O‘zbekistonlik shaxmatchi Nodirbek Abdusattorov FIDEning mart oyi yakunlari bo‘yicha rasmiy reytingida dunyoning eng kuchli shaxmatchilari orasida 4-o‘rinni egalladi.
8 yil ichidagi eng past inflyatsiya, Germaniyadan olib kelingan haydovchilar, 5 baravarga ortgan budjet subsidiyalari, Turkiyadagi mahalliy saylovlar va boshqalar — “Gazeta.uz"ning kunlik dayjestida.
O‘zbekistonning ayrim hududlarida 1-aprel kuni AGTKSHlarda metan 3800 so‘mdan sotildi, bu belgilangan chegara, ya’ni 3350 so‘mdan yuqori. Energetika vazirligi iste’molchilar shoxobchaga chek bilan qaytib, ortiqcha to‘langan summani qaytarishni talab qilish huquqiga ega ekanini ma’lum qildi.
2023-yil yakuniga ko‘ra, davlat organlari, adliya, prokuratura va sudlar, shuningdek, mahallalarni saqlash va NNTlarni qo‘llab-quvvatlash xarajatlari 24,5 foizga oshib, 17 trillion so‘mni tashkil etdi. 2024−2025-yillarda ham ularni saqlash xarajatlarini oshirish rejalashtirilgan.
2021-yildan beri Prezident administratsiyasida ishlab kelgan Iskandar Qutbiddinov ekologiya vaziriga yangi o‘rinbosar bo‘ldi.
O‘zbekistonda davlat budjetidan ajratiladigan subsidiyalar miqdori 2 yil ichida 5 baravarga — 5,63 trln so‘mdan 29,25 trln so‘mga (2,5 mlrd dollar) oshdi. 18 trln so‘m gaz sotib olish va sotish o‘rtasidagi farqni qoplashga, 1,02 trln so‘m geologiya-qidiruv ishlariga sarflangan.
Bosh prokuratura huzuridagi departament va DXX Navoiy va Jizzax viloyatida reyd o‘tkazib, fuqarolarni noqonuniy yo‘l bilan AQShga jo‘natmoqchi bo‘lgan shaxslarni qo‘lga oldi. Ulardan biri Meksika davlati orqali Qo‘shma Shtatlarga yuborish evaziga fuqarodan 14 ming dollar pul talab qilgan.
Solixon domla Ortiqxo‘jayev mayda bezorilik va IIO xodimlarining qonuniy talablarini bajarmaganlikda ayblanib, 15 sutkaga qamaldi. U uyiga IIO xodimlari kelganida “terrorchi emasman, siyosatga qarshi emasman, jinoyatchi emasman” deb shovqin qilib, o‘tib ketayotgan fuqarolarning tinchini buzgan.
Shahrisabz shahrida faxriy sambochi To‘ra Avloqulov qo‘lbola usulda yasalgan quroldan olgan jarohati oqibatida vafot etdi. Unga kafeda mast holdagi tanishi 50 ming so‘m ortidan kelib chiqqan janjal sabab o‘q uzgan. Gumonlanuvchi voqea joyidan qochmoqchi bo‘lganida IIB tezkor xodimlari tomonidan ushlandi.
DEG korporatsiyasi va Davr Bank 23,5 mln dollarlik hamkorlik shartnomasini imzoladi. Hamkorlik maqsadi kichik va o‘rta biznes subyektlarining loyihalari hamda ekologiyani saqlashga qaratilgan loyihalarni moliyalashtirish hisoblanadi.
Turkiyadagi munitsipal saylovda 20 yil ichida ilk bor muxolif partiya g‘olib bo‘ldi. Barcha yirik shaharlar, jumladan, Anqara va Istanbulda muxolifat nomzodlari g‘alaba qozondi. Prezident Erdo‘g‘an partiyasi mag‘lubiyatga uchraganini tan oldi va xalq irodasini e’tiborsiz qoldirmaslikka va’da berdi.
Kinorejissor Sarvar Karimov “Gazeta.uz"ning “Mifonomika” loyihasida mehmon bo‘lib, soliq to‘lovchilarning pullarini kino sohasiga ajratish qanchalik o‘rinli ekani haqidagi fikrlari bilan bo‘lishdi. Davlat “30 yil shu narsani qilib ko‘rdik, demak, boshqacha yondashuv kerak”, deyishga kuch topa olishi lozim, deydi u.
O‘zbekistonda bolalar kambag‘alligi darajasi 7,8 foizga — 2021-yildagi 21,5 foizdan 2023-yilda 13,7 foizga kamaydi. Bolalar kambag‘alligining eng past darajasi Navoiy viloyati va Toshkent shahrida, nisbatan yuqori darajasi esa Sirdaryo va Jizzax viloyatlarida qayd etildi.
Toshkent IIBB firibgarlikning yangi turidan ogoh etdi. Bunda noma’lum shaxs qariyalarga qo‘ng‘iroq qilib, ularga o‘zini qizi yo nevarasi deb tanishtiradi va YTHga uchraganini aytadi. Telefonni soxta tergovchi olib, hodisaga qariyaning yaqini sababchiligini bildiradi va qamoqqa olmaslik uchun pul so‘raydi. Batafsil.
Toshkentda mashinasiga yo‘lovchi sifatida chiqqan ayolning qaddi-qomatini tavsiflab, oyog‘ini ushlagan 30 yoshli haydovchi 5 sutkaga qamaldi. Sudda haydovchi “skorost”ga urayotganida qo‘li ayolning oyog‘iga tegib ketganini aytgan. Ayol esa suhbatni yozib olganini bildirgan.
Bekobod tumanida 28 yoshli ayol o‘zini 5-qavatdan tashlab vafot etdi. Marhuma eri tomonidan muntazam ravishda zo‘ravonlikka uchrab kelgani aytilmoqda. Unga uch marta himoya orderi berilgan. Qo‘shnilar ayol pastga tushib ketishi oldidan “yashashni istamayman, kaltaklaringdan to‘yib ketdim”, deya baqirganini eshitgan.
Martda 0,7 foizlik inflyatsiya qayd etildi. Yillik inflyatsiya 7,98 foizgacha sekinladi, bu — 2016-yil maydan beri eng past ko‘rsatkich. Statistika agentligiga ko‘ra, go‘sht narxi 5 oydirki pasayib bormoqda, sut, shakar, un, kartoshka, piyoz, sabzi qimmatlashgan. Benzin, temiryo‘l va havo transporti narxlari oshdi.
O‘zbekistonning aksariyat hududlarida 2−3-aprel kunlari yomg‘ir yog‘ishi, momaqaldiroq bo‘lishi mumkin. So‘ngra harorat kechasi +5…+10, kunduzi +18…+25 darajagacha ko‘tariladi. Tog‘li hududlarda qor ko‘chishi xavfi bor.
Transport vaziri Ilhom Mahkamov haydovchilarni o‘qitish uchun Germaniyadan “50 yillik stajga ega” haydovchilar, Moskvadan esa instruktorlar olib kelinganini aytdi. “Har bir haydovchini o‘qityapmiz. Ularni toifalarga bo‘lamiz, eng yuqori toifadagilariga boshqalarni o‘qitish huquqi beriladi”, — dedi vazir.
Chilonzor tumanidagi Seul ko‘chasida Nexia va 2 ta Cobalt ishtirokida YTH yuz berdi. Ikki haydovchi jarohatlangani uchun shifoxonaga olib ketildi.
Qo‘shimcha imkoniyatlardan foydalanish uchun saytda ro‘yxatdan o‘ting