AQShning Project CURE xayriya tashkiloti Orolbo‘yi mintaqasiga 3 mln dollarlik gumanitar yuklarni yubordi. Umumiy hajmi qariyb 7 tonnani tashkil etgan tibbiy jihozlar rentgen skanerlari, laboratoriya asboblari, kislorod ballonlari va boshqa tibbiy qurilmalardan tashkil topgan.
Bosh prokuratura Andijon viloyati Shahrixon tumanidagi tibbiyot markazida yuz bergan portlash holati yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilganini ma’lum qildi. Ayni vaqtda hodisa oqibatida jabrlanganlar soni 11 nafarni tashkil etmoqda.
Shavkat Mirziyoyev yo‘l harakati xavfsizligiga bag‘ishlangan yig‘ilishda inspektorlarga bo‘ysunmaslik, ularga qarshilik ko‘rsatish, haqoratlash holatlari so‘nggi vaqtlarda ortib borayotgani masalasiga e’tibor qaratdi. Davlat rahbari qonunlarni ko‘rib chiqishda, bu masalaga ham alohida e’tibor qaratish zarurligini ta’kidladi.
Bo‘stonliqdagi «Yoshlik» bolalar oromgohi negizida «Renessans» sog‘lomlashtirish oromgohi tashkil etiladi. Oromgoh Prezident ta’lim muassasalari agentligi tasarrufiga o‘tkaziladi. Unda iqtidorli bolalar hamda agentlik tizimidagi xodimlar dam oladi va o‘qitiladi.
DXX Farg‘ona viloyatida xalqaro terroristik tashkilotlar va diniy ekstremistik oqimlar rahnamolarining «jihod» ga chorlovchi ma’ruzalarini yuklab olib, tanishlariga tarqatganlikda gumon qilingan 24 yoshli fuqaroni qo‘lga oldi. Din ishlari bo‘yicha qo‘mita uning telefonidagi materiallarni aqidaparastlik g‘oyalari bilan yo‘g‘rilganini tasdiqladi.
Prezident tramvayni Toshkentga qaytarish haqidagi bayonotidan oldin «Gazeta.uz» taniqli jurnalistlar va jamoat arboblaridan ushbu transport turining bekor qilinishi bilan shahar nima yo‘qotganligi haqidagi fikrlarini so‘ragan edi. Ular bir ovozdan tramvayning yo‘q qilinishi katta xato bo‘lgani, poytaxtning transport muammolarini yanada kuchaytirgani va uning qaytishi jamoat transportini rivojlantirishning yagona oqilona yo‘li ekanini tasdiqlashdi.
Prezident Shavkat Mirziyoyev yo‘l harakati xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha Respublika komissiyasi tashkil etilishini ma’lum qildi. Unga bosh vazir Abdulla Aripov rahbarlik qiladi, uning o‘rinbosari ichki ishlar vaziri Po‘lat Bobojonov bo‘ladi. Hududiy komissiyalarga esa hokimlar rahbar etib tayinlanadi. Komissiyalar yo‘llar holati va mavjud infratuzilma hamda avariya o‘choqlarini o‘rganadi.
Toshkent shahridagi maktab va bog‘chalar oldida avtomobil harakatining maksimal tezligi 30 km/soatdan oshmaydi. Bu haqda prezident videoselektorda ma’lum qildi. Qolaversa, ayrim gavjum ko‘chalarda esa hozirgi 70 km soatdan 60 kmgacha tushirish zarurati borligi ta’kidlandi.
Toshkent shahridagi 21-sonli mehribonlik uyidagi bolaga tarbiyachi tomonidan jismoniy tazyiq qilib kelinayotganligi aniqlandi. Bolalar ombudsmani holat bo‘yicha Bosh prokuraturaga murojaat qilgan va tarbiyachini vaqtinchalik ishdan chetlatish uchun XTVga xat kiritgan.
Prezident Toshkent shahrining 602 ta chorrahasidan 111 tasidagina raqamli boshqaruv mavjudligi, boshqa shaharlarda esa bunday tizim umuman yo‘qligini tanqid qildi. Shundan kelib chiqib, Toshkentda yo‘l harakatini raqamli boshqarish tizimi to‘liq poytaxt hokimiyati tasarrufiga o‘tkazilishi aytildi.
FVVning aniqlik kiritishicha, Andijon viloyati Shahrixon tumanida tibbiyot markazida ro‘y bergan portlash oqibatida bir nafar fuqaro voqea joyida vafot etgan, to‘rt nafar fuqaro turli darajada tan jarohati olib, tuman shifoxonasiga joylashtirilgan.
