Dzyudo bo‘yicha O‘zbekiston terma jamoasi a’zosi Sharofiddin Boltaboyev (-81 kg) Ostonada o‘tgan “Katta dubulg‘a” turnirida oltin medalga ega chiqdi. U o‘z vazni doirasidagi sportchilarning dunyo reytingida 18-o‘rinda bormoqda.
Sherobod tumanida Tracker haydovchisi boshqaruvni yo‘qotib, yo‘l chetidagi yuk mashinasiga urildi. Oqibatda 59 yoshli haydovchi va 4 nafar yo‘lovchi ayol voqea joyida vafot etdi. Tarmoqlarda YTHga yo‘ldagi chuqurlik sabab bo‘lgani aytilmoqda.
13-may soat 11:44 da Qirg‘izistonda magnitudasi 3,9 ga teng bo‘lgan zilzila yuz berdi. Yer silkinishi kuchi Namangan viloyatining Yangiqo‘rg‘on va Kosonsoy tumanlarida ham sezildi.
Xalqaro standartlar bo‘yicha 2015−2022-yillarda O‘zbekistonda kambag‘allik darajasi 2 barobar — 17 foizgacha kamaydi. JBga ko‘ra, o‘sayotgan iqtisodiy tengsizlik kambag‘allikni qisqartirish tempini sekinlashtirdi. Eng boy fuqarolar daromadi aholining eng kambag‘al qatlaminikiga qaraganda 5 barobar tezroq o‘sdi.
Yanvar-mart oylarida O‘zbekistonga 1 mln 519,3 ming nafar sayyoh tashrif buyurdi, bu o‘tgan yilning shu davriga qaraganda 2,1 foizga yuqori. Keluvchilarning eng ko‘pi Tojikiston, Qirg‘iziston va Qozog‘iston fuqarolaridir.
O‘zbekistonda haftaning birinchi yarmida havo harorati ko‘tarilib, 33−36 darajagacha, janubiy va cho‘l hududalardagi ayrim joylarda 38 darajagacha issiq bo‘ladi. Haftaning ikkinchi yarmida harorat 25−30 darajagacha pasayadi.
Xorazm viloyati Shovot tumanida yashovchi erkak xotini bilan uni sehr-jodu qilganlikda ayblab, janjallashgan. Janjal vaqtida erkak xonada turgan bolta bilan xotiniga 17 marotaba zarba bergan. Ayol voqea joyida vafot etgan. Sud erkakni 10 yilga ozodlikdan mahrum qilish to‘g‘risida hukm chiqardi.
Sergey Shoygu 2012-yildan beri ishlab kelayotgan mudofaa vaziri lavozimidan bo‘shatilib, Rossiya Xavfsizlik kengashi kotibi etib tayinlandi. Putin, shuningdek, bosh vazirning birinchi o‘rinbosari lavozimida ishlagan Andrey Belousovni yangi mudofaa vaziri etib tayinlashni taklif etdi.
Toshkentda fuqaroning bank kartasidan 11,7 mln so‘m pul o‘g‘irlandi. Aniqlanishicha, bu jinoyatni Farg‘ona viloyatida yashovchi 20 yoshli yigit sodir etgan. U boshqalarga Telegram orqali turli havolalar jo‘natib, ularning bank karta ma’lumotlarini qo‘lga kiritgan va pul yechish bilan shug‘ullanib kelgan.
Yangi Namangan tumanida 68 yoshli erkakning 7 yoshli qizga nisbatan qilgan harakatlari qayta malakalandi va erkak jinsiy ehtiyojni zo‘rlik ishlatib, g‘ayritabiiy usulda qondirish moddasi yuzasidan qamoqqa olindi. Uning yana boshqa bir qizga nisbatan ham shunday harakatlar qilgani haqidagi xabarlar o‘rganilmoqda.
2023-yilda O‘zbekistonda 3 mlrd dollarga yaqin Rossiya sarmoyasi o‘zlashtirildi, 2024-yilda buni 5 mlrd dollarga yetkazish kutilmoqda. “Vazifani bemalol bajarsa bo‘ladi… Loyihalarni o‘z vaqtida va samarali amalga oshirishda nostandart yondashuvni ta’minlash topshirig‘i berildi”, — dedi ISSV rahbari Laziz Kudratov.
Afg‘oniston shimolida kuchli yomg‘irlar sababli suv toshqinlari yuz berib, kamida 150 kishi halok bo‘ldi, 100 dan ortiq odam jarohatlandi. Hodisadan eng ko‘p Bag‘lon viloyati zarar ko‘rdi. Uyidan ayrilgan oilalarga chodir, ko‘rpa-to‘shak va oziq-ovqat tarqatilmoqda.
Mirzo Ulug‘bek tumanida 20 yoshli yigit boshqaruvidagi Malibu 45 yoshli piyodani urib yubordi. Erkak hodisa joyida vafot etdi.
O‘zbekistonda tazyiq va zo‘ravonlikdan jabrlanganlarga ijtimoiy xizmatlar ko‘rsatish takomillashtiriladi: himoya orderisiz ham ijtimoiy, psixologik va yuridik xizmatlar ko‘rsatiladi, vaqtinchalik shelter va 24/7 ishlovchi birlamchi ko‘mak xonalari tashkil etiladi, zo‘ravonlik qilganlar reyestri yuritiladi. Batafsil.
Apple yangi iPad mahsulotiga ishlangan reklamasi uchun uzr so‘radi. Videoda gidravlik press madaniyat va san’atga oid narsalarni parchalab yuborgani, o‘rnida esa yangi iPad paydo bo‘lganini ko‘rish mumkin. Internet foydalanuvchilari buni “insoniyat san’ati va tajribasining yo‘q qilinishi namoyishi” deya qabul qildi.
1992-yilda qabul qilingan “Toshkent aeroportini ko‘chirish haqida”gi hukumat qarori 1-sentabrda o‘z kuchini yo‘qotadi. Bu Vazirlar Mahkamasi tomonidan bekor qilinayotgan 493 ta qarordan birida nazarda tutilgan. 32 yil avval qabul qilingan hujjatda aeroport poytaxtdan 45 km uzoqqa ko‘chirilishi belgilangandi.
Elchi Ashraf Xodjayev Qatar ta’lim vaziri Busaina bint Ali An-Nuaymiy bilan uchrashdi. Ular Qatar universitetlarida o‘zbekistonlik talabalar uchun kvotalar ajratish, ikki davlat maktab va OTMlari o‘rtasida almashinuv, qo‘shma ilmiy izlanishlar olib borish kabi masalalarni muhokama qildi.
Qibray tumanining Universitet va Salar ko‘chalari chorrahasidagi ustunga radar o‘rnatayotgan muhandisni tok urdi. 26 yoshli yigitning vafoti yuzasidan maxsus komissiya tuzildi.
Ukraina Mudofaa vazirligi Rossiya qo‘shinlari Xarkov viloyati shimolida mudofaa chizig‘ini yorib o‘tishga uringanini ma’lum qildi. Vazirlikka ko‘ra, barcha hujumlar qaytarilgan, ammo janglar davom etmoqda. Chegaradagi qishloqlarda mahalliy aholini evakuatsiya qilish boshlandi.
O‘zbekiston tomonidan ko‘rsatilgan “Turkiston albomi (1871−1872)” va “Xudoybergan Devonovning Xorazm vohasi fotosuratlari (1879−1937)” YUNESKOning “Jahon xotirasi” ro‘yxatiga kiritildi.
Qo‘shimcha imkoniyatlardan foydalanish uchun saytda ro‘yxatdan o‘ting