Adliya vazirligi deputat Rasul Kusherbayevning valyutani bila turib «qora bozor»dan ayirboshlaganini amaldagi qonunlarni buzishga qaratilgan namoyishkorona harakat deb baholadi. «Rasul Kusherbayevning shaxsiy o‘rnak sifatida qonunlarni buzish orqali muammoni hal etish usulini tanlagani, shu orqali huquqiy nigilizmni targ‘ib qilishga olib kelayotganini oqlab bo‘lmaydi», — deyiladi xabarda. Vazirlik ushbu muammo mavjudligini tan olgan, biroq uni birgalikda hal qilishga chorlagan.
Sog‘liqni saqlash vazirligi tibbiyot muassasalari shifokor va hamshiralari hozirda 26 turdagi jurnal va 33 turdagi hisobot shakllari, qolaversa, bemorlar uchun o‘nlab turdagi blanklarni to‘ldirishga majbur bo‘layotganini ma’lum qildi. Tizimdagi qog‘ozbozlikni bartaraf etish uchun ishchi guruh tuzildi.
26 noyabr kuni Qamchiq dovonida yo‘lida harakatlanib ketayotgan yengil avtomashinaga joylashtirilgan yelim idish yorilib, ichidagi baliqlar yo‘lga sochilib ketgan. YTH oqibatida jabrlanganlar yo‘q, baliq chavoqlarining asosiy qismi nobud bo‘lmasdan yig‘ishtirib olingan.
Xalq ta’limi vaziri Baxtiyor Saidov uchta viloyatga tashrifdan so‘ng, maktablardagi ahvolni qoniqarli emas deb atadi. «Afsuski, hatto o‘z fani bo‘yicha oddiy savolga ham javobni bilmaydigan o‘qituvchilar bor ekan», — dedi u. U o‘qituvchilar qo‘lida inson taqdiri yotganini aytib, «jonkuyarlik bo‘lmasa nima qiladi bu kasbni tanlab?» degan savolni o‘rtaga tashladi. Vazir ta’lim sifatini yaxshilash uchun katta va ko‘p ishlar qilish kerakligini ma’lum qildi.
Toshkent shahrida yo‘l haqi 3000 so‘m bo‘lgan yangi ekspress avtobus yo‘nalishini tashkil etish rejalashtirilmoqda. Ushbu yo‘nalish 4 ta jadval asosida 23 daqiqalik oraliq interval bilan harakatlanadi.
Farg‘onada korxona rahbari 0,5 gektar yerni 100 ming dollarga sotmoqchi bo‘lganida qo‘lga olindi. Namanganda esa fermer xo‘jaliklardan birida rahbar 5 gektar yerni bog‘ uchun ajratib berish evaziga 96 mln so‘m so‘ragani aytilmoqda. Ularga nisbatan Jinoyat kodeksining firibgarlik va pora berish moddalari bilan ish qo‘zg‘atildi.
JSST koronavirusning omikron varianti bilan bog‘liq umumiy global xavfni juda yuqori deb baholadi. Bu ikki yillik pandemiyadan keyingi iqtisodiy tiklanishni xavf ostida qoldirishi mumkinligi aytilmoqda. Omikron shtammi hozirgacha «yengil alomatlar» bilan kuzatilgan va uni uy sharoitida davolashga muvaffaq bo‘lishgan. JSSTga ko‘ra, avval COVID-19 bilan og‘rigan bemorlarning yangi shtamm bilan zararlanish ehtimoli yuqori.
Poytaxtda fuqara boshqa bir shaxsdan 3 300 dollarni 35,3 mln so‘mga sotib olgan vaqtida qo‘lga olindi. Holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.
«PSJ» va Argentina terma jamoasi hujumchisi Lionel Messi yettinchi «Oltin to‘p»ni qo‘lga kiritdi. «Bavariya» va Polsha terma jamoasi hujumchisi Robert Levandovski esa yilning eng yaxshi hujumchisi sifatida e’tirof etildi.
Portugaliya va Shotlandiyada COVID-19'ning yangi omikron shtammi bilan zararlanish holatlari aniqlangani, Qirg‘izistonda besh partiya saylov natijalarini tan olishdan bosh tortgani, Istanbuldagi kuchli bo‘ronlar oqibatida 4 kishi halok bo‘lgani, Turkmaniston birinchi xonimining ilk surati tarqalgani va boshqa yangiliklar — «Gazeta.uz»ning jahon yangiliklari dayjestida.
