O‘zbekiston shifoxonalarida o‘tgan yili 60 mingdan ziyod xorijlik davolangan. Prezident ko‘rsatkichni oshirish uchun “Tibbiy xizmatlar mehmondo‘stligi” dasturi boshlanishini e’lon qildi. Endi xususiy klinikalarning xalqaro standart olish xarajatlari qoplanadi, ularda davolangan chet elliklar uchun QQS qaytariladi.
Turizm masalalariga bag‘ishlangan yig‘ilishda prezident temiryo‘l va aviachiptalarni kamida olti oy oldin sotuvga chiqarishni topshirdi. Shuningdek, chet ellik ijrochilar konsertlarini o‘tkazishga qo‘yiladigan talablarni qayta ko‘rib chiqish va qo‘shni davlatlar bilan chegaradan o‘tish jarayonini osonlashtirish buyurildi.
Prezident o‘tkazgan yig‘ilishda Toshkent shahri hokimining turizm bo‘yicha o‘rinbosari Faxriddin Davrukov lavozimidan ozod etildi. Poytaxt hokimligi turizm masalasida tashabbus bilan chiqmayotgani tanqid qilindi. Bosh vazirga turizm bo‘yicha har bir hokim o‘rinbosari ishiga baho berish topshirildi.
Qator hududlar aholisi gaz bilan ta’minlanmagan va qishda elektrdan isitish uchun foydalanishga majbur bo‘lmoqda, dedi deputat Doniyor G‘aniyev. U hukumatdan qishki davr uchun ijtimoiy normani (hozir oyiga 200 kVt/soat) oshirishni so‘radi. Bosh vazir o‘rinbosari Jamshid Qo‘chqorov masalani o‘rganishga va’da berdi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi qoshidagi Fatvo markazi Islomda kriptovalyuta savdosi shariat qonunlari bo‘yicha tovar va pul shartlariga to‘g‘ri kelmasligi sababli taqiqlanganini ma’lum qildi. Keyinroq markaz ushbu postni o‘chirib tashladi va muammo o‘rganish va izlanishni talab qilayotganini aytib, uzr so‘radi.
O‘zbekiston davlat budjeti daromadlari birinchi chorakda 5,3 trln so‘mga oshib, 52,6 trln so‘mni tashkil etdi. Daromadlar o‘sishi 11,3 foizgacha sekinlashdi (2023-yil yanvar-mart oylarida o‘sish 12,8 foiz bo‘lgan).
May oyida O‘zbekistonda inflyatsiya 2,8 foizgacha tezlashdi, bu 2017-yil dekabridan beri eng yuqori ko‘rsatkichdir. Yillik narxlar o‘sishi 10,5% dan oshdi. Ko‘rsatkichga gaz (+29%), elektr (+67%) va ijara (+17,3%) tariflarining oshishi ta’sir qildi. Dori-darmonlar narxi o‘sishda davom etdi.
ADM Global kompaniyalar guruhi Jizzax viloyatida navbatdagi With Chery With Love tadbirini tashkillashtirdi. Unda O‘zbekiston bo‘ylab 60 dan ortiq Tiggo 7 Pro egalari bir joyda yig‘ildi.
O‘zbekiston va yana 5 ta davlat vakillari CASCA+ transport yo‘lagi bo‘ylab yuk tashishni rivojlantirish bo‘yicha yig‘ilish o‘tkazdi. Unda “O‘zbekiston temir yo‘llari” vakillari faoliyatni muvofiqlashtirish va tez buziluvchi yuklarni muzlatkichli konteynerlarda tashishni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha konsorsium tuzishni taklif qildi.
Bog‘ ichidagi shahar — Park City Labzak qulay shart-sharoitlar, yashil bog‘lar manzarasi va poytaxtning markaziy tumanlaridan birida joylashgan so‘nggi xonadonlarni taklif etmoqda.
