Andijondagi portlashda halok bo‘lgan qurbon Qirg‘iziston fuqarosi ekanligi aniqlandi. FVV portlash oqibatida 1 kishi halok bo‘lgani, 11 kishi jarohatlangani haqida ma’lum qilgan edi. Voqea guvohlari halok bo‘lganlar soni bir kishidan ko‘proq bo‘lganligini ta’kidlagan edi.
Adliya vazirligi maktablardagi kadr xizmati xodimining lavozim razryadlarini pasaytirib ko‘rsatish oqibatida oylik maosh 16 mlrd so‘mga kamroq to‘lab berilganini aniqladi. Hozirga qadar ko‘rilgan ta’sir choralari natijasida esa faqatgina 3 mlrd so‘m maosh to‘lanishiga erishilgan.
Jamoatchilik muhokamasiga qo‘yilgan prezident qarori loyihasiga ko‘ra, dual ta’lim shakliga o‘tgan kollej va texnikumlar o‘quvchilariga ham stipendiya to‘lanishi mumkin. Qolaversa, dual ta’lim shaklini joriy qilgan eng yaxshi 100 ta professional ta’lim muassasasiga har yili 50 mln so‘mdan mablag‘ ajratiladi.
Toshkent shahrining Mirobod tumanida «Malibu» haydovchisi 45 yoshli fuqaroni urib yubordi. Buning oqibatida piyoda olgan tan jarohatlari bilan voqea joyida vafot etgan. Holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.
Faoliyatidagi kamchiliklar va aholi murojaatlariga e’tiborsiz qaragani uchun Muborak tumani hokimi Akrom Aripovga «hayfsan» berildi.
Yakshanba kuni 322 kishining koronavirus infeksiyasiga topshirgan PZR-testi musbat natijani ko‘rsatdi — bu shanba kungi ko‘rsatkichga (439 ta) qaraganda 117 taga kam. Qolaversa, shu kuni koviddan 3 kishi vafot etdi, 61 kishida esa pnevmoniya aniqlandi.
Favqulodda vaziyatlar vazirligi fuqarolarni Chimyonda qor ko‘chishi xavfidan ogohlantirib, ehtiyot choralarini ko‘rish bilan birga «Diqqat! Qor ko‘chkisi xavfi mavjud» belgisi bilan cheklangan joylarga kirmaslikni so‘radi.
Yashnobod tumani hokimi Baxtiyor Rahmonqulov «Aviasozlar» saroyini to‘liq rekonstruksiya qilish boshlanganini ma’lum qildi. Saroy atrofida madaniy-istirohat bog‘i barpo etiladi. Prezident ikki yil avval saroyni rekonstruksiya qilishni buyurgan edi.
13 fevral kuni Qozog‘istonning Olmaota shahridagi Mustaqillik monumenti oldida 700 ga yaqin odam xotira mitingiga to‘plandi. Ular qo‘llarida «Begunohlarga ozodlik», «Xalq terrorchi emas», «Qonli yanvarni unutmaymiz va kechirmaymiz», «Ogohlantirmasdan o‘t ochish — bu xalqqa qarshi jinoyatdir» kabi bannerlar va plakatlar bilan noroziliklarini bildirmoqda. Prezident xalqqa yana murojaat yo‘lladi.
O‘zgidromet xabariga ko‘ra, 13−14 fevral kunlari respublikada ba’zi joylarda shamol kuchayishi, ayrim tumanlarda chang-to‘zonli qor yog‘ishi, 15−17 fevralda kechasi havo harorati -4− -7 darajagacha sovuqqa tushishi kutilmoqda. 14 fevral kuni respublika bo‘ylab joylarda shamol 17−22 m/s gacha, Navoiy, Jizzax, Surxondaryo, Farg‘ona viloyatlarining ayrim tumanlarida 25−28 m/s gacha kuchayishi mumkin.
FVV xabariga ko‘ra, 13 fevral kuni poytaxtning Yashnobod tumani Yangiobod ko‘chasida joylashgan «Yangiobod» bozor hududida yong‘in sodir bo‘ldi. Yong‘in oqibatida bozor hududidagi rastalarning 120 kvadrat metriga zarar yetgan. Yong‘in oqibatida hech kim jabrlanmagan. Hozirda hodisa sabablari aniqlanayotgani aytildi.
