Andijon viloyati Marhamat tumanidagi 72-maktabda o‘qituvchilar uzr so‘rashga majburlangani ortidan tuman hokimi o‘rinbosari Muxtor Qurbonov ishdan bo‘shatildi, hokim Bobur Yo‘ldoshevga esa hayfsan berildi. Qolaversa, maktab direktori Muqaddamxon Hasanova va tuman xalq ta’limi bo‘limi mudiri Aliyaxon Abduvohidova lavozimlaridan ozod qilindi.
O‘zbekistonda diplomlari maxsus sinovlarsiz tan olinadigan xorijiy oliygohlar ro‘yxati e’lon qilindi. Ushbu OTMlar QS World University Rankings, Times Nigher Education, Academic Ranking of World Universities tashkilotlari reytinglarida birinchi 1000 talikka kirgan. Diplomi imtihonsiz tan olinadigan eng ko‘p OTMlar AQSh va Buyuk Britaniyada joylashgan. Markaziy Osiyodan bu ro‘yxatga faqat Qozog‘istonning ayrim OTMlari kiritilgan.
Dollarning so‘mga nisbatan rasmiy kursi 16,62 so‘mga pasayib, 10 844,02 so‘mni tashkil etdi. Shuningdek, yevro va rubl kurslari ham pasaydi.
Adliya vazirligi huzuridagi Davlat xizmatlari agentligi tugatilib, vazirlik tarkibida alohida boshqarma sifatida qayta tashkil etilishi mumkin. Ruslanbek Davletov vazirlik tegishli takliflarni ishlab chiqayotganini aytdi. «Bu prezidentimizning g‘oyasi… Bu sohani o‘zgartirishni prezident hal qiladi», — dedi vazir. DXMlar orqali hozirgi kunda 170 turdagi davlat xizmati ko‘rsatilmoqda, shundan 120 tasi pullik. 4 yildan ko‘proq vaqt ichida agentlik xizmatlari bo‘yicha jami 40 mlnga yaqin murojaat kelib tushgan.
Chirchiq shahrida hujjatlari soxtalashtirilgan obyektni garovga qo‘yib, bankdan 4 mlrd so‘m kredit olgan tadbirkor aniqlandi. U barcha mablag‘larni o‘z ehtiyojlari uchun sarflab yuborgan. Tadbirkorga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.
14 fevralga o‘tar kechasi Brent markali neft narxi bir barrel uchun 96,05 dollargacha ko‘tarildi. Bu so‘nggi 7 yildagi eng yuqori ko‘rsatkich. Neft narxi 2021 yilning boshidan beri deyarli uzluksiz qimmatlashmoqda.
Toshkent shahrining Mirobod tumanida noma’lum erkak it va mushuklarni pnevmatik qurol yordamida otganligi aytilmoqda. Holat yuzasidan tergovgacha surishtiruv ishlari olib borilmoqda.
Samarqand viloyati IIB boshlig‘i lavozimida xizmat qilgan Shavkat Rahmonov Namangan viloyati IIB boshlig‘i etib tayinlandi. U mazkur lavozimda Adil Ataxodjayevning o‘rnini egalladi.
Xalq ta’limi vazirligi kechki tadbirlarga pedagog xodimlar va o‘qituvchilarni majburiy jalb etish taqiqlangani haqida hududiy boshqarmalarni ogohlantirdi. Ta’kidlanishicha, ushbu tungi tadbirlar uyushmagan va 18−30 yosh orasidagi fuqarolarga mo‘ljallangan. Avvalroq, Andijon viloyatidagi maktablarda kechasi soat 22:00 ga qadar tadbirlar o‘tkazilayotgani xabar qilingandi.
O‘zbekistonning Kiyevdagi vakolatxonasi Ukrainadagi vatandoshlarga murojaat qilib, ulardan elchixona bilan aloqada bo‘lib turishni so‘ragan. Diplomatik missiya bir o‘zbekistonliklardan vahimaga berilmaslik va tekshirilmagan, feyk xabarlarni tarqatmaslikni so‘ragan.
