Yanvar oyida shakar va o‘simlik moyi narxlarining keskin pasayishi tufayli oziq-ovqat tovarlarining jahon narxi tushdi, deb xabar berdi FAO. Jumladan, oylik hisobda shakar (6,8%), o‘simlik moyi (5,6%), go‘sht (1,7%) kabilarning narxi arzonlagan. Sut va boshoqli mahsulotlar narxi esa oshgan.
2024-yilda o‘zbekistonliklarga ro‘yxatdan o‘tgan cheklar uchun 1 trillion so‘mdan ortiq keshbek to‘landi. Eng ko‘p mablag‘ni Toshkent shahri (412,2 mlrd so‘m) va viloyati (107,1 mlrd so‘m) iste’molchilari olgan. Eng kam keshbek Sirdaryo viloyati (15,5 mlrd so‘m) hisobiga to‘g‘ri kelgan.
Milliy gvardiyaning Bolalar bilan ishlash boshqarmasi hamda uning hududiy bo‘linmalari harbiy xizmatchilari va xodimlariga ma’muriy huquqbuzarliklar to‘g‘risidagi ishlarni ko‘rib chiqishga hamda ma’muriy jazo choralarini qo‘llashga doir vakolatlar berildi.
MHTI ma’lumotlariga ko‘ra, Toshkent shahrida uy-joylar uchun ijara narxlari 2024-yil noyabrdan beri arzonlashishda davom etmoqda. Mazkur davrda poytaxtda o‘rtacha ta’mirlangan xonadonlar uchun o‘rtacha ijara narxlari dekabr oyiga nisbatan 0,1 foizga arzonlashdi.
Davlat rahbari matbuot kotibi Sherzod Asadov Prezident administratsiyasi shtatlari 50 foizga qisqartirilishi haqidagi ma’lumot “rasman tasdiqlanmagani”ni aytdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, bu jarayonning hajmi va ko‘lami tegishli o‘rganish va tahlillar o‘tkazilgandan keyingina ma’lum bo‘ladi.
“Yevro-5” va undan yuqori ekologik standartlarga javob beradigan yuk mashinalari yana uch yil davomida bojxona bojlari va utilizatsiya yig‘imlaridan ozod qilinadi, deyiladi prezident bilan uchrashuvda. Samarqand, Buxoro, Urganch, Nukus va Termizga parvozlar sonini ikki baravar oshirish buyurildi.
Rossiyaga ketayotgan migrantlar uchun ruxsatnomalar olish tartibini O‘zbekiston hududiga o‘tkazish masalasini ishlab chiqish tezlashtiriladi. Shuningdek, patent uchun to‘lov ish beruvchi hisobidan qoplanishi rejalashtirilmoqda. Rus tilidan imtihonni ham Toshkentda topshirish mumkin bo‘ladi.
Toshkent shahri va Toshkent viloyatining chegaradosh hududlarida viloyat Ekologiya boshqarmasi havo sifatini tahlil qilib, ifloslantiruvchi moddalar miqdori me’yorida ekanini aniqladi. So‘nggi haftalarda havoni monitoring qiluvchi platformalar va ijtimoiy tarmoqlarda havo sifati yomonlashgani ta’kidlanmoqda.
O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan xalq ta’limi xodimi Xayriddin Ma’sudov 88 yoshida vafot etdi. Marhum uzoq yillar xalq ta’limi vazirining o‘rinbosari, 2017-yildan hozirgacha “Barkamol avlod” jamiyati kengashi rais o‘rinbosari sifatida ishlagan.
Davlat banklari onlayn xizmatlarni rivojlantirish va aholi uchun jozibador moliyaviy mahsulotlarni yaratishda xususiy banklardan ortda qolmoqda, dedi prezident. U onlayn kredit olish tartibini soddalashtirish va masofaviy xizmatlar hajmini 30 foizga oshirish bo‘yicha topshiriq berdi.
Suriya mudofaa vaziri Murhaf Abu Kasraning aytishicha, agar bundan Suriya foyda ko‘rsa, mamlakatda Rossiya harbiy bazalari saqlab qolinishi mumkin. Rossiya Suriyaning yangi hukumatiga “o‘zi juda xohlagan narsa” — Bashar Asadni ham berishi mumkin, deb yozadi WP.
O‘zbekiston Islandiyaga birinchi elchisini tayinladi. Bu lavozimni mamlakatning Buyuk Britaniyadagi elchisi Ravshan Usmanov egalladi. Ikki davlat diplomatik munosabatlarni 1997-yilda o‘rnatgan.
Sirdaryo viloyati prokurori katta yordamchisining mashinasidan 50 dona “Zardeks” kuchli ta’sir qiluvchi dori vositasi topildi. Tezkor tadbirda dorilarni unga sotgan 27 yoshli fuqaro ham qo‘lga olindi.
O‘zbekiston Rossiyaning Ant Yapi, Ozon Community, PEK va SPAR Middle Volga kabi yirik kompaniyalarida 7000 nafar fuqaroni tashkiliy tarzda ishga joylashtirishga kelishib oldi. Nomzodlarni saralash fevral oyida O‘zbekistonda bo‘lib o‘tadi.
Ko‘plab salonlar avtomobil xaridi uchun pul to‘liq to‘langanda chegirma bermoqda, lekin banklar avtokredit uchun bu chegirmalarni qabul qilmaydi. Davlat rahbari mahalliy avtomobillar uchun bu cheklovni olib tashlash muhimligini ta’kidladi.
Prezident barcha turdagi yo‘lovchi transportiga chipta olish imkonini beruvchi platformani ishga tushirish kechikayotganini ta’kidladi. “Qaysi rahbar raqamlashtirishni kechiktirsa, ochiqlik siyosatimizga qarshi chiqqan bo‘ladi”, — dedi u. O‘zbekistonga kirish uchun elektron viza olish jarayonini tezlashtirish buyurildi.
AQSh hukumati USAID xodimlari sonini 97 foizga qisqartirmoqchi, avval tashkilotda 10 mingdan ortiq xodim ishlagan, endi esa ularning soni 294 nafarni tashkil etishi mumkin. Tashkilotning o‘zi 7-fevraldan ba’zi xodimlardan tashqari barcha yollanma ishchilar ta’tilga chiqishini e’lon qildi.
Donald Tramp AQSh fuqarolari va Isroil kabi ittifoqchilarga nisbatan ketayotgan tergovlar tufayli Xalqaro jinoiy sud (XJS) mansabdorlariga nisbatan sanksiya kiritdi. Bunda sudning AQShdagi vakillariga tegishli mol-mulklar bloklanadi, XJS xodimlari va ularning oila a’zolariga AQShga kirish taqiqlanadi.
Prezident rahbarligidagi yig‘ilishda 2025-yilda IT xizmatlari hajmini 30 foizga o‘stirib, 80 trillion so‘mdan, eksportini 1 milliard dollardan oshirish zarurligi ta’kidlandi.
Xizmatlar sektori uchun 1 foizlik ijtimoiy soliq stavkasi bo‘yicha imtiyoz muddati yana 3 yilga uzaytiriladi. Endilikda imtiyoz faqat servis korxonalarining kamida 3 mln so‘m oylik oladigan va 30 yoshgacha bo‘lgan ishchilariga qo‘llanadi. Shuningdek, ishchilar bilan kunbay, ishbay shartnoma tuzish mumkin bo‘ladi.
Qo‘shimcha imkoniyatlardan foydalanish uchun saytda ro‘yxatdan o‘ting