O‘zbekiston «omikron» tarqalayotgani munosabati bilan 15 yanvardan Qozog‘iston bilan chegarani kesib o‘tishga vaqtinchalik cheklov joriy etmoqda. Cheklovlar avialoqalarga hamda vatanga qaytayotgan fuqarolarga taalluqli emas.
13−14 yanvar kunlari Chimyon hududida qor ko‘chishi xavfi e’lon qilindi. FVV shu kunlarda fuqarolardan «Qor ko‘chishi xavfi mavjud» belgisi bo‘lgan joylarga kirmaslikni so‘radi.
O‘rtachirchiq tumanida «To‘ytepa-Ozodlik» yo‘nalishida harakatlanib kelayotgan yuk poyezdi urib ketishi oqibatida 26 yoshli fuqaro vafot etdi. Guvohlarning so‘zlariga ko‘ra, u quloqchin taqib, mol boqayotgan bo‘lgan.
AQShga kirish uchun yangi qoidalar e’lon qilindi. Unga ko‘ra, yo‘lovchilar parvozdan kamida 24 soat oldin PZR-test hamda kamida 15 kun oldin COVID-19ga qarshi to‘liq emlanganliklarini tasdiqlaydigan guvohnomaga ega bo‘lishlari kerak. Boshqa talablar ham bor.
Shavkat Mirziyoyev Xavfsizlik kengashining kengaytirilgan yig‘ilishida Qozog‘istondagi vaziyatga to‘xtalib o‘tdi. «Biz uchun yaqin qo‘shni va qardosh Qozog‘istonda sodir bo‘lgan voqealar hammamizni jiddiy tashvishga soldi», — dedi u. Prezident qo‘shni mamlakatdagi vaziyat asta-sekin o‘z iziga tushib borayotgani hamda odamlar osoyishta hayotga qaytayotganini ta’kidladi.
Shavkat Mirziyoyev va Vladimir Putin telefon orqali muloqot davomida O‘zbekiston-Rossiya strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlaridan tashqari, Qozog‘istonda ro‘y bergan voqealar nuqtai nazaridan Markaziy Osiyodagi vaziyat yuzasidan ham fikr almashdi.
O‘zbekiston ko‘zi ojiz, ko‘rishda nuqsoni bo‘lgan va bosma axborotni idrok etishda boshqa jihatdan qobiliyati cheklangan shaxslarning nashr etilgan asarlardan foydalanishini yengillashtirish to‘g‘risidagi Marokash shartnomasiga qo‘shildi. Hozirda mamlakatda 72 mingdan ortiq ko‘zi ojiz insonlar istiqomat qiladi.
«Samarqand darvoza»da «o‘t o‘chirgich» portlatilishi bo‘yicha tergov doirasida 13 kishiga ayblov e’lon qilindi. 5 nafari 3−5 yilgacha ozodlikdan mahrum qilinishi mumkin. Shuningdek, tergovda mazkur vositani yasashni yoshlarga yangiyo‘llik traktorchi o‘rgatgani aniqlangan.
Shavkat Mirziyoyev hudud va tarmoqlarni strategik rivojlantirish bo‘yicha «yo‘l xaritasi» ishlab chiqish zarurligini ta’kidladi. Buning uchun esa xorijdan malakali mutaxassis va maslahatchilarni ham jalb qilinishi ta’kidlandi.
Jahon banki 2021-yilda O‘zbekiston YAIM o‘sishini 6,2 foizga baholadi. 2022−2023-yillarda iqtisodiy o‘sish mos ravishda 5,6 foiz va 5,8 foiz bo‘lishi kutilmoqda.
Yunusobodda YPX inspektori talabini bajarmagach, o‘qotar qurol bilan to‘xtatilgan Malibu haydovchisi o‘sha kuni spirtli ichimlik iste’mol qilganini aytdi. «Ayb menda, bo‘ynimga olaman. Aroq, pivo ichibman, keyin „o‘chib“ qolibman», — dedi u. Qolaversa, bu uning transportdan foydalanish qoidasini birinchi marta buzishi emasligi ma’lum qilindi.
KXSHT tinchlikparvar kontingentini Olmaotadan olib chiqish boshlandi. Qozog‘iston mudofaa vaziri nomidan harbiylarga minnatdorchilik bildirildi, ayrimlari «Xalqaro hamkorlikka qo‘shgan hissasi uchun» medallari bilan taqdirlandi.
Senat «Gazeta.uz» ning hokimlarning xalq deputatlari kengashi raisi maqomini bekor qilishga oid hujjat 2,5 yil oldin tayyorlangani, biroq qabul qilinmagani haqidagi maqolasi yuzasidan munosabat bildirdi. Ta’kidlanishicha, «quyi palatada muhokama qilinmagan qonun loyihasi Senatda ham ko‘rib chiqilmagan». «Mahalliy kengashlar mustaqil organ. Senat faqatgina ularning faoliyatini takomillashtirishga ko‘maklashadi, uslubiy yordam ko‘rsatadi», — deyiladi bayonotda.
Tallimarjon IESdagi nosozliklar tufayli Afg‘onistonga elektr energiyasi yetkazib berish vaqtincha to‘xtatildi. 13 yanvar kuni ertalabga kelib elektr ta’minoti tiklandi, deya xabar qildi Afg‘oniston energetika kompaniyasi.
Nazarbekda maktab va bolalar bog‘chasini qurishga mo‘ljallangan yer uchastkasi noqonuniy ravishda tadbirkorga berib yuborilgan. Senatorlar aralashuvidan so‘ng u boshlagan qurilish ishlari to‘xtatildi.
Yangiyo‘lda fuqaroni Qirg‘izistonning O‘sh davlat universitetiga kiritib qo‘yish uchun 10 ming dollar talab qilgan shaxslar ushlandi. Hozirda jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov o‘tkazilmoqda.
1 fevraldan boshlab 26 ta davlat tashkilot va organlarida korrupsiyaga qarshi kurashish ishlarining samaradorligini baholovchi reyting joriy qilinadi. Ro‘yxatdan 11 ta vazirlik, 4 ta davlat qo‘mitasi, 7 ta agentlik va 4 ta hokimiyat o‘rin olgan va ularning faoliyati 5 ta indikator asosida baholanadi. 1 iyuldan esa reyting barcha davlat tashkilotlarida joriy qilinadi.
2021 yilda O‘zbekistonda 10 mlrd dollardan ortiq xorijiy investitsiyalar o‘zlashtirilib, 12 mlrd dollarlik mahsulot va xizmatlar eksport qilindi. 2022 yilda eksport hajmini 14 mlrd dollarga yetkazish hisob-kitob qilingan.
12-yanvar kuni O‘zbekistonda yana 714 kishi koronavirusga chalindi. Bu oldingi kundan 110 nafarga ko‘p. Kasallanish ketma-ket 5-kun yana ortmoqda. Shuningdek, 3 kishi virusdan vafot etdi.
IIV huzuridagi Tergov departamenti yillik 262 foizli depozitlarni taklif qilgan Golden Cash Store moliyaviy piramidasi bo‘yicha jinoyat ishi tafsilotlarini oshkor qildi. Kompaniya faoliyatidan bir necha ming fuqaro jabr ko‘rdi, ular 100 dan 10 ming dollargacha qiymatdagi oltin va kumush buyumlarni topshirgan. Tekshiruvlar davomida korxonaning bank hisobvarag‘idan 1,1 mlrd so‘m, ta’sischilardan birining plastik kartasidan esa 2,4 mlrd so‘m pul topildi.
Qo‘shimcha imkoniyatlardan foydalanish uchun saytda ro‘yxatdan o‘ting