz bolalar uchun ochilishi kerak edi, biroq o‘qish boshlangan kuni 6-sinfdan katta o‘quvchi qizlarlarga darsga kirishga ruxsat berilmadi yoki dars boshlanganidan bir necha soat o‘tib ketish buyrug‘i berildi. «De-fakto hokimiyatning layoqatsizligi, ularning bir necha bor va’da berishiga qaramasdan, 6-sinfdan kattaroq qizlar uchun maktablar qayta ochilmasligi chuqur umidsizlikka tushirdi. Bu Afg‘onistonga jiddiy zarar yetkazadi», — dedi BMT Bosh kotibi.
Prezident Shavkat Mirziyoyev Surxondaryodagi issiqlik elektr stansiyasi qurilishini boshlab berdi. Quvvati 1,56 GVt va umumiy qiymati 1,2 mlrd dollar bo‘lgan IES oxirgi yillarda mamlakatda quriladigan eng yirik issiqlik elektr stansiyasi bo‘ladi. Loyiha Germaniyaning Siemens Energy, Fransiyaning YeDF va Niderlandiyaning Stone City Energy kompaniyalari tomonidan davlat-xususiy sheriklik asosida amalga oshiriladi.
Qo‘shimcha imkoniyatlardan foydalanish uchun saytda ro‘yxatdan o‘ting