Gruziya parlamenti spikeri ommaviy noroziliklarga qaramay, prezident Salome Zurabishvili veto qo‘ygan “Xorijiy ta’sirning shaffofligi to‘g‘risida”gi bahsli qonunni imzoladi. Hujjat imzolangandan keyin darhol kuchga kiradi.
Islom hamkorlik tashkiloti (IHT)ning turizm yo‘nalishi bo‘yicha raisligi Ozarbayjondan O‘zbekistonga o‘tkazildi. Ta’kidlanishicha, mamlakat o‘z raisligi davomida IHT hududida “kelajak turizmi”ni shakllantirishga alohida e’tibor qaratadi.
Iyunning birinchi ish haftasida ob-havo O‘zbekiston bo‘yicha quruq bo‘lishi kutilmoqda. Faqat 4−5-iyun kunlari Farg‘ona vodiysi viloyatlarida qisqa muddatli yomg‘ir yog‘ishi mumkin. Harorat hafta boshida 32, keyinroq 35 darajagacha isiydi.
SSV yozda aholi, ayniqsa, bolalar o‘rtasida avj oladigan o‘tkir diareya belgilarini sanab, qanday qilib kasallikning oldini olish mumkinligi bo‘yicha tavsiyalar berdi. Gigiyenaga rioya qilish, qaynatilgan suv ichish, shifokor maslahatisiz antibiotiklarni qo‘llamaslik shular jumlasidan. Batafsil.
Prezident va tadbirkorlarning yillik muloqoti bu yil Qoraqalpog‘istonda bo‘lib o‘tadi. U yerda xalqaro biznes-forum ham o‘tkaziladi. Ochiq muloqotni tashkil etish bo‘yicha komissiya tuzildi. “Qoraqalpog‘istonda biznes yuriting” dasturi doirasida yirik brendlarni respublikaga jalb etish rejalashtirilmoqda.
“Baxti Tashkentskiy” nomi bilan tanilgan Baxtiyor Qudratullayev, uning o‘g‘li, akasi — jami 37 kishiga nisbatan 3-iyundan ochiq sud boshlanadi. Sudlanuvchilar tovlamachilik, jinoiy uyushma tashkil etish, firibgarlik, qasddan badanga shikast yetkazish, bezorilik va JKning boshqa moddalari bo‘yicha ayblanmoqda.
1-iyun — Xalqaro bolalarni himoya qilish kuni munosabati bilan poytaxtdagi Amir Temur xiyoboni atrofida otlar paradi bo‘lib o‘tdi (100 boshga yaqin zotdor ot qatnashdi). Milliy gvardiya va ichki ishlar organlari otliq kavaleriya bo‘linmalari ishtirokidagi paraddan “Gazeta.uz” fotoreportaj tayyorladi.
Toshkentdagi “Ashxobod” ko‘ngilochar bog‘i direktori, uning o‘rinbosari va reklama bo‘limi boshlig‘i ommaviy tadbirlar o‘tkazish qoidalarini buzgani va boshqa huquqbuzarliklar uchun 15 sutkaga qamaldi. Ularning “tekinga narsa tarqatish” aksiyalari bog‘da 40 mingga yaqin odam to‘planishi va xavf tug‘dirishga sabab bo‘ldi.
Yakshanba kuni Qatar Airways aviakompaniyasining Doha-Toshkent yo‘nalishi bo‘yicha birinchi reysi uchib keldi. Muntazam parvozlar haftasiga to‘rt marta, Airbus A320 samolyotlarida amalga oshiriladi. Toshkent kompaniya uchun Markaziy Osiyoga qatnov yo‘lga qo‘ygan Olmaotadan keyin ikkinchi shahar hisoblanadi. Foto.
Guliston shahridagi lak-bo‘yoq mahsulotlari ishlab chiqarish omborida yong‘in sodir bo‘ldi. Yong‘in tunda kelib chiqdi va ikki soatda o‘chirildi. Hodisa oqibatida bino tom qismi va 2 ta yuk mashinasi qisman zararlandi.
Qo‘shimcha imkoniyatlardan foydalanish uchun saytda ro‘yxatdan o‘ting