Burger King tez ovqatlanish restoranlar tarmog‘i O‘zbekiston bozoriga kirmoqda. OOO Burgerhouse kompaniyasi ro‘yxatga olingan, xodimlar ishga olinmoqda. Birinchi filial yil oxirigacha ochilishi mumkin.
Kecha O‘zbekistonda 879 nafar kishida koronavirus infeksiyasi qayd etildi. 529 nafar kishida pnevmoniya aniqlanib, 6 nafar bemor vafot etdi.
Tokio-2020 Olimpiya o‘yinlarining oltinchi kunida uchta sport turi bo‘yicha 6 nafar o‘zbekistonlik ishtirok etadi.
O‘zbekistonda pandemiya boshlangandan beri koronavirusdan kunlik kasallanish bo‘yicha eng yuqori antirekord qayd etilishi, Tokio olimpiadasida O‘zbekiston delegatsiyasi qo‘lga kiritgan bronza medal, prezident raisligida o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishi — “Gazeta.uz"ning 28 iyuldagi eng muhim xabarlari dayjestida.
Toshkent shahrining Yakkasaroy tumanida 61 yoshli piyodani yuk mashinasi urib yuborishi oqibatida voqea joyida vafot etdi.
Shavkat Mirziyoyev olimlarning tadqiqotiga asoslanib koronavirus bilan kurash hali yana kamida 10 yil davom etishini ma’lum qildi. Uning so‘zlariga ko‘ra, shu sababdan «Sputnik V» va xitoy-o‘zbek vaksinalarini O‘zbekistonda ishlab chiqarish bo‘yicha muhokamalar bormoqda. Prezident fuqarolarni koronavirusga qarshi emlanishga chaqirdi. «Vaksina olganlarga shifoxonadan 4 kunda chiqyapti, emlanmaganlarga esa juda og‘ir bo‘lyapti», — dedi u.
Toshkentning Mirobod tumanida bir qator ko‘chalardagi 500 dan ziyod tashqi yozuvlar va axborot matnlari «Davlat tili to‘g‘risida"gi qonunga moslashtirildi. Jumladan, «Beauty salon», «Sloyonnaya samsa», «Apteka» kabi yozuvlar o‘zbekchalashtirildi.
Chorshanba kuni o‘tkazilgan yig‘ilishda Shavkat Mirziyoyev mehribonlik uylaridagi bolalar g‘amxo‘rlikni to‘liq his qilmayotganini qayd etdi. Shuningdek, hokimlar, sektor rahbarlari va Xalq ta’limi vazirligi mehribonlik uylari bilan yetarlicha ishlamagani tanqid ostiga olindi. Shundan kelib chiqib, 16 ta «Mehribonlik uyi» va 4 ta «Bolalar shaharchasi» Milliy Gvardiya tizimiga o‘tkazilishi ma’lum qilindi.
Tokiodagi Olimpiadaning beshinchi kunida dzyudochi Davlat Bobonov bronza medali sohibiga aylanib, O‘zbekiston terma jamoasiga musobaqadigi ikkinchi medalni keltirdi. Bokschilar Mirazizbek Mirzahalilov va Dilshod Ro‘zmetovlar Olimpiya o‘yinlaridagi ishtiroklarini tugatishdi. Dzyudochi Gulnoza Matniyazova ham yakka bahslardagi ishtirokini muvaffaqiyatsiz yakunlab, aralash jamoaviy yo‘nalishdagi ishtirokiga tayyorlanadi.
Italiyaning «Roma» klubi o‘zbekistonlik futbolchi Eldor Shomurodovga qiziqish bildirmoqda. Xabarlarga ko‘ra, rimliklar futbolchi uchun 15 mln yevro taklif qilgan, ammo «Jenoa» jamoasi forvard uchun 20 mln yevro talab qilishmoqda. Insayder Nikolo Skiraning ma’lum qilishicha, Shomurodov faoliyatini «Roma»da davom ettirishga yaqin.
Yaponiya hukumati O‘zbekistonning uzoq qishloqlarida ayollar tadbirkorligini rivojlantirishga 2,7 mln dollardan ko‘proq miqdorda grant ajratmoqda. Loyiha Jahon banki ko‘magida Mahalla vazirligi tomonidan amalga oshiriladi.
29−31 iyul kunlari Andijon, Namangan, Farg‘ona viloyatlarining tog‘ oldi va tog‘li hududlarida kutilayotgan mahalliy yomg‘irlar hisobiga sel kelishi xavfi bor.
Shavkat Mirziyoyev poytaxtdagi 21-mehribonlik uyiga tashrif buyurdi. Prezident ta’kidlashicha, «mehribonlik uyida sharoitlar yaxshi, lekin tarbiyalanuvchilarning 18 yoshdan keyingi mustaqil hayotiga ko‘maklashuvchi mas’ul idora yo‘q». Shu sababli, davlat rahbari barcha mehribonlik uylari va maxsus maktab-internatlarni Milliy gvardiya mas’ulligiga o‘tkazish taklifini bildirdi.
Dollarning rasmiy kursi 21,97 so‘mga pasaydi va jami 10 648,03 so‘m etib belgilandi. Yevro va rubl kurslari esa biroz ko‘tarildi.
-90 kg vazn toifasida o‘zbekistonlik dzyudochi Davlat Bobonov Tokio-2020 Olimpiya o‘yinlarining bronza medalini qo‘lga kiritib, O‘zbekiston delegatsiyasiga ikkinchi medalni taqdim qildi.
1 oktyabrdan «tonirovka» ga ruxsatnoma berish bo‘yicha davlat xizmati faqat my.gov.uz orqali ko‘rsatiladi. Ruxsatnoma 1 yil muddatga beriladi va oynalar haydovchi tomonidan mustaqil ravishda qoraytiriladi.
Joriy yilning birinchi yarmida Ombudsmanga 9 632 ta murojaat kelib tushgan, bu o‘tgan yilga nisbatan 32 foizga ko‘p. Hozirga qadar ularning 30 foizi ijobiy hal qilingan. Natijada 13 ta jinoiy, 4 ta ma’muriy va 8 ta intizomiy ish qo‘zg‘atilgan. 16 nafar mansabdor javobgarlikka tortilgan, qolaversa, 10 dan ortiq fuqaro ishga tiklangan.
AQSh “O‘zbekistonda ta’lim va bolalar uchun oziq-ovqat” dasturi doirasida maktabgacha ta’lim muassasalari uchun 21 mln dollar ajratadi. Mazkur mablag‘ 400 dan ortiq maktabgacha ta’lim muassasasi hamda Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Surxondaryo viloyatidagi 245 ta qishloq va kam ta’minlangan MTTlariga yo‘naltiriladi.
Toshkentning Yunusobod tumanida Nexia-2 avtomashinasi piyodani urib yubordi. Yigit olgan jarohatlari bilan shifoxonada vafot etdi.
O‘zbekistonlik mehnat migrantlariga yordam berishga mo‘ljallangan Telegram-bot ishga tushirildi. Unda chet elda ishlash va yashash qoidalari, ularning huquq va majburiyatlari, shuningdek, chet elda ishlayotganlarni qo‘llab-quvvatlash turlari to‘g‘risida bilib olish mumkin. Bundan tashqari, botga odam savdosi to‘g‘risida ma’lumot yuborilishi mumkin.
Qo‘shimcha imkoniyatlardan foydalanish uchun saytda ro‘yxatdan o‘ting