Sadir Japarovning O‘zbekistonga tashrifi, YHXXni tark etgan Olim Saidov, endi tasodifiy yo‘l bilan beriladigan avtoraqamlar, koronavirusga chalingan Jo Bayden va boshqalar — “Gazeta.uz"ning kunlik dayjestida.
Raqobat qo‘mitasi Lukoil Overseas Supply and Trading kompaniyasi texnik oltingugurtni birja orqali sotishda narx manipulyatsiyasiga yo‘l qo‘yganini aniqladi. Asossiz olingan mablag‘lar qaytariladi, qonun buzilishi holatlariga yo‘l qo‘ymaslik bo‘yicha ko‘rsatma berildi, deb yozdi qo‘mita.
Toshkentda tor va keng doirada yig‘ilishlar o‘tkazgan O‘zbekiston va Qirg‘iziston prezidentlari ikki mamlakat san’atkorlarining do‘stlik konsertida ishtirok etdi. Foto, video.
O‘zbekiston AQSh hamkorligida tibbiyot chiqindilaridan muqobil issiqlik energiyasi ishlab chiqarishni boshlaydi. Tibbiyot chiqindilarini to‘liq yetkazib bermaslik javobgarlikka sabab bo‘ladi. Tayyor energiya shifoxonalar, shuningdek, boshqa shaxslar tomonidan ham sotib olinishi mumkin.
23-avgustdan boshlab Toshkent-Buxoro yo‘nalishida haftada uch kun qo‘shimcha “Afrosiyob” poyezdi qatnovi yo‘lga qo‘yiladi.
O‘zbekistonda tez tibbiy yordam avtomobillari, elektromototsikllar, mopedlar va skuterlar uchun alohida davlat raqami belgilari joriy etilmoqda.
Yangi Toshkent zamonaviy O‘zbekistonning bosh shaharsozlik loyihasi hisoblanadi. Uning chegaralari qayerdan o‘tadi, arxitektura, ekologiya, energetika va transport tizimlari qanday bo‘ladi — Yangi Toshkent bosh arxitektori Saidazim Sharipov bilan katta intervyu aynan shular haqida.
Sadir Japarovning Toshkentga tashrifi doirasida 16 ta hujjat imzolandi. O‘zbekistonning JSTga a’zoligi bo‘yicha ikki tomonlama muzokaralarni yakunlash to‘g‘risida bayonnoma, Issiqko‘ldagi kurort-hordiq xo‘jaligi obyektlari bo‘yicha hukumatlararo bitim shular jumlasidan.
Sadir Japarov bilan bo‘lgan tor va kengaytirilgan doiradagi uchrashuvlarda Shavkat Mirziyoyev O‘zbekistonga kuchli va farovon qo‘shni — Qirg‘iziston kerakligini ta’kidladi. Japarov esa O‘zbekiston bilan ko‘p qirrali hamkorlikni mustahkamlash Qirg‘iziston tashqi siyosatining ustuvor yo‘nalishi ekanini aytdi.
Qirg‘izistonning Chuy viloyatida O‘zbekiston hamkorligida Cobalt, Onix va Tracker avtomobillarini ishlab chiqarish zavodi ishga tushdi. Shavkat Mirziyoyev va Sadir Japarov shu va boshqa qo‘shma loyihalarni ishga tushirish marosimida ishtirok etdi.
O‘zbekistonda 1-avgustdan avtomobillarga davlat raqamlari tasodifiy tarzda beriladi. 1-dekabrdan esa avtomobilni ro‘yxatdan o‘tkazish va davlat raqamini olish uchun arizalarni YHXX yoki Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali mobil ilovasi orqali yuborish va to‘lovni o‘sha yerda amalga oshirish mumkin.
MG avtomobil markasi O‘zbekiston bozoriga kirishini e’lon qildi. Savdolarning boshlanishi kuzga rejalashtirilgan va to‘rtta model taqdim etiladi: MG ZS va MG HS krossoverlari, MG 7 liftbeki, shuningdek, Cyberster elektrik rodsteri.
Toshkent shahridagi Sodiq Azimov ko‘chasining bir qismini ham 24 soatlik gastronomik ko‘chaga aylantirish reja qilinmoqda. Avvalroq Taras Shevchenko ko‘chasini gastronomik ko‘chaga aylantirish rejalashtirilgandi.
Futbol bo‘yicha O‘zbekiston milliy terma jamoasi hech qanday o‘yin o‘tkazmasdan FIFA reytingida 1 pog‘ona yuqorilab, 61-o‘rinni egalladi. Paragvay ochko yo‘qotib, reytingda pastlagani bunga sabab bo‘ldi.
O‘zbekistonda Yo‘l harakati qoidalariga individual harakatlanish vositalari (IHV), jumladan, elektrosamokatlar harakatini tartibga soluvchi o‘zgartirishlar kiritildi. IHV trotuarlarda 10 km/soatgacha (6 km/soatgacha bo‘lishi taklif qilingan edi), avtomobil yo‘lida 20 km/soat tezlikda yurishiga ruxsat berildi.
AQSh prezidenti Jo Bayden uchinchi marta COVID-19 bilan kasallandi. Kasallik yengil kechmoqda va u o‘zini izolyatsiyalagan holda ishlaydi, deya ta’kidladi Oq uy.
Oziq-ovqat mahsuloti ishlab chiqaruvchi tadbirkor yuridik shaxslar uchun limit 10 foizdan oshib ketganda, elektr energiyasi uchun to‘lanadigan ikki baravarli tarifni bekor qilishni so‘radi. Uning fikricha, “Energetika vazirligi tizimdagi aybini tadbirkorlar hisobiga yopmoqchi”.
O‘zbekistonga ikki kunlik davlat tashrifi bilan kelgan Qirg‘iziston prezidenti va uning rafiqasini Toshkent xalqaro aeroportida Shavkat Mirziyoyev va uning rafiqasi kutib oldi. Foto.
Avtomobil yo‘llari qo‘mitasining Sirdaryo viloyati boshqarmasi tizim tashkilotlarining 37 mlrd so‘mlik davlat xaridlarida qonun buzilishi holatlari aniqlandi. Holat yuzasidan tegishli tartibda ish qo‘zg‘atilgan.
2019-yilning noyabr oyidan beri Yo‘l harakati xavfsizligi xizmatini boshqarib kelgan Olim Saidov egallab turgan lavozimidan ozod etildi. Uning o‘rnini Sherzod Ibragimov egalladi.
Qo‘shimcha imkoniyatlardan foydalanish uchun saytda ro‘yxatdan o‘ting