Yanvarda aholining kelgusi bir yil uchun inflyatsion kutilmalari o‘tgan oyga nisbatan o‘zgarishsiz qolib, 14,4 foizni tashkil etdi. Tadbirkorlarning kutilmalari pasaydi (-1 foiz). Aholi ham, biznes ham kelgusida narxlar oshishiga eng ko‘p kommunal xizmatlar qimmatlashishi sabab bo‘lishini qayd etgan.
Davlat dasturini amalga oshirish to‘g‘risidagi prezident farmoni bilan Bosh prokuraturaga quyosh panellarini o‘rnatish rejasining ijrosini ta’minlash topshirildi. Energetika vazirligi hokimliklar bilan birgalikda ularni tuman va shaharlarda o‘rnatish dasturini ishlab chiqadi.
Raqobat qo‘mitasi va SSV Toshkentdagi Nazar Medical shifoxonasi bolalar terapevtik stomatologiyasi bo‘yicha tibbiy faoliyat yuritish uchun litsenziyaga ega emasligini aniqladi. Qo‘mita klinikadagi tekshiruvni bir ayol va bolaga sifatsiz tibbiy xizmat ko‘rsatganidan so‘ng o‘tkazgan.
Farg‘onada Tojikiston va Qirg‘izistondan olib kelingan giyohvand moddalar aylanmasiga chek qo‘yildi. Hozirda barcha holatlar yuzasidan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilgan.
Yanvar yakunlariga ko‘ra, aholi tomonidan sezilgan inflyatsiya darajasi dekabrga nisbatan o‘zgarishsiz qolib, 14,7 foizni tashkil etdi. Aholi oy davomida eng ko‘p elektr energiyasi, gaz, go‘sht va tuxum narxlarida yuqori o‘sish kuzatilgani qayd etdi.
Jarqo‘rg‘on tumani Kakaydi qo‘rg‘onida yashovchi Munisa Xaitmurodova Mobiuz o‘tkazgan MobiDRIVE aksiyasining uchinchi g‘olibi bo‘ldi.
Adliya vazirligida “Normativ-huquqiy hujjatlar ijrosini monitoringdan o‘tkazish uslubiyoti” ro‘yxatdan o‘tkazildi. U normativ-huquqiy hujjatlar ijrosini monitoringdan o‘tkazish jarayonlarini uslubiy jihatdan tartibga solinishini belgilaydi.
Qarshi shahrida 17 yoshli qiz o‘zini 16 qavatli uy tomidan tashlab halok bo‘ldi. Hodisani ko‘rgan fuqarolar uni to‘xtatishga harakat qilgan, biroq qiz ularga quloq solmagan.
2024-yilda O‘zbekiston iqtisodiyotining kuzatilmaydigan hajmi 505 trln so‘mdan oshib, yalpi ichki mahsulotning 34,8 foizini tashkil etdi. Yashirin iqtisodiyotning asosiy qismi qishloq xo‘jaligi, qurilish va xizmat ko‘rsatish sohalariga to‘g‘ri keladi.
Dushanba kuni Buxoro viloyatidagi “Buxoro-Ural” magistral gaz quvurida gaz sizib chiqishi bilan bog‘liq avariya yuz berdi. “O‘ztransgaz” va Energetika vazirligi “holatni bartaraf etish bo‘yicha barcha zaruriy choralar ko‘rilayotganini” ma’lum qildi.
Samarqand viloyatida 27 yoshli ayol eri tomonidan kaltaklanganidan so‘ng bir necha kun o‘tib ahvoli yomonlashgan va shifoxonada vafot etgan. Zo‘ravonlikka uchragan ayol dastlab holatni mahalla idorasiga ma’lum qilgan. Biroq mahalla bu haqda huquq-tartibot idoralariga xabar bermagan.
Yanvarda O‘zbekistonda rasmiy inflyatsiya 0,72 foizni tashkil etdi, bu o‘tgan yilning yanvar oyiga nisbatan yuqori. Kartoshka 23,9 foizga, kungaboqar yog‘i 2,2 foizga, go‘sht 1,1−1,2 foizga qimmatladi. Davlat bog‘chalari uchun to‘lovlar miqdori 21 foizga oshdi.
2024-yilda Xitoyda nikohlar soni beshdan bir qismga qisqardi: 6,1 milliondan ortiq juftlik nikohdan o‘tdi. Turmush qurishga bo‘lgan qiziqishning pasayishi uzoq vaqtdan beri Xitoyda bola parvarishlash va o‘qitishning qimmatligi bilan bog‘liq. Mamlakat aholisi ketma-ket uchinchi yil kamayib bormoqda.
“Ayritom” chegara bojxona postidagi yuk avtomobilida 2986 dona supurgi dastagi ichidan 612 kg “gashish” giyohvandlik vositasi topildi. Mashina O‘zbekistonga tranzit o‘tish uchun kirib kelgan. Giyohvandlik vositasining qora bozordagi narxi taxminan 16,5 mln dollarga baholanmoqda.
Haftaning birinchi yarmida O‘zbekiston bo‘ylab asosan qor ko‘rinishidagi yog‘ingarchilik kutilmoqda. Kunduzgi harorat 0…+5 daraja bo‘ladi. 12-fevraldan harorat asta-sekin ko‘tarila boshlaydi, 14-fevralga kelib havo +8…+11 darajagacha iliydi.
Prezident farmoniga muvofiq, 2025-yilda “Soyali sayr ko‘chalari” tarmog‘i yaratiladi, sohil va daryo bo‘ylarida 80 ta infratuzilma obyekti va 110 kilometrdan ortiq sog‘lomlashtirish yo‘laklari quriladi.
Anorbank Toshkent markazidagi Energetika vazirligi va “O‘ztransgaz” kompaniyasi binolarini 439,6 mlrd so‘mga (34 mln dollar) sotib oldi. Dekabr oyi oxirida Energetika vazirligi Yangi Toshkentga ko‘chib o‘tishi, u yerda davlat organi va uning tuzilmalari uchun yangi bino qurilayotgani haqida xabar berilgan edi.
Payariq tumanida Cobalt xavfli burilish paytida “KamAZ” bilan to‘qnashdi. Oqibatda yengil avtomobil haydovchisi va yo‘lovchisi shifoxonada vafot etdi.
Toshkent Fotosuratlar uyida O‘zbekiston xalq shoiri Muhammad Yusuf tavalludiga bag‘ishlangan ko‘rgazma ochildi. Namoyishga 70 ga yaqin fotosuratga qo‘yilgan bo‘lib, ularning aksariyati muallifi O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi, fotorassom Abdug‘ani Jumadir. Ko‘rgazma 12-fevralgacha davom etadi.
Alisher Navoiy tavalludining 584 yilligi munosabati bilan Navoiy viloyatida 2025-yil “Alisher Navoiy yili” deb nomlanadi. Yilni yuqori darajada o‘tkazish bo‘yicha respublika komissiyasi hamda chora-tadbirlar dasturi tasdiqlandi.
Qo‘shimcha imkoniyatlardan foydalanish uchun saytda ro‘yxatdan o‘ting