Shavkat Mirziyoyev poytaxt bosh reja tasdiqlanmaguncha yangi qurilishlarga moratoriy e’lon qilinishini aytdi. Bundan tashqari, 2023 yilda Toshkent shahrining yashillik darajasini 28 foizga yetkazish vazifasi qo‘yildi.
Bloger Abduqodir Mo‘minovga nisbatan firibgarlik va tovlamachilik moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. IIV ma’lumotida uning bir shaxsdan 3800 dollar olgani, boshqa bir shaxsdan esa 70 000 dollar so‘ragani aytilmoqda. Bloger hibsga olindi.
Tarmoqlarda «Toshkent otchopari» AJga tegishli otxonada hayvonlar ochlikdan o‘layotgani haqida xabarlar tarqaldi. Veterinariya qo‘mitasi 2 bosh ot noto‘g‘ri oziqlantirish oqibatida halok bo‘lganini ma’lum qildi. Holat bo‘yicha tergov oldidan tekshiruv tayinlandi.
O‘zbekiston Markaziy banki raisi o‘rinbosari Behzod Hamroyev may oyida elektr energiyasi va gaz narxlarining erkinlashtirilishi mumkinligini ma’lum qildi. Bu chora bir necha yildan beri kechiktirib kelinadi.
2022 yilda «O‘zkimyosanoat» va tarmoqdagi korxonalarda korrupsion harakatlar, mablag‘larning talon-toroj qilinishi va qo‘shib yozishlar hisobiga 28,3 mlrd so‘mlik zarar yetkazildi. 57 ta holatda manfaatlar to‘qnashuvi aniqlandi. Tizimdagi 28 kishi jinoiy javobgarlikka tortildi, 25 nafari esa ishdan olindi.
O‘zbekiston qarzni jalb qilish qimmatga tushishi sababli katta ehtimol bilan birinchi yarimyillikda yevroobligatsiyalar chiqarmaydi, dedi Markaziy bank rahbari o‘rinbosari Behzod Hamroyev. Unga ko‘ra, qarz olish narxining oshishi hukumatni ortiqcha xarajatlardan qaytaruvchi omil bo‘lishi mumkin.
2023 yilgi davlat dasturi loyihasida Olmaliq kon-metallurgiya kombinatining «Yoshlik» mis konini o‘zlashtirib, 3-misni boyitish fabrikasini ishga tushirish rejasi muhokamaga qo‘yildi. Shuningdek, Navoiydagi Pistali konida 4 mln tonna oltin rudasini qayta ishlash majmuasi qurilishini yakunlash reja qilinyapti.
O‘zbekiston aholisi Turkiyada sodir bo‘lgan yer silkinishlari ortidan halok bo‘lganlarning yaqinlari va qardosh mamlakatga hamdardlik bildirish maqsadida Toshkent shahridagi elchixona oldiga gullar olib bormoqda.
Shavkat Mirziyoyev Toshkent metropolitenidagi qurilish ishlari bilan tanishdi. Quruvchilar dahasidan Qipchoq bekatigacha bo‘lgan qariyb 4 kilometrlik metro yo‘li yaqin oylarda ishga tushadi. Qo‘yliq va Sergeli orasidagi qatnov vaqti 15 daqiqani tashkil etadi. Shuningdek, transport oqimi 12 foizga kamayishi kutilmoqda.
Ellikqal’a tumanidagi xonadonda gaz portladi. Oqibatda bir ayol vafot etdi. Voqea bo‘yicha o‘rganish ishlari boshlandi.
Qahramanmarash viloyatida zilzila oqibatida bedarak yo‘qolgan O‘zbekiston fuqarosi vayronalar ostidan olib chiqildi. U shifoxonaga joylashtirilgan va birinchi yordam ko‘rsatilmoqda.
Samarqandda fuqaroni 15 ming dollar evaziga Meksika orqali AQShga jo‘natmoqchi bo‘lgan shaxs ushlandi. U puldan uch ming dollarini olayotgan paytda DXX va IIB xodimlari tomonidan qo‘lga olindi.
Qorao‘zak tumanida 161 million dollarlik yangi 2 katta investitsiyaviy loyiha, jumladan 50 MVt kuchlanishga ega quyosh elektr stansiyasi va 110 MVt kuchlanishga ega shamol elektr stansiyasi quriladi. Natijada 200 fuqaroning doimiy ravishda bandligi ta’minlanadi.
Qurilish vazirligi uylarning zilzilaga bardoshliligiga kim kafolat berishi haqida ma’lumot berdi. Ishlarning sifatiga kafolat berish va ular lozim darajada bajarilmagan taqdirda, javobgar etib pudratchi belgilangan.
2023/2024 o‘quv yilidan boshlab professional va oliy ta’lim tizimida «Inson huquqlari», «Ayollar huquqlari» va «Bola huquqlari» bo‘yicha o‘quv va maxsus kurslar joriy etiladi.
Prezident farmoyishi bilan general-mayor Aybek Saidov Sharqiy harbiy okrug qo‘shinlari qo‘mondoni, polkovnik Farrux Ziyabayev Markaziy harbiy okrug qo‘shinlari qo‘mondoni va polkovnik Lutfullo Buzrukov Qurolli kuchlar bosh shtabi boshlig‘ining o‘rinbosari lavozimiga tayinlandi.
Turkiyaning so‘nggi 100 yillik tarixidagi eng kuchli zilzila bu mamlakatda yashovchi o‘zbekistonliklar hayotiga ham ta’sir qildi. “Uyim ko‘z oldimda quladi”, — deydi ulardan biri. “Uyda ovqatlanib, mashinada tunayapmiz”, — deydi boshqa bir vatandosh. “Gazeta.uz” Turkiyadagi o‘zbekistonliklar bilan suhbatlashdi.
Turkmanistondagi «Galkinish» konida yuz bergan avariya va O‘zbekistonga gaz yetkazib berishda kuzatilgan uzilishlar sabab «Turkmangaz» konsernida bir necha kishi hibsga olingani xabar qilindi. O‘zbekiston Energetika vazirligi uzilish uchun Turkmanistondan kompensatsiya talab qilingani haqidagi xabarni rad etdi.
BMTning Qochqinlar bo‘yicha agentligi va Qochqinlar bo‘yicha oliy komissarligi Termiz shahridagi transport-logistika xabi orqali Afg‘onistonga navbatdagi insonparvarlik yordamini jo‘natdi. Sovuqda himoyaga muhtoj afg‘on xalqi uchun 12 ta yuk mashinasida 48 mingdan ortiq ko‘rpa jo‘natildi.
Turkiyaga ketgan o‘zbekistonlik FVV xodimlari tonggacha vayronalar ostidan 21 kishini chiqarib oldi. Ularning 12 nafari vafot etgan. Qolganlari turli tan jarohatlari olgan.
Qo‘shimcha imkoniyatlarga ega bulish uchun saytda ro‘yxatdan o‘ting