Toshkent yer usti halqa metro liniyalarini qurish uchun 354,3 mln dollar ajratilishi, 4 yil ichida 62 nafar O‘zbekiston fuqarosi terrorizmni moliyalashtirganlik uchun sudlanganligi, “Bunyodkor” o‘z xodimlariga 1,5 mlrd so‘mdan ko‘proq maoshlarni to‘lab berishni kechiktirishi — “Gazeta.uz"ning 29 noyabrdagi eng muhim xabarlari dayjestida.
Sovuq fasllar kirib kelishi bilan binolarda yong‘in xavfi ortadi. Yong‘inga qarshi kurashning eng samarali vositasi o‘t o‘chirgich hisoblanadi. Ularni ko‘pincha ofislarda va mashinalarda uchratish mumkin, ammo hamma ham ulardan qanday foydalanish to‘g‘risida ma’lumotga ega emas. O‘t o‘chirgichning turlari va ulardan to‘g‘ri foydalanish qoidalari haqida o‘t o‘chiruvchi Aleksey Sorochin «Gazeta.uz»ga so‘zlab berdi.
Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik xizmati boshlig‘i o‘rinbosari Nurmat Otabekov to‘liq emlanganlarda koronavirusning yangi shtammi yengil o‘tishini ma’lum qildi. «Vaksinalar COVID-19`ning har qanday mutatsiyaga uchragan shtammida samara beradi», — dedi u. Nurmat Otabekovning so‘zlariga ko‘ra, Omicron`ning ikkinchi va uchinchi mamlakatlar orqali kirib kelish ehtimoli yo‘q emas, biroq yangi shtamm uchun alohida protokol ishlab chiqish zaruriyatini vaqt ko‘rsatadi.
Dollarning so‘mga nisbatan rasmiy kursi 9,99 so‘mga ko‘tarilib, 10 787,03 so‘m etib belgilandi. Shuningdek, yevro va rubl kurslari ham ko‘tarildi.
O‘zbekiston Finlyandiyaning Markaziy Osiyodagi ustuvor hamkorlari ro‘yxatiga kiritilgan. Qirg‘iziston va Tojikiston bilan birgalikda mamlakatga qonun ustuvorligi va iqtisodiy rivojlanish loyihalari uchun uch yil davomida 28 million dollar ajratiladi.
Hukumat qarori bilan «Toshkent shahrida yer usti halqa metro liniyalarining qurilishi» loyihasining texnik-iqtisodiy asoslari tasdiqlandi. Uning qiymati 354,36 mln dollarni tashkil etadi. Loyiha to‘rt yil avval boshlangan.
So‘nggi bir yarim yil ichida davlat xaridlari sohasida qonunbuzarlikka yo‘l qo‘ygan mansabdorlarga nisbatan 21 ta jinoiy va 24 ta ma’muriy ish qo‘zg‘atildi. Sohalar kesimida qonunbuzarliklarning eng ko‘pi qurilish va sog‘liqni saqlashga, hududlar kesimida esa Toshkent shahri, Andijon, Jizzax va Qashqadaryo viloyatlariga to‘ri kelmoqda.
Toshkent viloyati hokimligining Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish bosh boshqarmasi xodimlari ish vaqtidan so‘ng ushlab o‘tirilgani, dam olish kuni ham ishga chiqishga majbur qilinayotgani aytilmoqda. Bundan tashqari, 18:00 dan keyin tayinli ish bo‘lmasada, rahbariyat sababsiz xodimlarni ushlab o‘tirgani ma’lum qilingan. Viloyat hokimligi esa ishdan tashqari ishlarga jalb qilish uchun «xodimlarning roziligi» olinganini aytmoqda.
Poytaxtning Olmazor, Shayxontohur va Yunusobod tumanlarida tumanlaridagi dorixonalarda tegishli hujjatlari bo‘lmagan kuchli ta’sir qiluvchi “Regapen”, “Karbaleks”, “Karbamazepin”, “Tropikamid”, “Selofen” va “Zardeks” dorilarining noqonuniy savdosi to‘xtatildi.
Axelot O‘zbekistondagi eng yirik riteylerlardan biri Makroning yangi distribyutorlik markazi uchun omborlarni boshqarish WMS tizimini muvaffaqiyatli joriy etdi.
Qo‘shimcha imkoniyatlardan foydalanish uchun saytda ro‘yxatdan o‘ting