Jizzaxlik fuqaro Suriyadagi xalqaro terrorchilik tashkiloti safiga qo‘shilishni rejalashtirganlikda gumon qilinmoqda. U xorijdaligida «Tavhid va jihod katibasi» xalqaro terrorchilik tashkilotining g‘oyaviy ta’siriga tushib qolib, vatanga qaytgach, o‘ndan ortiq tengqurlariga tashkilot g‘oyalarini targ‘ib qilgani aytilmoqda. Fuqaro IIB va DXX xodimlari tomonidan qo‘lga olingan.
«Gazprombank» Samarqand aeroportini modernizatsiya qilish va boshqarish loyihasini moliyalashtirish imkoniyatini ko‘rib chiqmoqda.
Andijon viloyati Shahrixon tumanidagi tibbiyot muassasalaridan birida gaz portlashi yuz berdi. 7 kishi jarohat olgan, halok bo‘lganlar haqida ma’lumot yo‘q.
Prezident Shavkat Mirziyoyev yo‘l harakati qoidalari xalqaro standartlar asosida yangidan ishlab chiqilishini ma’lum qildi. Qoidabuzar haydovchilarga ball hisoblab boriladi, bir yilda qoidabuzarliklari 12 balldan oshgan haydovchi avtomobil boshqarish huquqidan mahrum bo‘ladi. «Har yili 500 ming kishi haydovchilik guvohnomasini olsa, ulardan 25 foizi mashg‘ulotlarga qatnashmaydi» dedi prezident va haydovchilikka o‘qitish va guvohnoma berish bo‘yicha yangi tizim joriy etilishini ta’kidladi.
Andijon viloyati Marhamat tumanida o‘qituvchilar ota-onalar oldida uzr so‘rashga majbur qilingan holat yuzasidan Xalq ta’limi vazirligi o‘rganish ishlarini yakunladi. Natijada tuman hokimligi tashabbusiga asosan tashkil etilgan mazkur tadbirga qonuniy baho berish uchun hujjatlar Bosh prokuraturaga yuborildi.
2021 yilda O‘zbekistonda 10 mingdan ortiq yo‘l transport hodisasi sodir bo‘ldi, unda 9 mingdan ortiq fuqaro jarohat olgan. Avariyalar oqibatida 2,5 mingga yaqin inson halok bo‘lgan, shundan 263 nafar yosh bola hisoblanadi. Prezident videoselektorda Namangan viloyati IIB boshlig‘i, Andijon va Samarqand viloyatlari YXHB boshliqlarini ishdan olishga ko‘rsatma berdi.
O‘zbekiston Amerikaning AeroVironment kompaniyasidan razvedka ishlarini amalga oshiruvchi yengil RQ-20B Puma 3 AE dronlarini sotib oladi. Umumiy qiymati 8,54 mln dollarlik shartnoma bo‘yicha ishlar 2022 yil 30 noyabriga qadar tugatiladi. Shephard Defence Insight sayti hisob-kitoblariga ko‘ra, shartnoma doirasida O‘zbekistonga 40 ga yaqin dron yetkazib berilishi mumkin.
Prezident qaroriga ko‘ra, Usmon Nosir tavalludining 110 yilligi munosabati bilan Namanganda shoirga haykal o‘rnatiladi. Uning hayoti va faoliyatini o‘rganish uchun DXX va Rossiyadagi tegishli arxiv materiallari bilan tanishishga sharoit yaratiladi. Toshkent va Namangan shaharlaridagi ko‘chalarga Usmon Nosir nomi beriladi.
Xitoy poytaxtida bo‘lib o‘tayotgan 2022 yilgi qishki Olimpiya o‘yinlari diplomatik boykotga uchradi. AQSh, Buyuk Britaniya, Kanada, Daniya, Belgiya va boshqa davlatlar ushbu tadbirlarga hukumat amaldorlari va rasmiylarini yuborishdan bosh tortdi. Fransiya prezidenti Emmanuel Makron esa o‘yinlarni siyosiylashtirmaslik kerakligini ta’kidladi. Diplomatik boykotning sabablari, Olimpiya o‘yinlari tarixidagi boykotlar haqida — «Gazeta.uz» maqolasida.
Qo‘shimcha imkoniyatlardan foydalanish uchun saytda ro‘yxatdan o‘ting