Hafta mobaynida O‘zbekistonda sovuq ob-havo bo‘lishi kutilmoqda, bir necha kun davomida tungi sovuqlar ham saqlanib qoladi. Dushanba kungi yomg‘ir va qordan keyin boshqa yog‘ingarchilik kutilmaydi. Hafta oxirida esa havo biroz isishi mumkin.
Andijondagi portlashda halok bo‘lgan qurbon Qirg‘iziston fuqarosi ekanligi aniqlandi. FVV portlash oqibatida 1 kishi halok bo‘lgani, 11 kishi jarohatlangani haqida ma’lum qilgan edi. Voqea guvohlari halok bo‘lganlar soni bir kishidan ko‘proq bo‘lganligini ta’kidlagan edi.
Adliya vazirligi maktablardagi kadr xizmati xodimining lavozim razryadlarini pasaytirib ko‘rsatish oqibatida oylik maosh 16 mlrd so‘mga kamroq to‘lab berilganini aniqladi. Hozirga qadar ko‘rilgan ta’sir choralari natijasida esa faqatgina 3 mlrd so‘m maosh to‘lanishiga erishilgan.
Jamoatchilik muhokamasiga qo‘yilgan prezident qarori loyihasiga ko‘ra, dual ta’lim shakliga o‘tgan kollej va texnikumlar o‘quvchilariga ham stipendiya to‘lanishi mumkin. Qolaversa, dual ta’lim shaklini joriy qilgan eng yaxshi 100 ta professional ta’lim muassasasiga har yili 50 mln so‘mdan mablag‘ ajratiladi.
Toshkent shahrining Mirobod tumanida «Malibu» haydovchisi 45 yoshli fuqaroni urib yubordi. Buning oqibatida piyoda olgan tan jarohatlari bilan voqea joyida vafot etgan. Holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.
Faoliyatidagi kamchiliklar va aholi murojaatlariga e’tiborsiz qaragani uchun Muborak tumani hokimi Akrom Aripovga «hayfsan» berildi.
Yakshanba kuni 322 kishining koronavirus infeksiyasiga topshirgan PZR-testi musbat natijani ko‘rsatdi — bu shanba kungi ko‘rsatkichga (439 ta) qaraganda 117 taga kam. Qolaversa, shu kuni koviddan 3 kishi vafot etdi, 61 kishida esa pnevmoniya aniqlandi.
Favqulodda vaziyatlar vazirligi fuqarolarni Chimyonda qor ko‘chishi xavfidan ogohlantirib, ehtiyot choralarini ko‘rish bilan birga «Diqqat! Qor ko‘chkisi xavfi mavjud» belgisi bilan cheklangan joylarga kirmaslikni so‘radi.
Yashnobod tumani hokimi Baxtiyor Rahmonqulov «Aviasozlar» saroyini to‘liq rekonstruksiya qilish boshlanganini ma’lum qildi. Saroy atrofida madaniy-istirohat bog‘i barpo etiladi. Prezident ikki yil avval saroyni rekonstruksiya qilishni buyurgan edi.
13 fevral kuni Qozog‘istonning Olmaota shahridagi Mustaqillik monumenti oldida 700 ga yaqin odam xotira mitingiga to‘plandi. Ular qo‘llarida «Begunohlarga ozodlik», «Xalq terrorchi emas», «Qonli yanvarni unutmaymiz va kechirmaymiz», «Ogohlantirmasdan o‘t ochish — bu xalqqa qarshi jinoyatdir» kabi bannerlar va plakatlar bilan noroziliklarini bildirmoqda. Prezident xalqqa yana murojaat yo‘lladi.
Qo‘shimcha imkoniyatlardan foydalanish uchun saytda ro‘yxatdan o‘ting