Ichki ishlar vaziri o‘rinbosari Bekmurod Abdullayev «Ichki ishlar vazirligi xodimlariga yo‘l harakati xavfsizligi sohasidagi barcha muammolarning sabablarini tushuntirib bergani va ularning oldini olish choralarini o‘zi belgilab bergani» uchun prezidentga minnatdorlik bildirdi.
«Menimcha» ko‘rsatuvining navbatdagi sonida Shavkat Mirziyoyev odamlar pul to‘lab qo‘yib, mashinalarni ololmayotganini gapirgan lavhalar efirga uzatildi. «Odamlar norozi, biz to‘lab qo‘yganmiz, mashinani ber ey davlat rahbarlari, deyapti», — dedi prezident.
Xalq ta’limi vaziri Baxtiyor Saidov Andijonda uzr so‘rashga majburlangan o‘qituvchilar bilan uchrashdi. U mazkur holatni «ustoz sha’nini yerga urish» deb baholab, bunga yo‘l qo‘ygan mutasaddilarga chora ko‘rilishini ma’lum qildi. Avvalroq, XTV uzr so‘rash tadbiri tuman hokimligi tashabbusi ekanligini tasdiqlagandi.
Juma kuni Qashqadaryo viloyati Muborak tuman IIB boshlig‘i protsessual tartibda hibsga olindi. U 50 ming dollar pora bilan ushlangani aytilgan Mirishkor tumani hokimi o‘rinbosariga sheriklikda gumonlanmoqda. Bundan tashqari, Muborak tuman IIB xodimlari 3ta o‘g‘rilik, 3ta bezorilik, bittadan talonchilik va firibgarlik jinoyatini yashirgani hamda OAVda yolg‘on axborot tarqatgani aniqlandi.
Juma kuni O‘zbekistonda 504 kishi topshirgan PZR-testi musbat natijani ko‘rsatdi — bu bir kun oldingi ko‘rsatkichga qaraganda 121 taga kam. COVID-19 asoratlari oqibatida 2 kishi vafot etdi. Qolaversa, shu kuni 89 kishida pnevmoniya aniqlandi.
2020 yildan beri mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vaziri sifatida faoliyat yuritgan Rahmat Mamatov Samarqand viloyati IIB boshlig‘i lavozimiga tayinlandi. U mehnat faoliyati davomida Qashqadaryo, Farg‘ona va Xorazm viloyatlari IIB tizimida turli lavozimlarda, shuningdek ichki ishlar vazirining birinchi o‘rinbosari sifatida ham ishlagan.
Prezident qarori bilan jamoatchilik uchun ochiq bo‘lgan qadimiy yozma manbalarning davlat reyestri shakllantiriladi. Xorijga ilmiy ekspeditsiyalar uyushtirilib, allomalar va mutafakkirlarning ijodiga mansub qadimiy yozma manbalar O‘zbekistonga olib kelinadi. Shuningdek, jismoniy va yuridik shaxslardagi qo‘lyozmalar xarid qilinib, davlat tasarrufiga o‘tkaziladi. Qolaversa, qadimiy qo‘lyozmalar tarjima qilinib, xalqchil tilda nashr etiladi.
Turkmanistonda navbatdan tashqari prezident saylovlari 12 mart kuni bo‘lib o‘tadi. Mamlakat prezidenti Gurbanguli Berdimuhammedov Xalq Maslahati yig‘ilishida nutq so‘zlab, davlat boshqaruvi yosh rahbarlarga berilishi kerakligini ta’kidladi. Uning o‘zi esa Xalq Maslahati raisi sifatida faoliyatini davom ettirmoqchi.
Poytaxtdagi 21-sonli mehribonlik uyida bolaga jismoniy tazyiq o‘tkazganlikda gumon qilingan tarbiyachi o‘z arizasiga muvofiq ishdan bo‘shatildi. Jabrlanuvchining o‘ng qo‘l tirsagi, chap yelkasi va o‘ng oyog‘ining son qismida ko‘kargan yaralar aniqlandi. Mehribonlik uyi shifokori unga ko‘rsatgan yordamini bemorlar jurnaliga kiritmagani ham ma’lum bo‘ldi. Yunusobod tuman prokuraturasi tekshiruv o‘tkazmoqda.
Qo‘shimcha imkoniyatlardan foydalanish uchun saytda ro‘yxatdan o‘ting